21:24 / 13.01.2021
24313

Turkiya va BAA kompaniyalari Namanganda avtomobil zavodlari quradi

Turkiya kompaniyasi To‘raqo‘rg‘onda, BAAdan bo‘lgan investorlar ishtirokida Chust tumanida avtomobil zavodlari quriladi.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Turkiya kompaniyasi tomonidan kiritiladigan investitsiya evaziga avtomobil zavodi quriladi. Bu haqda Namangan viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Okibjon Inomov ma'lumot bergan.

Ma'lum qilinishicha, To‘raqo‘rg‘ondagi loyiha 2021 yilda yirik ishlab chiqarish obektlari va quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha respublika manzilli dasturiga kiritilgan bo‘lib, umumiy qiymati 10 mln dollarga teng. Shundan 8 mln dollar Turkiyaning «Manas Savunma» kompaniyasi kiritadigan xorijiy investitsiyaga to‘g‘ri keladi.

2021 yil dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan zavod «Manas Avto Sanoat» qo‘shma korxonasi tomonidan «Namangan» EIZ hududida, 7 gektar maydonda barpo etiladi. Buning natijasida 220ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ushbu zavodda yiliga 3000 dona kichik yuk avtomobili ishlab chiqariladi. Mahsulotlar ichki bozor bilan birga MDH davlatlari hamda Afg‘onistonga eksportga yo‘naltiriladi.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, manzilli dasturga Chust tumanida «Namangan Changan Motors» avtozavodi qurilishi ham kiritilgan.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 1,8 ming dona avtomobil bo‘lgan ushbu loyihaga BAA kompaniyasi hamkorligida 5,8 million dollar investitsiya kiritilmoqda. Mazkur loyiha joriy yilning iyun oyida ishga tushiriladi va bu orqali 140ta ish o‘rni yaratiladi.

Mavzuga oid
Top