Barcha turdagi yer uchastkalari xatlovdan o‘tkaziladi. Ularga qizil va sariq hisobga olish kartochkalari beriladi
Vazirlar Mahkamasining “Ko‘chmas mulk obektlari, jumladan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni hisobga olish va ularga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjatda aytilishicha, hozirgi vaqtda 2,7 milliondan ortiq ko‘chmas mulklarning huquq belgilovchi hujjatlari mavjud emas.
Ko‘chmas mulk obektlari hisobini to‘liq va aniq yuritish, ularning elektron xaritalari va ma'lumotlar bazasini shakllantirish, hisobga olinmagan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalda foydalanib kelinayotgan va kadastr hujjatlaridagi yer uchastkalarini qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish hamda mulk huquqlari kafolati va uning daxlsizligini ta'minlash maqsad qilingan.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvarga qadar:
- yer toifasidan qat'i nazar barcha turdagi yer uchastkalarini, jumladan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va bino-inshootlarni xatlovdan o‘tkazadi;
- yer uchastkalari hamda bino va inshootlar o‘lchami, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha ma'lumotlarni Kadastr agentligining yagona integratsiyalashgan axborot tizimiga kiritilishini ta'minlaydi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) 2021 yil 1 apreldan boshlab:
- aholi yashash punktlarining yerlari toifasiga kirmaydigan yerlarda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda, muhofaza etiladigan hududlarda qonunchilikka zid ravishda qurilgan bino va inshootlarga qizil hisobga olish kartochkalari tayyorlanadi;
- yer uchastkasi, bino-inshootlarga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan (yer uchastkasi va bino va inshootga huquqni belgilaydigan hujjatlari to‘liq bo‘lmagan) ko‘chmas mulk obektlariga sariq hisobga olish kartochkasi tayyorlanadi;
- jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishida bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlariga tayyorlanadigan qizil va sariq hisobga olish kartochkalari bepul asosda amalga oshiriladi;
- ko‘chmas mulk obektlariga tayyorlangan qizil va sariq hisobga olish kartochkalari faqatgina ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarda hisobga olinadi;
- va ma'lumotlar bazasini shakllantirish hamda ushbu ko‘chmas mulk obektlariga soliq solish maqsadida foydalaniladi va ko‘chmas mulkni oldi-sotdi qilish, ayirboshlash, meros, hadya va boshqa turdagi begonalashtirish, shuningdek, ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos hisoblanmaydi;
b) xatlov natijasi bo‘yicha yer uchastkasi va bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni ko‘rib chiqish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
- ko‘chmas mulk obektlariga tayyorlangan qizil va sariq hisobga olish kartochkalari nusxasi va ularning umumiy ro‘yxati Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi hududiy bo‘linmalari tomonidan (ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ) tegishli tuman (shahar) hokimliklariga taqdim etiladi;
- tuman (shahar) hokimliklari ko‘chmas mulk obektlariga tayyorlangan qizil va sariq hisobga olish kartochkalari yuzasidan ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni e'tirof etish yoki rad etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga taklif kiritadi;
- tuman (shahar) hokimliklari nizoli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlariga tayyorlangan qizil va sariq hisobga olish kartochkalari yuzasidan ko‘chmas mulk obektlariga huquqlarni e'tirof etish yoki rad etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun sudlarga ariza kiritadi;
- xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari yoki sud tomonidan ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqlarni e'tirof etish to‘g‘risidagi qaror tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladi;
- ko‘chmas mulk obektlariga huquq egalari va zaxiradagi yerlar bo‘yicha tuman (shahar) hokimligi arizasiga (buyurtmasiga) asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan belgilangan tartibda kadastr yig‘majildi (pasporti) tayyorlanadi va huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
20:28 / 01.11.2024
Fermer endi yerga ijara huquqini sotishi mumkin – savollarga javoblar
14:20 / 24.10.2024
Xohish bo‘lsa bas: tashlandiq yerlarni bo‘stonga aylantirganlar
14:20 / 15.10.2024
Yerni noqonuniy egallab olish bo‘yicha qo‘llangan jazo choralari aytildi
18:15 / 14.10.2024