Jahon | 23:02 / 10.10.2024
5538
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya kompaniyasi Zantac dorisi tufayli kiritilgan da’volarga 2,2 mlrd dollar to‘laydi

AQSh nazorat organlari 2020 yilda Zantac’da ishlatiladigan ranitidin saratonni yuzaga keltirishi mumkinligi tufayli ushbu dori vositasini savdodan olgan.

Foto: Bloomberg

Britaniyaning GSK farmatsevtika giganti o‘zining jig‘ildon qaynashiga qarshi Zantac dorisi saraton kasalligini keltirib chiqargani bo‘yicha AQSh sudlariga kiritilgan minglab da’volar uchun 2,2 milliard dollar to‘lashini ma’lum qildi.

Firma 80 ming da’vogar manfaatlarini himoya qilayotgan 10 ta yuridik firmalar bilan kelishuvga erishgan. Amalga oshirilayotgan kelishuvlar barcha holatlarning 93 foizini tashkil qiladi.

GSK shuningdek, ishlab chiqaruvchi Zantac dori vositasi natijasida saraton kelib chiqishiga oid ma’lumotlarni yashirib, AQSh hukumatini aldaganini ma’lum qilgan laboratoriya xodimiga 70 million dollar to‘laydi. Shu bilan birga, GSK kompaniyasi birorta holatda ham o‘z aybini tan olmagan.

Kompaniyaning investorlarga bergan bayonotida ta’kidlanishicha, dori vositasining saraton xavfini oshirishi to‘g‘risida «hech qanday izchil yoki ishonchli dalil» mavjud bo‘lmasa-da, kelishuvlar «katta moliyaviy noaniqlikka barham beradi».

AQShda Zantac savdosiga ilk bor 1983 yilda ruxsat berilgan. Besh yil davomida u dunyoda eng ko‘p sotilgan dori vositasi bo‘lgan — yillik savdo hajmi 1 milliard dollardan oshgan. 2020 yilda AQSh nazorat organlari Zantac’da ishlatiladigan ranitidin saratonni yuzaga keltirishi mumkinligi tufayli ushbu dori vositasini savdodan olgan. Bu esa o‘z navbatida, ishlab chiqaruvchiga nisbatan o‘n minglab da’volarning kiritilishiga sabab bo‘ldi.

GSK kompaniyasidan tashqari dori vositasi Pfizer, Sanofi va Boehringer Ingelheim farmatsevtika kompaniyalari tomonidan ham sotib kelingan. Pfizer va Sanofi yuzaga kelgan bahslarni bartaraf etishga rozilik bildirgan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid