O‘zbekiston | 10:29 / 25.05.2024
8253
3 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi 

Oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’lim ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.

Foto: Kun.uz

“Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga asosan ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari bo‘lgan yetim bolalar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi;
  • alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi;
  • xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi;
  • ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi;
  • oliy ta’lim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1 iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.

Mavzuga oid