O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.

Saudiya Arabistoni valiahdi, vazirlar mahkamasi raisi Shayx Muhammad bin Salmon Ol Saud raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Kuvayt amiri o‘rinbosari, valiahdi shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh, Ummon bosh vaziri o‘rinbosari Asad bin Toriq al-Said, Bahrayn podshohining maxsus vakili Shayx Nosir bin Hamad Al Xalifa hamda kengash bosh kotibi Jasim Muhammad al-Budayviy ham qatnashdi.

Prezident o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqasi xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq ekanini, yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va an’analar, muqaddas islom dini ularning asosini tashkil etishini alohida ta’kidladi.

Movarounnahr va Arabiston diyorlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarimizning beqiyos xizmatlari borligi qayd etildi. “Barcha muhaddislarning peshvosi” – ulug‘ alloma Imom Buxoriy ana shunday siymolardan biridir.

– Musulmon dunyosidagi oltita buyuk muhaddisning ikki nafari mintaqamizda tug‘ilib kamol topgani, qadimiy Buxoro esa “Qubbatul Islom” nomi bilan shuhrat qozonganidan g‘ururlanamiz. Ma’lumki, to‘qqizinchi asr boshida Abbosiylar davlatining poytaxtidagi “Donishmandlar uyi” akademiyasi Markaziy Osiyolik 200dan ortiq allomalar ilmiy faoliyat olib borganlar. Muso Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino kabi ulug‘ allomalarimiz esa bebaho ilmiy asarlarini aynan go‘zal va mukammal arab tilida yaratib, butun dunyoda shon-shuhrat qozonganlar, – dedi O‘zbekiston rahbari.

Hozirgi vaziyatga baho berar ekan, mamlakat yetakchisi bugungi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. Ayni paytda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning Ko‘rfaz mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, mintaqalarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni bir qator yo‘nalishlarda kengaytirish taklif etildi.