14:39 / 14.04.2020
77250

Aviaqatnovlar qachon tiklanishi maxsus komissiya qaroriga ko‘ra e'lon qilinadi - Transport vazirligi

Transport vazirligi Axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov koronavirusga qarshi kurash shtabida bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda kelib tushgan savollarga javob berdi

Foto: KUN.UZ

Tashkilotimiz eksport va import yuklarni yirik yuk mashinalarda yetkazish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi paytda kerakli hujjatlarni yig‘ib olish va topshirish muammo bo‘lyapti. Xodimlarimiz bojxonaga bora olmayapti, avtotransport texnik holatini kuzatish va ta'mirlash  uchun  usta yetkazib kelolmayapmiz. Yo‘lga chiqish uchun bankdan “komandirovochniy” olish ham muammo.  Bularga yechim bormi?

Koronavirus infeksiyasining keng tarqalishini oldini olish va e'lon qilingan karantin talablariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 apreldagi qaroriga asosan, 2020 yil 9 apreldan boshlab avtotransport vositalari harakatlanishiga davlat xizmatlari markazlari tomonidan maxsus ruxsatnoma berish to‘xtatildi.

Bunda avtotransport vositalariga mazkur sanaga qadar taqdim etilgan ruxsatnomalar asosida harakatlanish huquqi saqlab qolindi.

Mamlakatimizda aviaqatnovlar qachondan qayta tiklanadi? 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 30 mart soat 00:01 dan 20 aprel 00:01 ga qadar O‘zbekistondagi mavjud barcha aeroportlar yopilib, aviaqatnovlar butunlay to‘xtatildi.

Respublikamizdagi aeroportlar ish faoliyati va aviaparvozlarning qayta tiklanishi yoki bo‘lmasam cheklov choralarining uzaytirilishi respublika maxsus komissiyasi tomonidan e'lon qilinadi.

Top