Toshkentdagi qator korxonalar va kushxonalar Olmaliq hamda Ohangaronga ko‘chiriladi
Bugun, 4 avgust kuni “Salar” oqova suv inshootida uning atrofida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, inshoot atrofidagi mahallalar aholisining murojaati asosida muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tashkil etildi. Ishchi guruh “Salar” oqova suv inshooti hamda “Salar” kanali bo‘yida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarning belgilangan me'yorlarga muvofiq oqava suv inshootiga ulangani hamda ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni tashlash bo‘yicha normalarga amal qilish holatini atroflicha o‘rgandi.
O‘rganish xulosalari asosida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan terini qayta ishlash, to‘qimachilik, parrandachilikka ixtisoslashgan korxonalar va qoramol kushxonalari Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Ohangaron tumanlarida tashkil etiladigan “Maxsus sanoat zona”lariga ko‘chirilishi lozimligi haqida xulosa qilindi.
“Shundan kelib chiqib, bugungi uchrashuvda Toshkent shahar muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh a'zolari Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Ohangaron tumaniga ko‘chirilishi maqsadga muvofiq deb topilgan korxonalar bilan uchrashib, tushuntirish ishlarini olib borishdi”, deyiladi ma'lumotda.
Ta'kidlanishicha, “Salar” oqava suvlarni tozalash inshooti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan mas'ullarga zarur ko‘rsatmalar berilgan.
Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, avvalgi uchrashuvlarda bu hududda badbo‘y hid taralardi. Olib borilgan ishlar, xususan, qayta ishlanmagan oqavalar inshootga tashlanishi to‘xtatilganidan so‘ng, bugungi kunda bu yerdagi yoqimsiz hid ancha kamaygan.
“Ammo hali ishchi guruh xulosasi asosida bajariladigan ishlar ko‘p”, deyiladi hokimlik xabarida.
Mavzuga oid
21:58 / 04.11.2024
Sariq va qizil ranglarda tovlanayotgan Toshkent - fotojamlanma
17:42 / 04.11.2024
Xavfsizlik chegarasidan 80 barobar yuqori: Lahor dunyoning havosi eng iflos shaharlaridan biri
08:10 / 04.11.2024
Toshkentda “Yashil shahar” kuni o‘tkaziladi
19:25 / 31.10.2024