O‘zbekiston | 17:58 / 15.09.2021
4281
2 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat kodeksiga inson a'zolarini ko‘chirib o‘tkazish masalasiga taalluqli o‘zgartish kiritiladi 

Bugun, 15 sentabr kuni Senat Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida “Inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi xususida davra suhbati o‘tkazildi. 

Qayd etilishicha, fuqarolar katta mablag‘ sarflab chet ellarda amalga oshirib kelayotgan murakkab jarrohlik amaliyotlari nafaqat poytaxt, balki viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bunda sohaning moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyati davr bilan mutanosib ravishda takomillashtirib borilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Birgina misol, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda katta mablag‘ va vaqt sarflamasdan Samarqand viloyatida ham amalga oshirish mumkin bo‘ldi, – dedi Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odil Iminov. – Biroq inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchiligimizda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emas. Qonun loyihasida qayd qilingan amaliyot bilan bog‘liq aniq chegara va tartiblar belgilab berilmoqda. Shu bois, loyiha, avvalo, mahalliy Kengashlar deputatlari, olimlar, mutaxassislar, qolaversa, keng jamoatchilik ishtirokida bugungiday davra suhbatlarida atroflicha muhokama qilinmoqda.

Ta'kidlanganidek, inson a'zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Jinoyat kodeksiga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Bundan tashqari, ushbu amaliyot biznes turiga aylanib qolmasligi uchun ham zarur cheklovlar o‘rnatilmoqda.

Mavzuga oid