O‘zbekiston | 20:40 / 30.10.2017
26216
6 daqiqa o‘qiladi

Foto: Samarqanddan Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov ochildi

Bugun, 30 oktabr kuni Samarqand xalqaro aeroporti bayramona tus oldi. Turkiya Respublikasining eng yirik va qadimiy shahri Istanbulga ko‘hna Samarqanddan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov ochildi.

Shahar jamoatchiligi, jurnalistlar, ilk aviareys yo‘lovchilari karnay-surnay sadolari bilan kutib olindi. Ular uchun o‘zbekcha va turkcha milliy sho‘x raqslar va qo‘shiqlar ijro etildi.

Aviaqatnovning ochilish marosida so‘zga chiqqan Samarqand shahri hokimi Furqat Rahimov Prezidentning yaqindagina Turkiya Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifiga urg‘u berib, o‘sha tashrif natijasi o‘laroq aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani, ushbu aviareys Samarqand shahrida turizm va ishbilarmonlikning rivojlanishiga katta turtki berishini ta'kidlab o‘tdi.

So‘zga chiqqan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tashqi aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Ayubov, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodov yig‘ilganlarni tabriklab, o‘z dil izhorlarini bildirishdi.

Shundan so‘ng martabali mehmonlar lentani qirqib, aviaqatnovni ochib berishdi. Yo‘lovchilar aerovokzal hududiga kiritildi.

Bayramona bezatilgan Samarqand xalqaro aeroporti xodimlari Istanbulga ilk reysda yo‘l olgan yo‘lovchilarni esdalik sovg‘alari bilan qarshi olishdi. Yo‘lovchilardan so‘raganimizda yangi yo‘nalishda aviachiptalar har ikki tarafga taxminan 4 mln. so‘mga xarid qilinganini bildirib o‘tishdi.

Qayd etish joizki, yo‘lovchilar Istanbulga zamonaviy Boing-757 avialaynerida yo‘l olishadi. 180dan ziyod yo‘lovchini o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan ushbu samolyotga 177ta chipta sotilgan. Ya'ni, bu hol aviaqatnovga shaharliklarning talabi yuqori ekanligini namoyon etib turibdi. Yo‘lovchilardan birini suhbatga tortdik:

— Men Xudoyqulova Nafisa, samarqandlikman, Turkiyaga turmushga chiqqanman. 14 yildan beri Turkiyaning Istanbul shahrida yashayman. Farzandlarimni Samarqanddagi maktabga o‘qishga berganman. Ilgari Toshkent orqali yiliga 2-3 marta uyga kelib ketar edim. Endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib turish uchun sharoit yaratildi.

Turkiyalik tadbirkor, Mehmet Atesh Yakar ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

— Men Samarqandda biznes bilan shug‘ullanaman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga safari, u yerda imzolangan bitimlarni katta qiziqish bilan kuzatdim va xursandchilik bilan qarshi oldim. Ushbu reysni yo‘lga qo‘ygan «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviashirkatiga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bunday qadamlarni «Turk havo yo‘llari» shirkatidan ham kutib qolamiz. Nainki Samarqand, balki, Buxoro, Urganch kabi shaharlarga ham Turkiyaning shaharlaridan tezroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochilishini istar edim. Chunki, O‘zbekistonning buyuk tarixini o‘z ko‘zim bilan ko‘raman, madaniyat va ilmu-urfon beshigi bo‘lgan ko‘hna shaharlarini ziyorat qilaman degan vatandoshlarim ko‘p. Chunki muhtaram prezidentimiz televizor ekranlarida Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Madaniyat, ma'rifat istagida bo‘lganlar Samarqandga, Buxoroga ketib ko‘rsin», deb bir necha bor takrorlagan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tashqi aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Ayubov KUN.UZ muxbirining savollariga javob qaytardi.

— Samarqanddan Istanbulga uchish vaqti Toshkent – Istanbul yo‘nalishiga nisbatan 30–40 daqiqaga tezroq amalga oshiriladi.

— Bevosita faoliyatingizdan kelib chiqib savol: Buxoroga ham shunday xalqaro reyslar ochish mo‘ljallanayaptimi?

— Nafaqat Samarqand va Buxoro, shuningdek, Urganch shahriga ham turizmni rivojlantirish uchun xalqaro reyslarni ochish va ularning davriyligini ko‘paytirish ustida ish olib borilmoqda.

— «Turk havo yo‘llari» aviakompaniyasi ham Samarqandga o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovini kelgusi yilning 16 martidan e'tiboran yo‘lga qo‘yishi haqida ma'lumotlar paydo bo‘lmoqda...

— Endi u aviakompaniyaning rejalari nimadan iborat ekanligiga biz javob bera olmaymiz. Darhaqiqat, ularda bahorning mart oylarida reys ochish rejasi bor edi. Lekin Prezidentimizning Turkiyaga qilgan tashrifi chog‘ida «mart oyini kutib nima qilasizlar, oktabr-noyabr oylarida tezlashtirib, ochib yuborish kerak», deganini barchamiz eshitdik. Balkim «Turk havo yo‘llari» ham ushbu chorlovga javob sifatida o‘z reysini tezlashtirib ochib yuborar.

Endi har dushanba kuni Samarqanddan Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchish mumkin bo‘ladi. 16 noyabrdan boshlab esa payshanba kunlari ham doimiy reys ochilishi kutilmoqda. Ilgari Istanbulga uchish uchun Toshkentga yetib borish uchun sarflanadigan vaqtda Istanbulning o‘ziga yetib borish mumkin. Samarqanddan dushanba kungi reyslarda soat 20:00da, payshanba kunlari esa soat 18:55da parvoz amalga oshiriladi. Milliy aviakompaniyaning press-relizida ma'lum qilinishicha, Toshkent va Istanbul o‘rtasida amalga oshirilayotgan reyslar sonida o‘zgarishlar bo‘lmaydi.

 

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ muxbiri.

Suratlar muallifniki.

Mavzuga oid