Pokistonning Lahor shahri dunyodagi eng iflos havoga ega shaharlardan biri ekani ma’lum qilindi. U yerda xavfsizlik chegarasidan rekord darajada yuqori ko‘rsatkich qayd etildi, deb xabar bermoqda Phys.org.
2 noyabr kuni shahardagi havoda muallaq turgan mayda chang zarrachalari, ya’ni PM2.5 miqdori 1067 ko‘rsatkichga yetgan. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sog‘liq uchun xavfsiz deb belgilagan chegaradan taxminan 80 barobar yuqori. Lahor shahri amaldorlarining ta’kidlashicha, hali biror marta bu ko‘rsatkich 1000 dan oshmagan edi.
Mutaxassislar so‘nggi bir necha kun mobaynida Lahorda juda qalin smog kuzatilganini aytdi. Bu tuman va ifloslantiruvchi moddalar aralashmasi bo‘lib, sifatsiz dizel yonilg‘isi hamda binolarni isitishdan chiqadigan tutun natijasida hosil bo‘ladi. Ayniqsa, havo soviganda ushbu hodisa yaqqol seziladi. Quyi harorat tufayli zich havo ifloslantiruvchi moddalarni uzoqroq vaqt o‘zida ushlab turadi.
Shaharda boshlang‘ich maktablar yopildi
Lahor hokimiyati ma’lum qilishicha, eng cho‘qqiga chiqqanidan keyin ifloslanish darajasi uch baravardan ko‘proqqa pasaygan. Ammo bu ko‘rsatkich yana bir necha kun yuqori bo‘lib turishi prognoz qilindi. Eng xavfli vaziyat kuzatilayotgan hududlarda turli cheklovlar joriy etildi. Xususan, shahardagi barcha boshlang‘ich maktablar bir haftaga yopildi. Dushanbadan boshlab ofis xodimlarining 50 foizi “yashil karantin” rejasi doirasida uydan ishlaydi.
Bundan tashqari, qurilish ishlari to‘xtatilib, ikki taktli dvigatel bilan ishlaydigan uch g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish taqiqlandi, shuningdek, ochiq olovda taom tayyorlaydigan muassasalar odatdagidan ertaroq yopiladigan bo‘ldi.
Vaziyatga Hindiston aybdor(mi?)
Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha yuqori lavozimli amaldor Raja Jahongir Anvarning aytishicha, smogni keltirib chiqaradigan “eng katta manba” Hindiston bilan chegaraning narigi tomonida ang‘iz (qishloq xo‘jaligi chiqindilari) yoqish odatidir.
Yana bir amaldor “kuchli shamol tufayli ularning tutuni Pokistonga kelayotganini” ta’kidladi.
“Bu masalani Hindiston bilan muzokaralarsiz hal qilib bo‘lmaydi”, — dedi u. Amaldorning qo‘shimcha qilishicha, provinsiya hukumati tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli muhokamalar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqchi.






