Jahon | 03:39 / 30.05.2021
39863
6 daqiqa o‘qiladi

500 million dollar qarz, «Belavia» uchun yangi reyslar va yaxtada tushlik. Putin va Lukashenko Sochida yana uchrashdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Lukashenko uchrashuvga maxsus hujjatlar solingan chemodan bilan bordi va undagi ma'lumotlar haqida tez-tez eslatdi. Yopiq eshiklar ostidagi uchrashuv 5 soatdan ortiq davom etgan. Xo‘sh, bu uchrashuvda nimalar haqida so‘z borgan?

Hech kimga ishonib bo‘lmaydigan diplomat

Uchrashuvning rasmiy ochiq qismida asosan Lukashenko gapirdi. Odatda shunaqa bo‘ladi, Putin ommaning oldida yoki kamera qarshisida gapirishni xushlamaydi. Ochiq uchrashuvda ko‘pchilikning e'tiborini Lukashenko o‘zi bilan birga olib borgan diplomat tortdi. Belarus prezidenti unda qandaydir muhim hujjatlar borligi haqida bir necha marta gapirdi.

Bir necha kun avval Lukashenko Belarus parlamenti vakillari bilan uchrashib, u yerda Putin bilan nimalar haqida gaplashishini aytgandi. Lukashenkoga ko‘ra, ular Putin bilan asosan iqtisodiy masalalarni muhokama qilishi va go‘yoki oxirgi vaqtlarda sodir bo‘lgan voqealarga (Ryanair samolyotining to‘xtatilishi nazarda tutilmoqda) e'tibor qilmasligi kerak edi. Lekin Lukashenko Putin bilan uchrashuvning ochiq qismidayoq samolyot to‘xtatilishi haqida bir necha marta gapirishga ulgurdi. Bu esa yopiq eshiklarda o‘tgan 5 soatlik suhbat asosan mana shu mavzuda o‘tganidan dalolat beradi.

Putin esa o‘z odatiga ko‘ra xotirjamlik bilan mehmonning gaplarini eshitdi. Putin Lukashenkoning ochiq uchrashuvdayoq samolyot to‘xtatilishi haqida gapirganini eshitar ekan bundan tashqari ham gaplashadigan masalalar borligini aytdi. Putin samolyot to‘xtatilishini nima deb atashni bilmay bir oz to‘xtab qoldi va uni shunchaki o‘sha voqea deb atay qoldi.

Shuningdek, Putin bu shunchaki oddiy uchrashuv ekanini bildirmoqchi bo‘lganday so‘zini shunday boshladi: «Havo yaxshi, balki dengizda cho‘milarmiz?» Lukashenko esa juma kuni chaqirilgani yaxshi bo‘lgani, dam olish kunlarida dengizda zavqlanish mumkinligini aytib, iltifotga minnatdorlik bildirdi.

«Axir prezidentning samolyotini to‘xtatishgandi»

Putin uchrashuv vaqtida 2013 yil sodir bo‘lgan bir voqeani esladi. O‘shanda Boliviya prezidenti Evo Moralesning samolyoti Venada to‘xtatilgan va ichidan AQShning sirlarini ochib tashlagan MRB sobiq agenti Eduard Snouden qidirilgandi. O‘shanda Morales Moskvada gaz eksport qiluvchi davlatlar sammitida qatnashib qaytayotgan va sammit vaqtida Boliviya Snoudenga siyosiy boshpana berishga tayyorligini aytgandi. Biroq samolyot ichida Snouden bo‘lmagani aniqlangach, uni yana uchirib yuborishgan.

«O‘z vaqtida Boliviya prezidentining samolyotini to‘xtatib, prezidentni samolyotdan tushirishgandi. Lekin hech narsa bo‘lmagandek jimlik bo‘lgandi», dedi Putin o‘sha voqeani eslab. «Men sizga bu haqda ma'lumot beraman. O‘zaro ishonchli munosabatda ekanimiz sabab ba'zi hujjatlarni ko‘rsataman. [Ularni ko‘rgach] siz nima bo‘lganini yaxshiroq tushunib olasiz va ular aslida kimlar bo‘lganini bilasiz».

1,5 milliard dollarlik qarz

Ma'lum bo‘lishicha, Lukashenko va Putin Rossiyaning Belarusga qarz berishi borasida kelishuvga erishgan. Ya'ni oldinroq kelishilgan kreditning ikkinchi transhi berilishi kelishib olingan. Hozirgacha kredit paketining 1 milliard dollarini olgan Belarus bu uchrashuvdan keyin yana 500 million dollar pul oladi.

«Belavia» uchun yangi reyslar

Belarusda «Ryanair» samolyoti to‘xtatib qolingach, Yevropa mamlakatlari Belarus samolyotlari, xususan, milliy aviakompaniya «Belavia» uchun o‘z osmonini yopdi. Bu esa belaruslar uchun jiddiy muammolar yuzaga keltirdi, chunki ular boshqa mamlakatga bora olmay qolishdi. Bu muammoning yechimini ham Lukashenko Rossiya orqali topdi. Putin bilan uchrashuvdan keyin «Belavia» Rossiyaga yangi reyslarni ochadigan bo‘ldi. Endi belarusliklar Yevropadan yoppasiga Rossiya orqali qaytadigan bo‘ldi. Shuningdek, bu qarorning sabablaridan biri sifatida ko‘plab belaruslarning Qora dengiz bo‘yida dam olishi keltirilgan.

Ikkinchi kunda Lukashenko va Putin Qora dengizdagi yaxtada tushlik qilishdi. Lukashenkoga kichik o‘g‘li Nikolay hamrohlik qildi.
Sergey Ilin / RF prezidenti matbuot xizmati /TASS

Qora dengizda cho‘milishmadi

Putin uchrashuv boshida Lukashenkoni Qora dengizda cho‘milishni taklif qilgandi. Biroq norasmiy uchrashuv vaqtida havo cho‘miladigan emasdi va yuqori martabali mehmonlar Putinning yaxtasida dengizni aylanishdi. Rus nashrlarining ta'biri bilan aytganda, «ishchi cho‘milish» bo‘lmadi. Ularning ovqatlanishi vaqtida Belarus prezidentining o‘g‘li Maksim ham doimiy hamrohlik qildi. Prezidentlarning yaxtadagi suhbatlari ikki rahbarning puliga qarashli kanallarda tarqaldi.

Putin va Lukashenko Nexta sobiq bosh muharriri Protasevich bilan birga qo‘lga olingan Rossiya fuqarosi Sofiya Sapegi masalasini ham muhokama qilgan. Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin bu masala qonuniy hal qilinishi tarafdori ekanini aytgan. Shuningdek, Peskov Sapegi Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun mamlakat bu holatga befarq bo‘lmasligini, lekin u qizning Belarusda vaqtinchalik yashash hujjati bo‘lganini ham eslatgan.

Ekspertlarning aytishicha, Putin Lukashenkodan Rossiya fuqarosi bo‘lgan qizni qo‘yib yuborishni so‘raganda, Belarus bu talabni bajargan bo‘lardi. Biroq Rossiya prezidenti buni so‘ramagan.

Putin bilan Lukashenko uchrashuvi fonida Belarusga qarshi sanksiyalar qo‘llash davom etmoqda. AQSh 3 iyun kuni Belarus davlat korxonalariga qarshi sanksiyalar e'lon qilinishini aytdi.

Mavzuga oid