Jamiyat | 16:04 / 20.04.2021
7895
9 daqiqa o‘qiladi

Paxtasanoat ilmiy markazi 95 yoshda: Xalqaro hamkorlik istiqbollari

O‘zining 95 yillik bayramini nishonlayotgan “Paxtasanoat ilmiy markazi” tarixi sobiq ittifoq Bosh paxta qo‘mitasining 1926 yil 3 sentyabrdagi qarori asosida boshlangan. Mazkur qarorga ko‘ra, Toshkent shahridagi 50-sonli zaxira zavodi ilmiy muassasa vazifalariga ega bo‘lgan Birinchi tajriba paxta tozalash zavodiga aylantirilgan. Paxtani qayta ishlashning muammolarini ilmiy yondashuvlar asosida hal etishga ilk bor ushbu tajriba paxta zavodida kirishilgan.

1936 yil 5 aprelda tajriba zavodi mamlakat paxta tozalash sohasida birinchi va yagona bo‘lgan “Paxta tozalash sanoati markaziy ilmiy-tadqiqot instituti” (“TsNIIXprom”) ga aylantirilgan. Ushbu institut respublikamizda va sobiq ittifoqdagi paxta yetishtiruvchi boshqa respublikalarda paxtani dastlabki qayta ishlash sohasining barcha masalalarini muvofiqlashtiruvchi birinchi ilmiy tashkilot sifatida mustaqillik yillarigacha faoliyat yuritgan, hozirgi vaqtda joriy nomi ostida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. 

Bir asrga yaqin vaqt davomida ilmiy dargohdan yetishib chiqqan 20 ga yaqin fan doktorlari va 70 dan oshiq fan nomzodlari darajasiga ega bo‘lgan olimlarimiz tomonidan shu vaqtgacha 6 turdagi quritish barabanlari, 9 turdagi paxtani tozalash mashinalari, 8 turdagi o‘rta va ingichka navli paxtadan tolani ajratish mashinalari, 3 turdagi tola tozalagichlar, shuningdek, paxtani qabul qilishdagi jarayonlar uchun 42 xil asbob-uskunalar yaratilgan. O‘tgan asrning 70-80 yillarida ilmiy muassasa tarkibida yangi yaratilgan paxta seleksiyasi navlarining yigiruvchanlik xossalarini aniqlash bo‘yicha yigiruv-ishlab chiqarish laboratoriyasi ham faoliyat yuritgan.      

Hozirgi vaqtda ilmiy markaz xalqaro miqyosda sohaning malakali xorijiy mutaxassislari va tadqiqotchilari bilan tajriba almashib, ilmiy-amaliy anjumanlarda mintaqaviy va global muammolar yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etib kelmoqda. So‘nggi yillarda ilmiy muassasaning Xalqaro paxta uyushmasi, Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita, Xalqaro paxtani tadqiq qilish assotsiatsiyasi, Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmog‘i bilan o‘zaro hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. 2018-2020 yillar davomida Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita (ICAC) ning Kot-d’Ivuar Respublikasi hamda Avstraliyada bo‘lib o‘tgan yalpi majlislarida, Tayvanda va AQShda tashkil etilgan ilmiy anjumanlarida o‘zbek delegatsiyasi tarkibida ilmiy markaz olimlari ham ishtirok etdilar.

Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita (ICAC) ning 77-yig‘ilishi (Kot-d’Ivuar Respublikasi, 2018 y.)

2019 yilning 9-11 sentyabr kunlari Toshkent shahrida Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita (ICAC) rahbarligida Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmog‘ining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish ishtirokchilarining ovoz berish jarayoni natijasiga ko‘ra,  «Paxtasanoat ilmiy markazi» AJ rahbari ikki yil muddatga Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmog‘ining raisi etib saylandi.

Mazkur ilmiy anjuman doirasida "Paxtasanoat ilmiy markazi" AJ ga ICAC ijrochi direktori Kay Xyuz hamda qo‘mitaning bo‘lim rahbarlari Andrey Gitchuns va Keshav Krantidan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Xorijiy mehmonlar markazning ilmiy arbitraj laboratoriyasi, standartlashtirish va metrologiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish bo‘limlari, shuningdek, eksperimental laboratoriya, malaka oshirish va axborot-resurs markazlari bilan tanishdilar va yuqori baho berdilar.

Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmog‘ining 8-yig‘ilishi (Toshkent, 2019 y.)
Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita (ICAC) rahbariyatining “Paxtasanoat ilmiy markaz” AJ ga tashrifi (Toshkent, 2019 y.)
O‘zbekiston delegatsiyasining Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mitaning Vashington shahridagi bosh qarorgohi tashrifi 
Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mitaning 78-yalpi majlisi (Avstraliya, 2019 y.)
Paxta tolasining nav-sinfini zamonaviy sinov vositalari yordamida tezkor aniqlash jarayoni (Toshkent, 2020 y.)

Hozirgi kunda ilmiy markazda Germaniyaning olim va mutaxassislari bilan hamkorlikda paxta tolasining milliy rang diagrammasini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Milliy rang diagrammasi paxta tolasining nav-sinfini zamonaviy sinov vositalari yordamida tezkor aniqlash imkoniyatini beradi. Shu maqsadda ilmiy muassasa tarkibidagi laboratoriyaga Germaniyaning Textechno kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Micronaire”-paxtaning mikroneyr ko‘rsatkichini, ingichkaligini va pishib yetishganligini, “Fibrotest”-paxta, ipak, sintetik, jun tolalarining uzunligini va mustahkamligini, “Fibrocolor”-paxta tolasi, uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar va to‘qimachilik mahsulotlarining rangini, “Optotest”-paxta tolasining rangini va oqlilik darajasini aniqlash uskunalari o‘rnatilib, ularda 18 ta sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha tekshirish o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Ilmiy markaz tomonidan 2020 yilda Textechno kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘quv seminar tashkil etildi, Unda kompaniya vakili Kungler Guntram zamonaviy paxta tolasining sifat ko‘rsatkichlarini o‘lchash tizimlari va undan samarali foydalanish bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarni berib o‘tdi.

Textechno kompaniyasi vakili Kungler Guntram ishtirokidagi o‘quv seminari jarayoni (Toshkent, 2020 y.)

2019-2020 yillarda xalqaro hamkorlik doirasida paxta-to‘qimachilik klasterlari uchun g‘o‘zani turli zararkunandalardan himoya qilish va hosil unumdorligini oshirish masalalari bo‘yicha Hindistonning biopreparatlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. 

Hindistonlik ekspertning paxta-to‘qimachilik klasterlari vakillari bilan uchrashuvi (Surxondaryo viloyati, 2019 y.)
Hindistonlik ekspert bilan dala sharoitidagi ish jarayoni (Surxondaryo viloyati, 2019 y.)

Paxta-to‘qimachilik klasterlari uchun juda dolzarb bo‘lgan yana bir masala bu- agrotexnik tadbirlar doirasida uchuvchisiz uchish vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, multispektral tahlil qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan texnologiyalarni joriy etishdir. Hozirgi vaqtda ilmiy markaz tomonidan mazkur yo‘nalishda katta tajribaga ega bo‘lgan Isroilning IT- texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilinmoqda.

"Paxtasanoat ilmiy markazi" AJ qoshida faoliyat yuritib kelayotgan “RIM Ustaxonasi” MChJda ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida zamonaviy SDB (sonli dasturli boshqariluvchi) dastgohlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasining “PERYTONE ENGINEERING” kompaniyasidan frezerlash va tokarlik dastgohlari, “UZSTANEX” kompaniyasidan plazmali metall qirqish dastgohi hamda Xitoy Xalq Respublikasining “ERMAK” firmasidan keltirilgan metall listlarni bukish dastgohlari ishga tushirildi. Ayni vaqtda korxonada Xitoy Xalq Respublikasining “HEBEI HANWU GROUP” kompaniyasi bilan hamkorlikda djin-linter uskunalari uchun disklar, kolosniklar, prokladkalar va remenlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Metalga ishlov beruvchi zamonaviy frezer ChPU - VCENTER-P106 
Metalga ishlov beruvchi zamonaviy Vturn-40 tokarlik dastgohi

O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijasida “RIM Ustaxonasi” MChJda paxtani dastlabki qayta ishlash korxonalari ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mingdan ortiq ehtiyot qismlar va o‘ttizdan ortiq uskunalar ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.

"Paxtasanoat ilmiy markazi" AJning 2021 yil 3 sentyabrda nishonlanadigan 95 yillik bayrami munosabati bilan ilmiy muassasa tomonidan bir qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, yubiley arafasida talabalar, yosh olimlar hamda muhandis-konstruktorlik kasbini egallagan barcha mutaxassislar o‘rtasida “Paxtani dastlabki qayta ishlash sohasidagi eng yaxshi g‘oya” nominatsiyasida tanlov e'lon qilish mo‘ljallanmoqda.

Bugungi kunda "Paxtasanoat ilmiy markazi" AJ turli tarmoqlardagi yetakchi ilmiy muassasalar kabi o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun ilm-fan va texnologiyalarning ilg‘or yutuqlarini milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini yuksaltirishga yo‘naltirish, xalqaro va xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlarining yetuk olimlari bilan qo‘shma loyihalar doirasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini eng muhim vazifalar sifatida belgilagan.  

Quliyev T.M.
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ
bosh direktori, t.f.d.

Ilmiy markaz matbuot xizmati

Mavzuga oid