Qarshi shahridagi «Otchopar» mahallasiga ichki yo‘llarning holati bilan bog‘liq muammoni o‘rganish uchun borgan edik. Ammo mahalla ahli bilan suhbatlashish asnosida yana bir jiddiy muammo — maktab yetishmasligi haqidagi muammo yuzaga chiqdi.
Ma'lum bo‘lishicha, mazkur mahalladagi 44-maktab 2004 yilda 434 o‘rinli qilib qurilgan. Maktab qurilgan paytda mahalladan yer uchastkasi olgan fuqarolarning bir qismi ko‘chib kelgan, boshqalari uyini endi ko‘tarayotgan bo‘lgan. Oradan vaqt o‘tib, mahalla ahlining asosiy qismi ko‘chib kelganidan so‘ng atrofda boshqa maktab yo‘qligi uchun ushbu maktabda o‘quvchilar soni keskin oshib ketgan.

Bugungi kunda ushbu maktabda 1600 nafardan ko‘proq o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy yilning sentyabrida maktab ma'muriyati 21ta sinfni Qarshi shahar maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga joylashtirgan. Bundan uch hafta oldin kollej binosi Qarshi davlat universitetiga berilgan. Shundan so‘ng batamom chorasiz qolgan maktab ma'muriyati o‘quvchilarning bir qismini sobiq mahalla idorasi va uning yonida joylashgan sobiq MTM binosiga ko‘chirgan. Qisman ta'mirlangan ushbu binodan maktab filiali sifatida foydalanilmoqda.
Biz filialni ko‘zdan kechirganimizda u yerda o‘quvchilar og‘ir sharoitda ta'lim olayotganiga guvoh bo‘ldik.

O‘qituvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, filialda bugun 14ta sinf, 375 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil olayapti. Ammo mahalla idorasi va MTMning sobiq binolari ta'lim talablariga umuman javob bermaydi. Mahalla ahlining ma'lum qilishicha, 2014 yilda yangi 4-5 gektar joy maktab qurilishi uchun qoldirib ketilgan. O‘sha joy bugun ham bo‘sh turibdi. Agar bu yerda maktab qurilsa, hududda ko‘pchilikni qiynayotgan muammo o‘z yechimini topadi. Biroq, bir necha yildan beri maktab qurilishi boshlangani yo‘q.

Bugun 44-maktabda ta'lim olayotgan bolalarning bir qismi 2–2,5 km, maktab filialida o‘qiyotgan o‘quvchilar esa kamida 3–3,5 km masofaga qatnab o‘qishyapti. Ota-onalarning aytishicha, ikkinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar uyiga yetib borguncha kech bo‘lib ketadi. Bu holat esa ularni xavotirga solmoqda.
Maktabda sinf xonalari yetishmayotgani bois, ma'muriyat direktor xonasi, kutubxona, o‘qituvchilar xonalarini sinfxonalar uchun bo‘shatib berib, maktab binosining katta zalini gipskarton bilan xonalarga ajratib, u yerdan ma'muriy xonalar sifatida foydalanmoqda.


















