Shavkat Mirziyoyev Mirabror Usmonov oilasiga ta'ziya bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, davlat va jamoat arbobi Mirabror Usmonov shu yil 15 mart kuni og‘ir xastalik tufayli vafot etgani xabar berilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev marhum xonadoniga tashrif buyurib, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Mirabror Zufarovich Usmonov 1947 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ko‘p yillar iqtisodiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida turli lavozimlarda samarali faoliyat olib borgan, 1994-2005 yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari sifatida iste'mol mollari ishlab chiqarish va savdo tarmoqlariga rahbarlik qilgan.
M.Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi ko‘p yillik faoliyati davomida bilimi, katta hayotiy tajribasi bilan qonunlar ishlab chiqilishida faol ishtirok etdi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti sifatida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Mirabror Usmonovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari hamda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.
Davlat rahbarining marhum xonadoniga tashrifi xalqimizga xos olijanoblikning, mamlakat rivojiga hissa qo‘shgan insonlarga ehtiromning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Qur'on tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi, deyiladi xabarda.
Prezident marhumning ezgu ishlarini yodga olgan.
– Mirabror Usmonov mustaqilligimizning og‘ir-yengil kunlarini tortgan, xalqimizga, Vatanimizga katta xizmatlar qilgan ulug‘ inson edi. Odamlarga qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilardi. Oilasiga, yurtiga, davlatga sadoqatli edi. Keyingi paytlarda sog‘ligi yaxshi bo‘lmasa ham Senatning hamma majlislarida qatnashishga harakat qildi, foydam tegsin derdi, – dedi davlat rahbari.
Ta'ziyaga yig‘ilganlar prezidentga minnatdorlik bildirgan.
Mavzuga oid
19:45 / 06.02.2024
Elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi
19:10 / 22.01.2024
Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar bo‘yicha axborot berildi
19:05 / 22.01.2024
«Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» tashkil etiladi
09:47 / 19.01.2024