Nikohlanuvchilar uchun genetik test, vazirlik stipendiyasi hamda yangi umummilliy harakat – 1 iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2023 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Nikohlanuvchi shaxslar molekulyar-genetik testdan o‘tkaziladi
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 iyuldan boshlab nikohlanuvchi shaxslar o‘z hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan o‘tkaziladi.
Bunda, spinal mushak atrofiyasi gen tashuvchiligi tasdiqlangan nikohlanuvchi shaxslar ma’lumotlari Yagona milliy registrga kiritib boriladi.
Tabiiy gaz va “svet” uchun shartnomalar elektron shaklda tuziladi
Prezidentning 2023 yil 13 fevraldagi qarori bilan 2023 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tuzilishi belgilangan.
Bunda:
mazkur tartib yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli bo‘yicha limitlarni belgilash va ularga o‘zgartirishlar kiritishga ham tatbiq etiladi;
davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portaliga avtomatik ravishda yuborilishi ta’minlanadi;
budjet buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar g‘aznachilik bo‘linmalarida elektron shaklda (inson omilisiz) ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Davlat xizmatlarining soni va sifati oshiriladi
Davlat rahbarining 2023 yil 28 fevraldagi farmoniga ko‘ra, xalqning og‘irini yengil qilish, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va ularning xarajatlarini tejash maqsadida, 2023 yil 1 iyuldan boshlab:
a) barcha davlat organlari va tashkilotlarida «Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish» chora-tadbirlari belgilanmoqda.
Vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari 15 kun muddatda o‘z tizimida masofadan turib, shu jumladan mobil ilovalar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini ko‘paytirish, undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko‘rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘qitish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga e’lon qiladi;
b) davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi;
v) aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
g) elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatish (fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan) taklifini yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
Onlayn auksionda yangi imkoniyat
2023 yil 24 mart kuni prezidentning “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan 2023 yil 1 iyuldan boshlab, jismoniy shaxslarga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.
Vazirlik stipendiyasi joriy etiladi
Prezidentning tegishli qarori bilan 2023 yil 1 iyuldan boshlab «O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi» joriy etiladi. Stipendiya to‘lovlari uchun mablag‘lar sportchi lavozimi uchun belgilangan ish haqi, terma jamoalar va ularning zaxirasi, sportchilar energiya sarfini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash uchun ajratiladigan maqsadli to‘lovlarni maqbullashtirish hisobidan ajratiladi va uning miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 (uch) baravari etib belgilanadi.
Shuningdek, hujjatda 2023 yil 1 iyuldan boshlab sportchi identifikatsiya kartalari uchun to‘lovlar miqdori uch barobarga kamaytirilishi hamda ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilanishi, shuningdek, har yili Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalariga davlat budjetidan sport sohasini rivojlantirish dasturlari xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar (saqlash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar bundan mustasno) tegishincha vazirlik va hududiy bo‘linmalarning budjetdan tashqari Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkazib borilishi ko‘zda tutilgan. Xarajatlarni moliyalashtirish jamg‘arma orqali belgilangan tartibda tasdiqlangan hamda ro‘yxatdan o‘tkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
«Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi» tizimi paydo bo‘ladi
Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq 2023 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasida «Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi» tizimi joriy qilinadi. Quyidagilar nazoratchilarning huquq va majburiyatlari etib belgilanmoqda:
ekologik huquqbuzarlikni aniqlash, tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish va Ekonazorat platformasiga kiritish;
faoliyatini amalga oshirishda maxsus bilim va ko‘nikmalarni olish uchun bepul ta’lim olish va malakasini oshirish;
aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan ko‘rilgan choralar yuzasidan axborot olish, huquqbuzarga jazo tayinlash bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etish;
samarali faoliyat uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorda haq olish.
Hujjat bilan 2023 yil 1 iyuldan boshlab chiqindi poligonlarini xususiylashtirish ham taqiqlanmoqda. Shuningdek, 2023 yil 1 iyuldan boshlab aholi va keng jamoatchilik orasida atrof-muhitni himoyalash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan «Chiqindilarni ommaviy yig‘ish» umummilliy harakati tashkil etiladi.
Bunda:
sektor rahbarlari ushbu tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, tadbirlarga keng jamoatchilik va ekofaollarni jalb etishga mas’ul bo‘ladi;
jamoat parklari, yashil bog‘lar, tog‘li hududlar, suv havzalari atrofi va boshqa atrof-muhitga ta’siri katta obektlarda xayriya yugurish marafonlari, atrof-muhitda piyoda va velosipedda sayr qilish vaqtlarida chiqindilarni saralab yig‘ish kunlari o‘tkaziladi;
saralab yig‘ish kunlarida musobaqalar o‘tkazilib, bosib o‘tilgan masofa va saralab yig‘ilgan chiqindilar hajmi asosida g‘oliblar aniqlanadi va rag‘batlantiriladi.
Issiqxonachilarga 1 yillik “imkoniyat”
2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulga qadar issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini respublika budjetidan tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi. Bu prezidentining 2023 yil 14 iyundagi tegishli qarorida nazarda tutilgan.
Buning uchun tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinishi lozim:
har bir besh sotix yer maydoni uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligini ta’minlashi;
har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilashi;
issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi.
Ayrim “tibbiyotchi”lar uchun ustama miqdori oshiriladi
Davlat rahbarining 2023 yil 19 iyundagi qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 1 iyuldan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini, amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 iyuldan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr hamda psixiatriya davolash muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori ham 25 foizdan 50 foizga oshiriladi.
QR-kodli advokatlik guvohnomasi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 iyuldan boshlab advokatlik guvohnomasini olish uchun axborot tizimi orqali murojaat qilish va advokatlik guvohnomasini maxsus QR-kod qo‘yilgan holda berish tartibi joriy etiladi. Buni mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ta’minlaydi.
Auksionga chiqayotgan “nomer”lar
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2023 yil 1 iyuldan boshlab auksion savdolari orqali sotilishi belgilanmagan, harflari bir xil kombinatsiyada bo‘lgan 680 juft davlat raqami belgilari 6-toifaga doir boshlang‘ich narxda auksion savdolariga qo‘yiladi.
Mavzuga oid
13:59 / 29.10.2024
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur, zargarlik buyumlari importida yengillik va chiqindi qarzdorligi uchun “jazo” – 1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
14:36 / 28.09.2024
Oshirilayotgan ish haqi, davlat xaridlaridagi shaffoflik va ovchilar uchun yangi tartib – 1 oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?
14:09 / 26.08.2024
Pensiyalar oshadi, o‘quvchilarga bepul avtobus va soliqchilarga yangi vakolat – 1 sentabrdan nimalar o‘zgaradi?
18:12 / 29.07.2024