Jahon | 22:34 / 24.12.2024
11191
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?

Uch yillik urushning yakuniga sanoqli oylar qolgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi umidlar aslida sarob bo‘lishi ehtimoli yuqori. Nega? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda so‘z yuritdi.

Ikki oydan keyin, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga roppa-rosa uch yil to‘ladi. Bu urush dunyo geosiyosatiga ta’sir qildi va qilmoqda. Urushning natijalari possovet davlatlari uchun ayniqsa ahamiyatli. Urush boshlangan birinchi yil dunyo afkor ommasi, jumladan, O‘zbekiston jamoatchiligi ham juda katta e’tibor va tashvish bilan kuzatdi. Lekin keyingi bir yilda bu urush jamoatchilik fikrida standartlashdi, oddiy holat deya qabul qilinmoqda. Shunday bo‘lsa-da, urushni tahlil qilib borish juda muhim, ayniqsa Markaziy Osiyo, O‘zbekiston uchun.

Keyingi vaqtlarda Rossiya va Ukraina rasmiylarining bu urush atrofida bildirayotgan fikrlari “urush tugaydimi?”, “tugasa, qachon va qanday shartlar asosida tugaydi?” degan savollarga qisman javob bera oladi.

O‘tgan xafta,19 dekabr kuni Putin “Pryamaya liniya” muloqotida “Ukraina bilan muzokaralarni istaymiz, lekin, legitimligi yo‘q Zelenskiy bilan muzokaralar stoliga o‘tirmaymiz” degan mazmunda bayonot berdi. Xo‘sh, bu nima degani? Putin nimaga erishmoqchi?

Ma’lumki, Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, shu yilning may oyida mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovlari bo‘lishi kerak edi. Lekin, urush sababli, saylovlar bo‘lmadi. Ukraina davlat organlari Zelenskiyni “harbiy holat sababli, prezidentlik vakolatlarini bajaraveradi” degan siyosiy konsensusga kelishdi.

Aslida, Putin uchun Zelenskiyning legitimligi umuman qiziq emas. Putin uchun, bir tomondan, Ukraina davlatini obro‘ysizlantirish, boshqa tomondan, muzokaralar uchun yo‘lni yopish muhim. Sabablari ko‘p.

Birinchidan, Putin Yevropa va AQShdagi “tinchlik va muzokaralar tarafdorlari” hisoblanmish siyosiy kuchlarni, jumladan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Sallivan kabilarni tinchlantirish, “men muzokaralarga tayyorman, lekin Ukraina tayyor emas” degan qarashga erishmoqchi.

Ikkinchidan, Putin bugun Ukrainada yutkazayotgani yo‘q. Ukraina urushdan toliqqan, G‘arbning berayotgan harbiy yordami g‘alaba uchun yetarli emas. Rossiya esa o‘tgan uch yil ichida urushga ancha moslashib oldi. Bugun tashabbus – Putin tarafida. Putinning asosiy maqsadi – imkon qadar vaqtni cho‘zish. Trampning inauguratsiyasiga qadar Kursk viloyatidan Ukrainani to‘liq chiqarib tashlash. Qolaversa, u imkon qadar chuqurroq Ukraina ichiga kirib borish niyatida.

Uchinchidan, Putin muzokaralar orqali urushni muzlatishni mutlaq istamaydi, chunki urush hozirgi chegaralarda to‘xtasa, G‘arb Ukrainani qurollantirishidan qo‘rqadi. Ukrainaning NATOga qolgan hududlari bilan kirishidan qo‘rqadi. Putinning maqsadi – Ukrainani davlat sifatida yo‘q qilish va uning NATOga kirishida ma’no qoldirmaslik. Shuning uchun, Putin urushni cho‘zishdan manfaatdor.

To‘rtinchidan, keyingi salkam uch yil ichida Rossiya iqtisodiyoti harbiy o‘zanga o‘tdi. Rossiya matbuoti urush propagandasi bilan to‘yindi, hattoki, o‘quv darsliklari ham “g‘arb – dushman” degan qarashga asoslanib ulgurdi. Ijtimoiy munosabatlar va ijtimoiy kayfiyat ham urushga kuchli bog‘langan. Agar Putin urushni to‘xtatsa, u yana qaytadan butun boshli davlat tizimini isloh qilishi, propaganda orqali shakllantirilgan dunyoqarashga yangi javoblar o‘ylab topishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, urushni to‘xtatishdan ko‘ra, uni davom ettirish – Putin uchun qulayroq.

Rossiya va Ukraina bir-biriga ishonmaydi. Rasmiy Kiyev Rossiyaning “yarashuviga” ishonmaydi. Chunki, 2014 yilda Qrim bosib olingach, oradan 8 yil o‘tib, 2022 yil fevralda Putin yana Ukrainaga bostirib kirdi. Ukraina o‘zi uchun yagona xavfsizlik kafolatini ko‘rmoqda – bu NATOga a’zo bo‘lish.

Rossiya uchun Ukrainaning ozroq qismi bo‘lsa-da, NATOga a’zo bo‘lsa – bu mag‘lubiyat deb qabul qilinadi. Shuning uchun Putin imkon qadar Ukrainaning kattaroq hududlarini bosib olishga, uning NATOga va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga cheksiz to‘siq qo‘shishga intiladi. Demak, urushni muzlatish – Putinning rejalariga to‘g‘ri kelmaydi.

Tramp urushni to‘xtatishga harakat qiladi. Lekin, oson bo‘lmaydi. Rossiyani urushdan to‘xtatish va muzokaralar stoliga o‘tirg‘izish uchun, Tramp Putinga juda kuchli tahdid qilishi kerak bo‘ladi. Agar Putin qo‘rqmasa-chi? Agar Putin ohista urushni davom ettiraversa-chi? Shunda Tramp Ukrainaga cheksiz harbiy yordam bera oladimi? Putin Trampning “tahdidi”ni qabul qilishi ehtimoli yuqori emas. Chunki Putin urushni hozirgi chegaralarda to‘xtatsa, bu Ukrainani ham, Rossiyani ham qoniqtirmaydi. Ikkala taraf ham yana urushga tayyorgarlik ko‘radi, va ko‘p o‘tmasdan, urushning yangi fazasi boshlanadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid