“Tonirovka” uchun ruxsatnoma, pastlaydigan sement narxi. 1 oktyabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?
Kun.uz sayti o‘z an'anasiga muvofiq 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Tsement ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘ining stavkasi pasaytiriladi
Prezident qaroriga muvofiq, sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytiriladi.
Avtomobil oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsatnoma berish YaIDXP orqali amalga oshiriladi
Hukumat qaroriga asosan 2021 yil 1 oktyabrdan avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko‘rsatiladi.
Elektromobillar uchun alohida davlat raqami belgilari berish boshlanadi
Hukumat qaroriga asosan 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab elektromobillar uchun alohida farqlovchi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari berish boshlanadi.
Respublikaning barcha tuman (shahar)larida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi
Prezident qaroriga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari respublikaning barcha tuman (shahar)larida tashkil etiladi. Shu munosabat bilan tuman (shahar) miqyosidagi bir qator davlat tashkilotlaridagi yuridik xizmat shtatlari tugatiladi.
Auksion g‘olibi tomonidan obekt qabul qilinganligi tasdiqlanganidan so‘nggina pul mablag‘lari buyurtmachiga o‘tkazib beriladi
Prezident qarori bilan ishtirokchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida elektron onlayn-auksion natijalari bo‘yicha pul mablag‘lari «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUKning maxsus hisob raqamida yig‘iladi va auksion g‘olibi tomonidan obekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan so‘ng, ular buyurtmachi hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Eng nufuzli 500talik ro‘yxatdagi xorijiy OTMlarni bitirgan davlat tashkilotlaridagi yosh xodimlarga ustama to‘lab boriladi
Prezident farmoniga asosan davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarni tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab boriladi.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining bir qator nazorat funksiyalari bekor qilinadi
Prezident farmoniga asosan quyidagilar bekor qilinadi:
- qat'iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
- alohida tayyor import iste'mol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq.
Shuningdek, ro‘yxatga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim nazorat funksiyalari bekor qilinadi.
«Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postlari tashkil etiladi
Prezident farmoni bilan Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha boshqarmalarida «Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postlari tashkil etiladi.
«Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postlari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron bojxona yuk deklaratsiyalarining masofaviy bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.
Farmonga binoan chegara bojxona postlaridagi inspeksion ko‘rik majmualari (rentgen) bilan ishlash guruhlari xodimlariga zararli mehnat sharoitlari uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining 40 foizi miqdorida har oylik ustama beriladi.
Qiymati 200 milliard so‘mdan oshadigan investitsiya loyihalarini zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlash Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, investorning qiymati 200 milliard so‘mdan oshadigan, uning o‘z mablag‘lari ulushi 25 foizdan kam bo‘lmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarini zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlash Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi
Prezident qaroriga asosan qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muddatga ko‘p kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi.
Bunda, quruvchi tomonidan mazkur vazifani amalga oshirish uchun shartnomaga asosan boshqaruvchi tashkilot jalb qilinishi mumkin. Shuningdek, birinchi ikki yil ichida ko‘p kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni ellik foizdan oshgan taqdirda, mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yig‘ilishning qaroriga muvofiq ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi.
Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar foizi kamayadi
Prezident qaroriga ko‘ra, Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga:
- jinoiy, fuqarolik, ma'muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar bo‘yicha davlat bojlari va jarimalar to‘lashdan Davlat budjetiga tushayotgan summalarning 5 foizi;
- ijro ishi bo‘yicha Davlat budjetiga undirilgan summalarning 5 foizi miqdoridagi ajratmalar (qarzdorning mol-mulkini sotish hisobiga soliq qarzdorligini undirish bundan mustasno) Jamg‘arma daromadlarini shakllantirish manbalari etib belgilandi.
Bungacha Jamg‘armaga ajratmalar miqdori 40 foizni tashkil etib kelgan.
Sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» orqali bepul xabar beriladi
Prezident qaroriga asosan 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish tartibi joriy etiladi.
Jismoniy shaxslarning malaka oshirishga yo‘naltirgan daromadlari daromad solig‘idan ozod qilinadi
Prezident qaroriga muvofiq, soliq to‘lovchi tomonidan tegishli xalqaro uyushmaga a'zo bo‘lish uchun a'zolik badallariga hamda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun nodavlat ta'lim tashkilotlariga yo‘naltiriladigan o‘zining ish haqi va boshqa daromadlari summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Bunda, mazkur soliq imtiyozlari bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobarigacha bo‘lgan summaga, shuningdek, o‘quv kursidan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda tegishli xalqaro uyushma a'zosi sifatida a'zolik badallari to‘lovini va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi
Prezident qaroriga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz IIV va Bosh prokuratura bilan birgalikda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etadi.
Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka e'lon qilib boradi
Prezident farmoniga asosan Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda kamida bir marotaba ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka e'lon qilib boradi.
Barcha davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi
Prezident qaroriga ko‘ra, barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur tuzilmalar korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish uchun mas'ul hisoblanadi.
Mavzuga oid
13:59 / 29.10.2024
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur, zargarlik buyumlari importida yengillik va chiqindi qarzdorligi uchun “jazo” – 1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
14:36 / 28.09.2024
Oshirilayotgan ish haqi, davlat xaridlaridagi shaffoflik va ovchilar uchun yangi tartib – 1 oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?
14:09 / 26.08.2024
Pensiyalar oshadi, o‘quvchilarga bepul avtobus va soliqchilarga yangi vakolat – 1 sentabrdan nimalar o‘zgaradi?
18:12 / 29.07.2024