Bog‘cha mudiri, maktab direktori, bankir, moliyachi... - Navoiy viloyati prokurori korrupsiya holatlarini sanadi
Navbahor tuman moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari yuzdan ortiq fuqaroning xabarisiz, ular nomiga ijtimoiy nafaqalar rasmiylashtirgan. Navoiy viloyatidagi banklarning 30ga yaqin mansabdori jinoiy javobgarlikka tortilgan. O‘nlab yer maydonlari auksionsiz berilgan.
1 dekabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining XII sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning yaqinda tayinlangan prokurori Baxtiyor Ahmedov hududdagi korrupsiya holatlariga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Uning aytishicha, o‘tgan ikki yilda viloyatda jami 200 nafarga yaqin shaxs (shundan 138 nafari mansabdor shaxs) korrupsion jinoyatlar sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ushbu muddatda 67 ta poraxo‘rlik, 4 ta mansabni suiiste'mol qilish, 8 ta mansab soxtakorligi, 97 ta budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, 13 ta mansab mavqeini suiiste'mol qilish yo‘li bilan firibgarlik qilish holatlari kuzatilgan.
Sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 16 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan, dedi prokuror.
Unga ko‘ra, budjet pullarini talon-toroj qilish holatlari, asosan xalq ta'limi, maktabgacha ta'lim, sog‘liqni saqlash, qurilish, energetika, mahalla, qishloq va suv xo‘jaligi hamda bank sohalariga to‘g‘ri kelmoqda.
Moliya bo‘limi
«Byudjyet mablag‘larining ratsional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga mas'ul moliya organlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarmayapti yoki o‘zlari bu mablag‘lar talon-toroj qilinishiga ko‘makchi sifatida ishtirok etishmoqda.
Masalan, Navbahor tuman moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari – davlat maqsadli mablag‘larini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i O.Ochilov tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari, bandlikka ko‘maklashish markazi hamda Xalq banki tuman bo‘limi xodimlari bilan birga 116 nafar fuqaroning xabarisiz, ular nomiga ijtimoiy nafaqalarni rasmiylashtirib, 646 mln so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan», – dedi Baxtiyor Ahmedov.
Banklar
Ma'lum qilinishicha, Navoiy viloyatida o‘tgan ikki yilda tijorat banklarining 30 nafarga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.
Birgina, 2019 yilda tijorat banklari tomonidan «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari o‘zlashtirilgani bo‘yicha, aybdorlardan 2,1 mlrd so‘mlik zarar undirilib, bank xodimlari va ularning jinoiy sheriklari bo‘lgan 46 nafar shaxsning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingan.
«Xalq banki» viloyat filiali faoliyatiga alohida to‘xtalmoqchiman. Ushbu bank filiali o‘z nomiga munosib tarzda, xalq manfaati uchun xizmat qilmayapti desam, ayni haqiqat bo‘ladi. Rahbarlar qo‘nimsizligi, xodimlar ustidan nazoratning yo‘qligi, takror va takror jinoyatlar sodir etilishiga sharoit yaratmoqda.
Masalan, «Xalq bank» Navoiy shahar filiali mansabdor shaxslari 43 nafar fuqaroning xabarisiz, ular nomiga chorvachilik, issiqxona, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlarda 675 mln so‘m kredit pullarini olib, o‘zlashtirib yuborishgan.
Yoki ushbu rahbarlar o‘zlari rahnamoligida faoliyat ko‘rsatayotgan «Oltin tuyoq» fermer xo‘jaligiga chorva mollari xarid qilish uchun 500 mln so‘m kredit ajratib, ushbu pullarni bankning o‘zida naqdlashtirib olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan. Hozirda ular sud oldida javob bermoqda», – dedi prokuror.
Hokimliklar, kadastr va yer ajratish
Ahmedovga ko‘ra, qurilish uchun yer ajratish, tanlov va tender o‘tkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida korrupsiya ko‘plab kuzatilmoqda.
O‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, mahalliy hokimliklarning qarorlari bilan viloyat bo‘yicha 15 ta holatda 759 gektar yer maydonlari noqonuniy ajratib yuborilgan.
Misol uchun, Uchquduq tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i Bekniyazov tuman hokimligining bosh mutaxassisi To‘raqulov bilan birgalikda 13 nafar fuqarodan 31 mln so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olib, soxta hujjatlar asosida uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratilishiga erishgan. Ushbu harakatlari uchun aybdorlar sud hukmi bilan, tegishli jazoga tortilgan.
Tadbirkorlik sub'yektlariga yer maydonlari auksion orqali ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, joriy yilning o‘tgan davrida Qiziltepada 24, Karmanada 15, Konimexda 6, Xatirchida 4, Navbahorda 3 ta holatlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratib berilgan.
Ta'lim sohasi
Prokurorning ta'kidlashicha, so‘nggi ikki yilda 46 nafar ta'lim sohasi mansabdor shaxslari jinoyatlarni sodir qilishgani uchun javobgarlikka tortilgan.
Xususan, bundan bir necha kun oldin Navbahor tumani MTB shu'ba mudirasi 8-sonli bog‘cha mudirasidan 3 nafar tarbiyachiga onlayn o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish va malaka toifasini olib berishi evaziga 800 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Xatirchi tumanidagi 62-maktab direktori Qo‘chqorov joriy yilning may oyida fuqaro Sultonovani kadrlar bo‘yicha menejyer vazifasiga ishga qabul qilishi evaziga 1 mln 200 ming so‘m pora olgani uchun, sud tomonidan jazoga tortilgan.
Tibbiyot
«Xalq dardi bilan yashab, o‘z hayoti va sog‘ligini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, qasamiga sodiq qolgan xizmat qilayotgan shifokorlar orasida, ularning 19 nafari korrupsiyaviy jinoyatlarga qo‘l urgani achinarli hol.
Karmana tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi tibbiy mehnat ekspertizasi komissiyasi raisi Tagayevning fuqaro Zoirovaga mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlashga xulosa berishi uchun 2 mln so‘m pul olganini qaysi vijdon amri ko‘taradi?!
Navoiy tibbiyot texnikumi direktori Ilyasov esa fuqaro Do‘stmurodovani o‘qishga kiritish evaziga 500 dollar miqdorda pora olgan», – deya qayd etdi Navoiy viloyati prokurori Baxtiyor Ahmedov.
Mavzuga oid
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
19:42 / 07.11.2024
Taxiatosh tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. U budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan
10:34 / 05.11.2024