Jamiyat | 22:00 / 29.06.2020
52129
6 daqiqa o‘qiladi

«Hamma kuchni Qur'ondan olamiz» - Qur'oni Karimni jami 1440 marta xatm qilgan, 61 yildan buyon birgalikda turmush kechirib kelayotgan bo‘stonliqlik bobo va buvi

Baxt... Baxt haqida har kim turlicha fikr bildiradi. Uni turlicha tushunadi va his qiladi.

E'tiboringizga havola qilmoqchi bo‘lgan qahramonlarimiz 61 yildan beri birga baxtli yashashmoqda. Hayotning og‘ir va yengil sinovlarini birgalikda yengib kelishmoqda.

To‘rt farzandning jondan aziz ota-onasi, 16 nevara va 10 nafar evaraning mehribon bobo va buvisi - 84 yoshli Tursunboy ota Ashurov va ularning turmush o‘rtog‘i 78 yoshli Tursunoy ona Ashurova bilan turmush qiyinchiliklari, farzand tarbiyasi, qiyinchiliklarni birgalikda yengish, orzu-armonlari va baxtli yashash sirlari haqida suhbatlashdik.

Ma'lumot o‘rnida: Tursunboy ota Alloh taoloning muqaddas kalomi Qur'oni Karimni shu kungacha jami 1440 marta xatm qilgan. Bir yilda 94 marta xatm qilib, o‘ziga xos rekord ham o‘rnatgan. Hozirgi kungacha otaxon va onaxon Qur'on xatm qilish bo‘yicha bir-birlari bilan musobaqa qilishadi.

Tursunboy ota:

- To‘rt nafar farzandim, o‘n oltita nevaram, o‘nta evaram bor. Shu kampirim bilan 61 yildan buyon yashayman. Har doim yaxshi gap, yaxshi fikr bilan, urishmasdan, so‘kishmasdan hayot kechirilsa, umr ham uzoq bo‘lar ekan. Kampirim bilan umuman urishmaganman, hattoki bir shapaloq ham urmaganman.

Tursunoy ona:

- Meni chertmagan ham, urmagan ham. Nima xohish-istagi bo‘lsa bajo keltiraman, hozirgacha. Mana, katta o‘g‘limiz 60 yoshga, kenja qizimiz 49 ga to‘ldi.

- Farzand tarbiyalashda kimning o‘rni ko‘proq bo‘lgan?

Tursunboy ota:

- Farzandlarni tarbiyalashda ko‘proq kampirimning o‘rni ko‘proq bo‘lgan. Chunki men ko‘pincha ishda bo‘lardim. Keyinchalik birga tarbiyaladik.

- Alloh taoloning kalomini o‘qishni qachondan boshlagansiz, ustozingiz kim bo‘lgan?

Tursunboy ota:

-1983 yil dekabrda otamning vafotidan keyin boshlaganman. Bir yil harfma-harf yaxshilab o‘qishni o‘rgandim. Ustozlarim juda ko‘p bo‘lgan.. 2006 yillarda Chirchiqqa madrasaga borardim. Undan oldin 22 yil masjidda ishladim va 1992 yili pensiyaga chiqdim. Shu vaqt ichida 30-40 nafar bolani o‘qitdim. Kampirimni ham o‘zim o‘qitganman. O‘zimning xatm kitobim ham bor. 1992 yili 100 so‘mga olganman. Hozir nevaramga olay desam 1 mln 200 ming so‘m ekan. (Ma'lumot o‘rnida, hozirda Qur'oni Karimning sotuvdagi bahosi 22 ming so‘mdan boshlanadi - tahr.)

- Shu vaqtgacha necha marta xatm qildingiz?

Tursunboy ota:

- Hozirgacha 1440 marta xatm qildim. 2006 yili bir yilda 94 marta xatm qilib rekord qilganman. Ramazon oyida 8 marta xatm qildim. Hammasini yozib yuraman.

- Bu natijaga erishishda nimadan kuch olasiz?

Tursunboy ota:

-Hamma kuchni, harakatni Qur'oni Karimdan olaman. Usiz yashay olmaydigan bo‘lib qolganmiz. Kitobni kim ko‘p o‘qish bo‘yicha musobaqa qilib turamiz.

-Onaxon, siz necha marta xatm qildingiz?  

Tursunoy ona:

-Men 700  marta xatm qildim. Qur'onsiz ikkalamiz ham yashay olmaymiz. Qachon bo‘sh vaqtimiz bo‘lsa, Qur'onga yopishamiz. Bizning hayotimiz ham, mamotimiz ham – mana shu. Shu yoshga kirib ko‘zimda muammo bo‘lmagan. Kitobni ham bemalol ko‘zoynaksiz o‘qiyman. Men ham 1995 yildan beri o‘qiyman. Ustozim shu kishi bo‘lgan.

-Boshingizdan qiyin davrlar ham o‘tganmi?

-Ha, o‘tgan, bolam. Urush boshlanganida men 5 yosh bo‘lganman. 1946 yildan boshlab ishga chiqib ketganman. Yalangoyoq, yalangbosh, kolxozda ishlardim. 1951 yilgacha juda qiynalganman.

-Kampiringizni yaxshi ko‘rib olganmisiz?

-Biz birinchi marta «zags» da ko‘rishganmiz. Biz uzoq qarindosh edik. Men olmayman deganman, kampirim tegmayman degan. Lekin, mana shuncha yil yashab qo‘ydik. Kampirim o‘sha payti 17 yosh bo‘lgan. Yoshligimizda non bo‘lmagan, kiyim-kechak bo‘lmagan. Makkajo‘xoridan bo‘lgan zog‘ora non yer edik. Kolxozda ertalab oltidan kechki o‘ngacha ishlardik.Hozir mana, Allohga shukr, hamma narsa yetarli. Inson harakat qilsa, dangasalik, yalqovlik qilmasa hamma narsaning iloji bor.  

-Otaxonning oyligini qanday ishlatardingiz?

Tursunoy ona:

-Oyliklarini har doim menga berar edi. Men hech qachon befoyda, besamar sarflamaganman. Bolalarimga aytardim: «hozir men olib berganni kiyasan, o‘zing ishlaganingdan keyin xohlaganingni kiyasan». Boshida o‘zimizning uyimiz bo‘lmagan. 13 yil deganda uy solganmiz birgalikda. Bizga hech kim yordamlashmagan. Ayol kishi tejamkor bo‘lishi kerak. Ayol tejamkor bo‘lsa, uyda baraka bo‘ladi.

-Amalga oshmagan orzu-umidlaringiz bormi?

Hajga boramiz degan orzumiz bor edi. Katta qizimizning turmush o‘rtog‘i vafot etib qoldi. Shunda nevaralarimizga qarashdik, o‘qishlarda o‘qitdik. Shu bilan orzumiz amalga oshdi deb hisobladik. Evaralarim yugurib kelib «dodajon» desa hammasini unutib yuboraman. 

Mavzuga oid