Xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi. Tizim takomillashtiriladi
Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar:
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, himoya orderi muvofiq seriya va raqamga ega bo‘lgan, qat'iy hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan sxemaga muvofiq beriladi.
Himoya orderi tuman (shahar) ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida yuritiladigan alohida daftarda qayd etiladi.
Quyidagilar himoya orderini berish uchun asos hisoblanadi:
tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar va tashkilotlar jabrlangan xotin-qizlar bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lgach muvofiq shakldagi xabarnomani darhol ichki ishlar organlariga taqdim etadi.
Xabarnoma qonun hujjatlariga muvofiq ichki ishlar organlari navbatchilik qismidagi daftarda qayd etiladi.
Tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida xabar bergan shaxslar va tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma'lumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘riqlanadi.
Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismida belgilangan tartibda qayd etilgan murojaatlar va xabarlar darhol profilaktika inspektoriga taqdim etiladi.
Profilaktika inspektori ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan taqdim etilgan murojaatlar va xabarlarni 24 soat mobaynida o‘rganib chiqadi hamda o‘rganish davomida:
jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar hamda boshqa shaxslar bilan holat yuzasidan suhbat o‘tkazadi;
jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning turmush tarzi, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishining kelib chiqishi sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganadi;
jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Profilaktika inspektori murojaat va xabarlarni o‘rganish yakuni bo‘yicha:
tazyiq va zo‘ravonlik holatlari aniqlangan taqdirda - himoya orderini rasmiylashtiradi;
zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga himoya orderi berilganligi to‘g‘risida jabrlanuvchining roziligi bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, shuningdek, boshqa tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlarni xabardor qiladi;
tazyiq va zo‘ravonlik holatlari aniqlanmagan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq tegishli choralarni belgilaydi hamda bu haqda fuqarolar yig‘ini raisi, kotibi, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda - himoya orderini berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallarini jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish to‘g‘risidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Shaxs himoya orderini olishni va uni imzolashni rad etganda, profilaktika inspektori xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzadi hamda uni ushbu xatti-harakatni davom ettirgan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida rasmiy ogohlantiradi va bu haqda jabrlanuvchini xabardor qiladi.
Himoya orderi rasmiylashtirilganda barcha yozuvlar ko‘k (havorang) siyohli ruchkada, tushunarli qilib yoziladi.
Himoya orderi uch qismdan iborat bo‘lib:
birinchi qismi (asli) to‘ldirilgandan so‘ng jabrlanuvchilarga beriladi;
ikkinchi qismi (nusxasi) zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga beriladi;
uchinchi qismi profilaktika inspektorida qoladi.
Himoya orderi o‘ttiz kun muddatgacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan e'tiboran kuchga kiradi.
Profilaktika inspektori himoya orderi berilganidan so‘ng uch kun muddatda bu haqda tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi)ning huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi, guruhi) boshlig‘ini xabardor qiladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i himoya orderini rasmiylashtirish uchun to‘plangan materiallarni o‘rganib, taraflar fikrini eshitgan holda profilaktika inspektorining himoya orderini berish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishga haqli.
Mavzuga oid
22:39 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlangan – Bosh prokuratura
12:03 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
20:57 / 31.10.2024