Jahon | 18:03 / 18.06.2024
14228
2 daqiqa o‘qiladi

“Boylar xalqqa qaytaradi” – Tashiyev 90-yillarda noqonuniy xususiylashtirilgan obektlar davlatga qaytarilishini aytdi

Qirg‘izistonda 90-yillarda noqonuniy ravishda xususiylashtirilgan korxona va obektlar davlatga qaytariladi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev 14 iyun kuni Qorasuv tumani aholisi bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Foto: Videodan kadr

Tashiyev boylarning mol-mulklari qonuniyligi tekshirilishini ta’kidladi.

“Avvalgi notinch davrlarda ular xalq boyligini, korxonalarni arzon pulga sotib olgan yoki korrupsiya orqali xususiylashtirishgan. Ular xalq mulkiga egalik qilib, 30 yil davomida boyib kelgan. Hammasini tartibga solish kerak. Bu xalqning boyligi. Biz buni ro‘yxatga kiritamiz. Bir necha kishi emas, balki butun xalq boyishi kerak.

Bir necha kishi millionlab qirg‘izistonliklarning boyligiga ega chiqdi. Bularning barchasini davlatga qaytarish kerak. Hechqisi yo‘q, biz ularni qonun doirasida qaytaramiz”, — dedi Qamchibek Tashiyev.

U Jalolobod viloyatini misol keltirib, hududdagi uchta yirik baza davlatga qaytarilganini aytdi. Qaytarilgan bazalardan biri sobiq deputat Quvanichbek Tumanovlar oilasiga tegishli bo‘lgan.

“Ularning o‘rniga biz maktab va Davlat ipoteka kompaniyasi uchun uy quramiz”, — dedi Tashiyev.

2023 yil may oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonda korrupsiyaga qarshi kurashning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qilgandi. Ta’kidlanishicha, kurash uch bosqichdan iborat. 

2024 yil avvalida Tashiyev mamlakatda bandit, uyushgan jinoiy guruhlar, kriminal avtoritetlar bo‘lmasligini qayd etgandi.

Mavzuga oid