Jahon | 20:03 / 29.04.2024
16088
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbe: Rossiyada Tojikiston fuqarolarining huquq va erkinliklari keng miqyosda poymol qilinmoqda

Tojikiston TIV Rossiya elchisiga nota topshirdi. Unda Rossiyadagi Tojikiston fuqarolariga nisbatan ommaviy tarzda keskin salbiy munosabatlar kuzatilayotgani, ularning huquq va erkinliklari keng miqyosda poymol etilayotganidan xavotir bildirilgan.

Foto: Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 29 aprel kuni Rossiya elchisi Semyon Grigorevga nota topshirdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, notada Rossiya hududida Tojikiston fuqarolariga nisbatan ommaviy tarzda keskin salbiy munosabatlar kuzatilayotgani, shuningdek, ularning huquq va erkinliklari keng miqyosda poymol etilayotganidan jiddiy tashvish bildirilgan.

Hujjatda, shuningdek, bunday xatti-harakatlar faqatgina Tojikiston fuqarolariga nisbatan bo‘layotgani, bu esa Tojikiston–Rossiya munosabatlarining ruhi va an’analariga mos emasligi ta’kidlangan.

Avvalroq Tojikiston o‘z fuqarolarini “o‘ta zarurat bo‘lmasa” Rossiyaga bormaslikka chaqirgan edi.

Bundan oldin rasmiy Dushanbe tojikistonliklarni Rossiya hududiga kiritmaslik bilan bog‘liq holatlar bir necha haftadan buyon ommaviy ravishda davom etayotganini bildirgan.

Tojikiston TIVning 28 apreldagi xabariga ko‘ra, Moskvadagi aeroportlarda mingga yaqin Tojikiston fuqarolari ushlanib qolgan, ular orasida Rossiya hukumatining grantlari asosida o‘qishga kelgan talabalar ham bor. Bayonotda aytilishicha, “bunday cheklov choralari faqatgina Tojikiston fuqarolariga nisbatan” qo‘llanilmoqda.

Rossiyada Tojikiston fuqarolariga nisbatan cheklovlar Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida ro‘y bergan teraktdan keyin kuzatila boshlangan edi. 140 dan ortiq inson halok bo‘lgan hodisadan keyin Rossiyada migrantlarga qarshi cheklovlar kiritish masalasi faol muhokama qilina boshlandi.

Mavzuga oid