Tarixiy ahamiyatga molik hududlarda puxta o‘ylanmagan asosda qurilish-buzilish ishlarining olib borilishi madaniy obektlarga putur yetkazayotganligi holatlari, so‘nggi holatlarda, ko‘p bora qayd etildi. Shu singari xatti-harakatlar oqibatida YuNeSKO umumjahon madaniy meroslar komissiyasi Shahrisabz tarixiy markazini ro‘yxatdan chiqarish masalasini ko‘rib chiqqanligi bunga yorqin dalildir.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova Kun.uz’ga bergan intervyusida mazkur holatlarga munosabat bildirdi.
─ Madaniy merosni muhofaza qilish faqatgina vazirlikning yoki mahalliy hokimiyatning yo bo‘lmasa, muayyan shaxslarninggina javobgarligiga bog‘liq holat emas. Bu borada qat'iy ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishimiz zarur. O‘tgan 25 yil davomida mana shu tizim yo‘qqa chiqqan, deydi vazir o‘rinbosari.
Oqilova madaniy obektlar muhofazasi bo‘yicha tizimli ishlashning bir necha jihatlarini sanab o‘tdi.
«Birinchidan, restavratsiya institutini tiklash kerak. 90-yillarda bu institut yopilib ketgan. Bu institut yopilgach, xususiy firmalar restavratsiya ishlarini olib bora boshladi. Xorijda madaniy obektlarni tiklash masalasiga o‘ta noziklik bilan yondashiladi. Bizda esa restavratsiya remontga aylanib ketgan. Nomutaxassis shaxslar tomonidan ishlar olib borgan. Shahrisabzdagi Ko‘k gumbaz, Samarqanddagi Bibixonim madrasasi misolida buning ayanchli oqibatlarini ko‘rishimiz mumkin.
Restavratsiya deganda ko‘pchilik binoning bir bo‘lagi tushib ketganda uni qayta joyiga to‘g‘rilab qo‘yishni tushunadi. Vaholanki, bu jarayonda u nimaga tushib ketadi, buning oldini qanday olish mumkin, degan savollarga javob izlash kerak bo‘ladi.
Ikkinchidan, o‘zimizning an'anaviy uslubda ishlaydigan ustalarimiz bor. Ularni yig‘ib, restavratorlar assotsiatsiyasini tuzishimiz, ularning bilim va tajribalaridan amaliyotda o‘rinli foydalanishimiz kerak.
Uchinchidan, xorijiy tajribani to‘g‘ri qo‘llay olishimiz kerak.Hech kim chetdan kelib bizga naqshkorlik, me'morchilik bo‘yicha dars o‘tmaydi. Bu bo‘yicha texnologiyalarning hammasi o‘zimizniki. Tarixiy obidalarni konstruksiya jihatdan tiklashda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish mumkin. Masalan, xitoyliklar Ichan qal'ada konstruksiyani tiklayapti, naqshlarga esa boshidanoq tegmaymiz, bu sizlarning ishingiz, deyishgan.
Yana bir jihat, yosh restavratorlarni tayyorlash masalasi.
















