O‘zbekiston | 15:48 / 30.06.2023
12267
4 daqiqa o‘qiladi

“Dok-1 MAKS”ni ishlab chiqarishda zaharli sanoat mahsulotidan foydalanilgan – OAV

Hindistonda ishlab chiqarilib, o‘tgan yili oxirida O‘zbekistonda kamida 19 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan siroplarni ishlab chiqarishda ingrediyentlardan birining farmatsevtik versiyasi emas, zaharli sanoat versiyasidan foydalanilgan. Bu haqda Hindistonda davom etayotgan tergovdan xabardor ikki manba ma’lum qildi.

Foto: REUTERS / Anushree Fadnavis

O‘zbekistonda kamida 19 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilayotgan yo‘talga qarshi siroplarning ishlab chiqaruvchisi – Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi preparatni tayyorlashda ingrediyentlardan birining farmatsevtik versiyasidan emas, sanoatda ishlatiladigan zaharli versiyasidan foydalangan. Bu haqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, Marion Biotech propilenglikol moddasini Maya Chemtech India nomli vositachi kompaniyadan sotib olgan. Bu kompaniya esa farmatsevtikada qo‘llanadigan materiallarni sotish litsenziyasiga ega bo‘lmagan va faqat sanoatda ishlatiladigan moddalar savdosi bilan shug‘ullangan.

“Marion bu moddalardan yo‘talga qarshi siroplar ishlab chiqarmoqchi bo‘lganini biz bilmaganmiz. Bizning moddalarimiz nima maqsadda ishlatilishini bizga aytishmagan”, – degan ish tergov qilinayotgani sabab shaxsini ochiqlashni istamagan manba.

Reuters'ning ikki suhbatdoshi preparatlarni ishlab chiqarishda propilenglikolning sanoat versiyasi ishlatilganini bildirgan. Bu zaharli moddadan suyuq yuvish vositalari, antifriz mahsulotlari, bo‘yoqlar, qoplamalar ishlab chiqarish va pestitsidlarning samarasini oshirishda keng foydalaniladi.

“Marion propilenglikolning tijoriy versiyasini sotib olgan. Uni emas, Hindiston Farmatsevtika komissiyasi tasdiqlagan versiyasini olishlari kerak edi”, – degan tergovda qatnashayotgan anonim manbalardan biri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, farmkompaniya O‘zbekistonga sotgan siroplarini ishlab chiqarishda bu ingrediyentdan foydalanishdan oldin uning xavfsizligini tekshirib ko‘rmagan. Vaholanki, Hindiston qonunchiligiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanadigan ingrediyentlarning xavfsizligi uchun javobgardir.

Maya kompaniyasi hozircha javobgarlikka tortilmagan, biroq tergov davom etyapti. Kompaniya vakili Reuters'ga izoh berishni istamagan, faqatgina holat farmatsevtika sohasining federal rasmiylari tomonidan taftish qilinayotganini aytish bilan cheklangan. Shuningdek, Marion kompaniyasi ham, Hindistonning farmatsevtika regulyatori ham, Sog‘liqni saqlash vazirligi ham agentlikning so‘rovlariga javob bermagan.

Marion Biotech avvalroq biror xato-kamchilikka yo‘l qo‘yganini rad etgan edi. Mart oyida kompaniyaning uch nafar mulozimi hibsga olingan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Marion Biotech tomonidan ishlab chiqarilib, Quramax Medical tomonidan O‘zbekistonga yetkazib kelingan “Dok-1 MAKS” va “Ambronol” siroplarining ayrim partiyalari tarkibidan propilenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga zaharli moddalar – etilenglikol va dietilenglikol topilgan.

Dekabr oyida bu dorilarni ichganidan keyin kamida 19 nafar bola halok bo‘lgani oydinlashgandi.

Davlat xavfsizlik xizmati 27 dekabrdagi xabarida holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Qumarax kompaniyasi va dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazining to‘rt nafar mansabdor shaxsi qamoqqa olinganini bildirgandi.

Jinoyat ishining keyingi tafsilotlari haqida shu paytgacha ma’lumot berilmadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bolalar haqiqatan ham shu dorilardan zaharlangani isbotlansa, kompensatsiya to‘lanishini ma’lum qilgan. “Hozir har bir bola to‘g‘risida tekshiruvlar olib borilyapti”, – degandi vazir o‘rinbosari yanvar oyidagi chiqishida.

Mavzuga oid