O‘zbekiston | 13:30 / 21.09.2021
16555
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev o‘z saylov kampaniyasini Bo‘zatov tumanida boshladi

Shavkat Mirziyoyev o‘zini qoraqalpoq xalqining ham farzandi deb bilishini aytib o‘tdi.

O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z tashrifini yangi tashkil qilingan Bo‘zatov tumanida boshladi. Jumanazarovlar xonadoni vakillari, mahalliy faollar va OAV xodimlari bilan muloqotdan so‘ng prezident Qoraqalpog‘iston faollari bilan uchrashdi.

Kirish so‘zini qoraqalpoqcha boshlagan Shavkat Mirziyoyev Yangi Qoraqalpog‘iston g‘oyasi albatta amalga oshishi haqida so‘z yuritdi.

“Hurmetli jasi ulkenlar, aziyz apa-singiller, navqiran jaslar!

Bugun mana shu qadimiy va saxovatli zaminda, qayta tashkil qilingan Bo‘zatov tumanida siz, azizlar bilan, mard va tanti, mehnatkash va bag‘rikeng Qoraqalpog‘iston xalqining vakillari – muhtaram oqsoqollar, munis opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimiz bilan ko‘tarinki kayfiyatda uchrashib turganimdan baxtiyorman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga, butun qoraqalpoq eliga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va samimiy tilaklarimni bildiraman.
Xabaringiz bor, bu galgi uchrashuvimiz mamlakatimizda davom etayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan o‘tkazilmoqda. 

Saylovoldi uchrashuvlarini eng avvalo Qoraqalpog‘iston diyoridan boshlayotganim albatta bejiz emas. Ilgari ham aytganman, bugun ham katta mamnuniyat bilan takrorlayman – men o‘zimni qoraqalpoq xalqining ham farzandi deb bilaman. 

Bu saylov barchamiz, butun el-yurtimiz uchun O‘zbekistonning, uning tarkibiy qismi bo‘lgan Qoraqalpog‘istonning bundan keyingi taraqqiyoti qanday bo‘ladi, mamlakatimiz qanday rivojlanish yo‘lidan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, butun yurtimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan g‘oyat muhim siyosiy tadbirdir. 

Albatta har bir saylovchi, har bir fuqaro ertangi kunga rejalar qiladi. Albatta, nomzod sifatida men ma'ruza qilaman, saylovoldi rejamni bildiraman. Lekin istagim, o‘zaro muloqot qilaylik, qoraqalpoq elini qiynayotgan muammolar bo‘yicha gaplashaylik.

Mening juda katta istak-niyatlarim barcha imkoniyatlarimizni vatanimiz taraqqiyotiga safarbar qilaylik. Biz 5 yil oldingi O‘zbekiston, 5 yil oldingi Qoraqalpog‘iston emasmiz. Endi rejalarimizni to‘g‘ri tuzib olsak, ularni bajarish oson bo‘ladi.

O‘zingiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibsiz, o‘tgan besh yillik muddat butun mamlakatimiz, xalqimiz uchun og‘ir sinovlar davri bo‘ldi. Biz Alloh taoloning marhamati, xalqimizning fidokorona mehnati bilan koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz qiyinchiliklarini mardona yengib o‘tmoqdamiz. 

Esingizda bo‘lsa bir raqam aytgandim – koronavirusga qarshi kurashga o‘sha paytda 80 trln so‘m mablag‘ sarflagandik. Lekin bu pulga achinmayman, sababi, bitta fuqaromizning hayotiga teng kelmaydi bu pullar", – deya davlat rahbari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident Yangi O‘zbekiston strategiyasi haqida ham gapirdi.

"Biz yaqinda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston strategiyasini ishlab chiqdik. 

Ushbu strategiyada sizlar bilan birgalikda fidokorona mehnatimiz orqali Yangi O‘zbekistondagi Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etish vazifasini ham yuksak maqsadlarimizdan biri sifatida belgilab olganmiz.  

Bugun sizlar bilan ochiq va samimiy muloqot qilib, mana shunday hal qiluvchi masalalar haqida atroflicha fikrlashib, maslahatlashib olsak, ayni muddao bo‘ladi.

Bilasizlar, men ish yuzasidan  Qoraqalpog‘istondagi deyarli barcha ovul va qishloqlarni kezib, ko‘p yoshullilar, dehqon va fermerlar, tadbirkorlar, ziyolilar bilan dildan suhbat qurganman. Keyingi besh yilning o‘zida ko‘p marotaba bu zaminga kelib, sizlar bilan birgalikda amalga oshirgan katta-katta ishlarimizni yorqin taassurotlar bilan eslayman.  

Qoraqalpoq do‘stlarimizning chiroyli bir gapi bor. Ya'ni, ular yaxshi insonlarga baho berganda, “Bul adamning juraǵi qabirg‘aśining astinńan ko‘riniṕ turadi!” deydilar. 

Qarang, qanday chuqur ma'noli, xalqona hikmat!

Men bugun ana shu go‘zal ta'rifni biroz o‘zgartirib, “Qoraqalpoqlarning qalbi ularning samimiy chehrasida yaqqol ko‘rinib turadi”, desam, yuraǵimdagi katta ishonch va mehrni ifoda etgan bo‘laman. 

Shu ma'noda, ulug‘ mutafakkir shoir Ajiniyozning: 
Bosh ketsa ham to‘g‘ri so‘zdan qaytmaǵan, Nomi qoraqalpoq ellarim bordir, – degan so‘zlari ham bu haqiqatni yaqqol tasdiqlaydi.

Chindan ham, bunday ĺafzi halol insonlarga bemalol ishonish, ular bilan birgalikda har qanday katta ishlarni amalga oshirish mumkin. 
Tili bilan dili, so‘zi bilan ishi bir bo‘lgan shunday oliyjanob xalq, albatta yuksak hurmat va e'tiborga sazovordir”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid