O‘zbekiston | 21:46 / 27.01.2021
5011
2 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasining ikkinchi bosqichida 478 nafar bola operatsiya qilinadi

 Hozirgi kunga qadar respublika bo‘ylab 2964 nafar bola tekshiruvdan o‘tkazildi. Ikkinchi bosqichda jami 478 nafar bola operatsiya qilinadi. Bu 630 operatsiyani o‘z ichiga oladi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi muallifi, Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatidagi Oftalmologiya shifoxonasi faoliyati bilan tanishdi. U bu haqda o‘z telegram-kanalida ma'lum qildi.

 «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatidagi Oftalmologiya shifoxonasida bo‘ldik. Shifoxona faoliyati va bizning xayriya aksiyamiz doirasida bu yerda tekshiruvdan o‘tayotgan jajji bemorlar bilan tanishdik.

Aksiyaning birinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Hozirgi kunga qadar respublika bo‘ylab 2964 nafar bola tekshiruvdan o‘tkazildi.

Navbat ikkinchi bosqichga. Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi mutaxassislari ko‘magida bolalar ko‘zlarida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan jarrohlik aralashuvining qiyinlik darajasiga ko‘ra kategoriyalarga ajratildi», deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Mirziyoyevaning ma'lumot berishicha, bolalarning ba'zilari viloyat kasalxonalarida, ba'zilari Toshkentda operatsiya qilinadi, ayrimlari esa xorijdan jalb etilgan mutaxassislar yordamida davolanadi. Jami 478 nafar bola uchun 630 ta operatsiya o‘tkaziladi.

Mavzuga oid