O‘zbekiston | 18:18 / 27.08.2021
7951
10 daqiqa o‘qiladi

Paxtasanoat ilmiy markazi ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lida

Mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida texnologiyalar taraqqiyoti bugungi kunda har qachongidan ham muhimroq ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda paxta tozalash sanoatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi, sohaga resurs tejamkor texnika va texnologiyalarni tatbiq etish orqali paxtani qayta ishlash korxonalari faoliyatining samaradorligini oshirishga erishilmoqda.

Joriy yilda o‘zining 95 yillik bayramini nishonlayotgan “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ mazkur yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi yetakchi muassasa hisoblanadi. Uning tarixi sobiq ittifoq Bosh paxta qo‘mitasining 1926 yil 3 sentyabrdagi qarori asosida boshlangan. Mazkur qarorga binoan, Toshkent shahridagi 50-sonli zaxira zavodi ilmiy muassasa vazifalariga ega bo‘lgan Birinchi tajriba paxta tozalash zavodiga aylantirilgan.

Turkistonda 1917 yilgacha mavjud bo‘lgan 296 ta paxta tozalash korxonalaridan qolganlari orasidan tanlab olingan tajriba zavodida paxtani qayta ishlashning muammolarini ilk bor ilmiy yondashuvlar asosida hal etishga kirishilgan.

1936 yilda tajriba zavodi “Paxta tozalash sanoatining markaziy ilmiy-tadqiqot instituti” (“TsNIIXprom”)ga aylantirilgan va ushbu muassasa sobiq ittifoqning paxta yetishtiruvchi respublikalarida paxtani dastlabki qayta ishlash sohasining barcha masalalarini muvofiqlashtiruvchi ilmiy tashkilot sifatida uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yil 23 fevralda qabul qilingan “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyatining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3559-sonli qarori respublika paxta sanoatida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish uchun huquqiy zamin yaratdi.

Mazkur qarorga asosan “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyatiga paxtani qayta ishlash sohasidagi yagona davlat ilmiy-texnikaviy siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, paxtani dastlabki qayta ishlash doirasida ilmiy-texnikaviy va innovatsion faoliyatni amalga oshirish, tarmoq korxonalari faoliyatini reglamentlashtiruvchi me'yoriy-texnik, instruktiv va tashkiliy-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish, o‘quv jarayonlari orqali sohadagi mutaxassislarning malakasini oshirish, yangi mahalliy ilmiy, yuqori unumli va raqobatbardosh texnologik asbob-uskunalarni, ilmiy izlanishlardan to yakunlangan ilmiy-texnik mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq innovatsion davrni yaratish va paxta tozalash korxonalariga joriy etish doirasida ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish vazifalari yuklatildi.

Ilmiy markaz ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan va Prezidentimizning PQ-3559 sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida paxtani dastlabki qayta ishlash texnikasi va texnologiyasini 2018-2020 yillar davrida rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar Dasturi” doirasida o‘tgan yillar davomida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Ilmiy izlanishlar doirasida olimlarimiz tomonidan urug‘lik chigit tayyorlash, mashinada terilgan paxtani samarali tozalash uskunalari, takomillashtirilgan paxta quritkich, chiqindilardan tolani ajratuvchi regenerator, avtomatlashtirilgan zamonaviy energotejamkor jin uskunasi, takomillashtirilgan tola tozalagich, avtomatlashtirilgan linter uskunasi, paxta tolasining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlovchi akustik pribor, paxta xomashyosi navining iflosligini va namligini aniqlovchi avtomatlashtirilgan laboratoriya uskunasi, chigitning tukdorligini ekspress aniqlovchi akustik uskunalar yaratilib, ishlab chiqarishga joriy qilindi. Davlat ilmiy-texnik loyihalari bo‘yicha 2018-2020 yillar mobaynida 9 ta mavzuda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi, paxtani qayta ishlash bo‘yicha yaratilgan yangi turdagi ishlanmalar bo‘yicha 50 dan ortiq patentlar olindi.

8DP-90 rusumli arrali jin va ikki barabanli tola tozalagich respublikada bir nechta paxta tozalash korxonalariga joriy qilingan.

Jumladan, paxta xomashyosini qabul qilishda shaffoflikni ta'minlash uchun elektron tarozilar tizimi va qabul qilinayotgan paxta xomashyosi sifatini tezkor aniqlash mexanizmi yaratildi, paxta xomashyosining qayta ishlanishidan olinadigan mahsulotlar va ishlab chiqarish jarayonidagi kuyindilar me'yorlari, paxtani tayyorlash, tashish va saqlash jarayonidagi yo‘qotishlarning oldini olish, paxta tozalash korxonalarida foydalaniladigan materiallar sarfi, respublika dalalarida yetishtirilgan paxtaning rayonlashtirilgan va yangi joriy etilgan navlarining sanoatda qayta ishlanishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar, sohaviy me'yorlar va yo‘riqnomalar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 martdagi “2020-2021 yillarda ichki bozorlarda xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi 136-sonli qaroriga asosan 2020 yilda ilmiy markaz ishtirokidagi loyihalar doirasida umumiy qiymati 1,6 mlrd so‘mlik 8 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi.

"Paxtasanoat ilmiy markazi" AJ paxta va paxta mahsulotlarini standartlashtirish bo‘yicha bazaviy tashkilot sifatida ilmiy markaz qoshidagi “Paxta” texnik qo‘mitasiga a'zo idoralar bilan birgalikda 40 tadan ortiq amaldagi davlat standartlari bo‘yicha mahsulotlarning sifatiga belgilangan talablarni ko‘rib chiqadi. Ayni vaqtgacha paxta, paxta tolasi, texnik chigit, paxta momig‘i bo‘yicha texnikaviy shartlar va ushbu mahsulotlarga tegishli sinash usullarining davlat standartlari xalqaro va rivojlangan davlatlar standartlari bilan uyg‘unlashtirilib, zamon talablari asosida tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Shuningdek, ilmiy markaz qoshidagi standartlashtirish bo‘yicha MTK-292 Davlatlararo texnik qo‘mita tomonidan respublikamizning davlat standartlari asosida ishlab chiqilgan hamda paxta yetishtiruvchi hamdo‘stlik mamlakatlari foydalanishi uchun mo‘ljallangan davlatlararo standartlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni belgilangan tartibda kelishish va tasdiqlash jarayonlari davom etmoqda.

Bugungi kunda "Paxtasanoat ilmiy markazi" AJda mamlakatimiz paxta-to‘qimachilik klasterlari tarkibidagi paxtani dastlabki qayta ishlash korxonalari uchun paxta xomashyosining tashqi ko‘rinish namunalari (etalonlari)ni tayyorlash, markaziy va tayyorlov maskan laboratoriyalari faoliyatida zarur bo‘lgan o‘lchash, sinash, tahlil qilish bo‘yicha uskuna va jihozlarni ishlab chiqarish hamda ularni ta'mirlash, texnologik reglament asosida uskunalarning oraliq qistirmalari va aerodinamikasini sozlash, zamonaviy laboratoriyada klasserlik usulida tolaning nav va sinfini aniqlashni o‘rgatadigan “klasserlik maktabi” ham tashkil qilingan. Tolaning yigiruvchanligi va kalava ipning nisbiy mustahkamligini aniqlash bo‘yicha dastlabki tahlillarni o‘tkazish, paxtani qayta ishlash uchun yangi turdagi ilmiy ishlanmalar asosida yaratilgan mashina va mexanizmlarni hamda ehtiyot qismlar namunasini ishlab chiqarish, ularni ta'mirlash bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash, paxtani qabul qilish maskanlari hamda paxta tozalash korxonalarida ishlayotgan mutaxassislar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish orqali ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Jamiyat tarkibidagi malaka oshirish markazi tomonidan 2018-2020 yillar davomida viloyatlar bo‘yicha soha korxonalaridan jami 1700 ga yaqin mutaxassis xodimlarning o‘quv markazining o‘zida va hududlarga tashrif buyurgan holda malakasini oshirishga erishildi. Shuningdek, paxta tozalash korxonalarini paxta qabul qilish mavsumiga tayyorlash va yaratilgan yangi ishlanmalar bilan tanishtirish maqsadida turli seminarlar tashkil qilindi.

Ilmiy markaz xalqaro miqyosda ham sohaning malakali xorijiy mutaxassislari va tadqiqotchilari bilan tajriba almashib, ilmiy-amaliy anjumanlarda mintaqaviy va global muammolar yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etib kelmoqda. So‘nggi yillarda ilmiy muassasaning Xalqaro paxta uyushmasi, Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita, Xalqaro paxtani tadqiq qilish assotsiatsiyasi, Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmog‘i bilan o‘zaro hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. 2018-2020 yillar davomida Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita (ICAC) ning Kot-d’Ivuar Respublikasi hamda Avstraliyada bo‘lib o‘tgan yalpi majlislarida, Tayvanda va AQShda tashkil etilgan ilmiy anjumanlarida o‘zbek delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Mazkur qo‘mita rahbarligida 2019 yilda Toshkentda o‘tkazilgan yig‘ilishda ilmiy markaz rahbari ikki yil muddatga Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmog‘ining raisi etib saylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktyabrdagi PF-6097-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan milliy reyting tizimini joriy etish belgilangan bo‘lib, unga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 26 ta vazirlik va idora tasarrufida faoliyat ko‘rsatayotgan jami 105 ta ilmiy tashkilotlardan so‘rov asosida ularning ilmiy-innovatsion faoliyatiga oid 27 yo‘nalish bo‘yicha 75 ta ko‘rsatkichdan iborat rasmiy ma'lumotlar tahlil qilindi, uning natijalariga ko‘ra ilmiy tashkilotlarning 2020 yildagi ilmiy-innovatsion faoliyati natijalari bo‘yicha milliy reytingi ishlab chiqildi.

Ilmiy tashkilotlarning 2020 yildagi ilmiy-innovatsion faoliyati natijalari bo‘yicha e'lon qilingan milliy reytingda “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ 105 ta ilmiy muassasa orasida faxrli 4-o‘rinni egalladi.

“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ Matbuot xizmati Ⓣ 

Mavzuga oid