O‘zbekiston | 16:41 / 13.07.2023
31951
4 daqiqa o‘qiladi

Balchiq hidini «yutib» yashayotganlar – Chilonzor mas’ullari va’dasida turadimi?  

Poytaxtning Chilonzor tumani “3-Charx Kamolon” MFY aholisi kuchli yog‘ingarchilikdan qo‘rqib yashamoqda. Sababi, bunday paytda bir necha ko‘chalardagi oqova suvlar bitta joyda yig‘ilgan holda kanalitszatsiya quvurlarini to‘ldirib, chiqindilarni tepaga chiqarib tashlayapti. Mahalla aholisi ancha paytdan buyon balchiq hidini “yutib” yashashga majbur qolmoqda. Kun.uz vaziyatni joyiga borib o‘rgandi.

O‘rganish davomida kuchli yog‘ingarchilik paytlarida Zuhra 1-tor va 2-tor ko‘chalari kesishmasida mahalladagi Zavqiy, Zebuniso, Tohir, Xushbaqt ko‘chalaridan yig‘ilgan suvlar to‘planib qolishi ma’lum bo‘ldi.

“Men 50 yoshga kirdim, bu muammo hali hal bo‘lganini ko‘rganim yo‘q. Hech kim qaramaydi. Yog‘ingarchilik boshlanishi bilan 10-15 daqiqa o‘tib butun mahalladagi oqova suvlar shu yerga yig‘iladi. Kanalizatsiya quvurlari dosh bermaydi, suv, axlat oqib qoladi ko‘chada”, deydi shu yerda yashovchi Tohir Bozorov.

Ko‘chalardagi ariqlar pastlikda joylashgani sababli ular oqova suvni kanalga chiqarib yubora olmaydi. Ko‘chalarda harakatlanish qiyinlashishidan tashqari kanalizatsiyaga yo‘l topgan oqova suvlar undagi chiqindilarni ham tashqariga bosim bilan chiqaradi. Natijada, chiqindi va oqova suvlar aralashib, ko‘chalarda oqadi va yakunda bir nuqtada to‘planib qoladi.

“Yozning ayni jazirama kunlarida ko‘chadan badbo‘y xid atrofga anqiyapti. Bu hid noxushligi bilan birga, odamlarning salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Uyimizdagi yerto‘lalar chirib ketganidan yopib tashladik. Nima qilishni ham bilmaymiz. O‘tgan yili prokurori va’da bergan edi hal qilishga, lekin haligacha yo‘q. Oradan bir yil o‘tdi. Ko‘chalardagi balchiqning hidiga chidab bo‘lmaydi. Boshqalar yomg‘irning hidini tuysa, biz balchiqning, kanalizatsiyaning hidini hidlaymiz”, deydi shu yerda yashovchi Umid Gulyamov.

Ta’kidlanishicha, hududda yashash qiyin bo‘lib qolgan, hatto bir necha oilalar uylarini tez-tez suv bosishi sababli ko‘chib ketgan.

“Borilmagan joy, qilinmagan hujjat qolmadi. Bu muammoni hamma: deputatlar ham, hokimlar ham biladi. Oxiri qo‘l siltab ham qo‘ydik.Odamlar ko‘chib ketyapti”, deydi Tohir Bozorov.

“3-Charx Kamolon” MFYda yashovchi fuqaro Tohir Bozorov Foto: Kun.uz

Kun.uz mahalla ahlini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan mazkur muammo yuzasidan tegishli mas’ullar va mutaxassislarning fikri bilan ham qiziqdi. 

“Kanalizatsiyaning yo‘liga tushib qoladi suvlar. Bu muammoni o‘zimiz ko‘rganmiz, kuzatganmiz. Muammoni hal qilish uchun suv yig‘iladigan eng past joyni aniqlab, o‘sha yerga nasos o‘rnatish kerak, shu bilan hal bo‘ladi. Buning loyihasini o‘zim ishlab chiqib hokimiyatga berganman. Mahalladagi Baynalmilal ko‘chasining yon tomoniga nasos qo‘yilib, truba orqali ko‘chaning narigi tomonidagi kanalga tushirib yuborish mumkin”, deydi Chilonzor tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi Zafar Ro‘ziyev.

Chilonzor tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi, Zafarjon Ro‘ziyev Foto: Kun.uz

Holat yuzasidan Chilonzor tuman hokimligi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sunnatilla Samukovga ko‘ra, muammodan tuman hokimi xabardor hamda pul mablag‘lari ajratilib, muammo oy muddatda hal etiladi. 

Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.

Mavzuga oid