Jamiyat | 20:23 / 31.12.2018
24155
2 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Qarshi shahri markazida «Vatanparvarlar bog‘i»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28-29 yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosini ta'minlash, viloyatda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktab o‘quvchilarida harbiylik kasbiga havas uyg‘otish maqsadida Qarshi shahri markazida «Vatanparvarlar bog‘i» bunyod etildi.

Shu maqsadda 7 gektar maydon obodonlashtirilib, muzey va blindaj (dala istehkomi) qurildi, ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan o‘zbekistonliklar xotirasi abadiylashtirildi. Muzey atrofida tarixiy harbiy texnikalar joylashtirildi. 

Bog‘ markazida O‘zbekiston xaritasining ulkan maketi barpo etilgan. Unda xar bir hududning buyuk siymolari, qadimiy obidalari, serviqor tog‘lari, bepoyon kengliklarigacha aks etgan. 

Bularning barchasi yoshlarning tarix haqidagi bilimlarini oshirib, mamlakatimizdan, ajdodlarimizdan, milliy armiyamizdan g‘ururlanish tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Bog‘dagi sun'iy ko‘l, amfiteatr, o‘q otish va qoyaga chiqish joylari yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, salomatligini mustahkamlashga yordam beradi.

Parashyutdan sakrash maydonchasi, Mudofaa vazirligi taqdim etgan harbiy texnika, tank va samolyotlar maketlari o‘rnatilgan. Ular haqidagi ma'lumotlarni, har bir maket yoniga o‘rnatilgan axborot doskachalaridan olish mumkin. 

Bog‘ga tashrif buyuruvchilarning maroqli va mazmunli hordiq chiqarishlari uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan.

Mavzuga oid