Jamiyat | 13:49 / 14.11.2024
9382
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi

Isuzu avtobusi maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan, bola voqea joyida vafot etgan. Haydovchi qo‘lga olingan.

Foto: Samarqand viloyati YHXB

Samarqand shahridagi maktablardan birining yaqinida yo‘lovchi avtobusi o‘quvchini urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa bugun, 14 noyabr kuni soat taxminan 8:00 larda Kamoliddin Behzod mahallasi hududida joylashgan 12-sonli maktab oldida yuz bergan.

Haydovchi Isuzu avtobusini Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotib maktab yaqinida yo‘lni o‘ng tomonidan chap tomoniga kesib o‘tayotgan 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Oqibatda bola voqea joyida vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Haydovchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchisi maktab oldida katta tezlikda harakatlangani haqida xabar tarqalgan.

O‘zbekistonda maktab va bog‘chalar yaqinida ta’lim jarayoni bo‘lib o‘tadigan kunlarda maksimal tezlik soatiga 30 km etib belgilangan, ko‘plab maktablar oldida tezlikni soatiga 30 kilometrgacha cheklovchi yo‘l belgilari o‘rnatilgan, lekin aksariyat haydovchilar bu cheklovga amal qilmaydi.

Mavzuga oid