Madaniyat vaziri o‘rinbosari: «Polkushka» masalasida bizni xabardor qilishmagan
Toshkent shahar Mirobod tumani «Lolazor» mahallasi (xalq tilida «Polkushka»)dagi turar joylarning buzilishi shu hudud aholisining keskin noroziligiga turtki bo‘lgan edi. Bunga mazkur uylarning tarixiy ahamiyatga ega ekanligi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova bu masalada Madaniyat vazirligi boxabar etilmaganligi, ilmiy-metodik kengashning xulosasi so‘ralmaganligini ma'lum qildi. Vazir o‘rinbosari Kun.uz'ga bergan intervyusida shu haqda gapirib o‘tgan.
─ Mazkur tarixiy binolarning buzilishi masalasida bizning ilmiy-metodik kengashimiz hech qanday xulosa bermagan, chunki bu borada mahalliy hokimiyat murojaat qilmagan.
Sobiq ittifoq davrida qad rostlagan bu binolar, albatta, tarixiy ahamiyatga ega. Faqat ularning har birini batafsil o‘rganib, mutaxassislar baho berishi kerak edi.
Vazir o‘rinbosari shaharlar bosh rejasining mavjud emasligini eng katta muammolardan biri sifatida qayd etib o‘tdi.
«Bosh reja bo‘lganda unda shaharning qaysi qismini buzish mumkin-u qaysi qismiga tegib bo‘lmaydi ─ yaqqol ko‘ringan bo‘lardi. Qurilish ishlarida bosh rejani tuzish masalasiga endi e'tibor qaratilyapti», — deydi u.
Shahar hokimligi Toshkentning yangi bosh loyihasi konsepsiyasi joriy yilning aprel oyi yakunlariga qadar ishlab chiqilishini aytgandi. Shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatov bu masalada amaliy ish boshlanganini tasdiqlagan.
Madaniyat vaziri o‘rinbosarining aytishicha, uylarni buzish masalasida, albatta, odamlar bilan muloqotda bo‘lish kerak. Ularni norozi qilish kerak emas.
«Ko‘chirganda ham yaxshi sharoit mavjud bo‘lgan joyga ko‘chirish kerak. YuNeSKOning ham talablari shu. Bunda asosiy ish mahalliy hokimiyatlarga bog‘liq bo‘ladi», — deya ta'kidladi Kamola Boltaboyevna.
«Polkushka»ning buzilishi bo‘yicha aholi noroziligi matbuotda tez-tez ko‘tarilgan edi. Mirobod tuman hokimi Shuhrat Po‘latov buzilayotgan uylar hech qanday tarixiy ahamiyatga ega emasligini ta'kidlab o‘tgan edi:
«Buzilish faqatgina beshta ikki qavatli uylar haqida ketmoqda. Ular 19 asr oxirida qurilgan. U yerda noqonuniy qurilishlar ham amalga oshirilgan ─ ilgari hojatxona tashqarida edi, odamlarning o‘zi uyning ichida qurib olishgan. Agar bu noqonuniy qo‘shimchalarni buzadigan bo‘lsak, keyin aholi sarson bo‘lmaydimi? Ustiga-ustak, ular 1966 yilgi zilziladan keyin ta'mirlangan. Shundan beri ancha vaqt o‘tdi. Ular zilzilaga dosh bera olishiga hech kim kafolat bermaydi. Shuning uchun u yerda olib borilayotgan ishlarni o‘rinli deb hisoblayman», — degan edi tuman hokimi.
Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Davron Hidoyatov esa bu buzilish ishlari o‘ylab amalga oshirilganini, binolar avariya holatiga kelib qolganini ta'kidlab o‘tgan edi.
Mavzuga oid
17:44 / 15.03.2019
Madaniyat vaziri o‘rinbosari: «Madaniy obektlarni muhofaza qilish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan»
12:28 / 15.03.2019
Madaniyat vaziri o‘rinbosari: Tuproqqal'a bo‘yicha ko‘rsatma bergan odam javobgarlikka tortiladi
12:02 / 13.02.2019