Jahon | 07:30 / 31.05.2024
12401
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh sobiq prezidenti Tramp jinoiy ishda aybdor deb topildi

Nyu-Yorkdagi hakamlar hay’ati sobiq prezident Donald Trampni 34 ta hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topdi. Hukm 11 iyul kuni e’lon qilinadi.

Foto: Reuters

30 may, payshanba kuni Nyu-Yorkdagi hakamlar hay’ati AQSh tarixida birinchi marta sobiq prezident - Donald Trampga qarshi ochilgan jinoiy ish bo‘yicha ayblov hukmi chiqardi. O‘n ikki hakamlar hay’ati sobiq prezidentni Trampning 2016 yilgi qayta saylanish kampaniyasiga tahdid solgan aktrisa Stormi Denielsga to‘lovlarni yashirish uchun biznes yozuvlarini soxtalashtirishda aybdor deb topdi.

Tramp barcha 34 ta band bo‘yicha aybdor deb topildi. U yozuvlarni qalbakilashtirish bo‘yicha 34 ta holatning har birida to‘rt yilgacha — jami 136 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Jazoni sudya Xuan Merchan 11 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan maxsus sud majlisida belgilaydi. 

Oq uy «qonun ustuvorligini hurmat qiladi»

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakili Trampga hukm e’lon qilinganidan keyin Oq uy «qonun ustuvorligini hurmat qilishini» aytdi. Jo Baydenning o‘zi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlari oldidan saylovoldi tashviqoti uchun Trampga qarshi ayblov hukmidan foydalangan: «Donald Trampni Oval kabinetdan chetlashtirishning birgina yo‘li bor: saylov qutisida», - deydi prezident. 

Tramp: Hakamlar hay’atining hukmi - yakun emas

Donald Tramp sud zalini tark etgach, jurnalistlarga hakamlar hay’atining hukmi «yakun emasligini» aytdi. «Biz kurashni davom ettiramiz, oxirigacha kurashamiz va g‘alaba qozonamiz, chunki mamlakatimiz do‘zaxga aylandi», - dedi sobiq prezident. Hukm e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Trampning advokati Todd Blansh hakamlar hay’ati qarori ustidan shikoyat qilishini aytdi. 

Trampning hujjatlarni soxtalashtirishda ayblanishi

4 aprel kuni Nyu-Yorkdagi Manxetten sudi Donald Trampni biznes ma’lumotlarini soxtalashtirish va jinoiy til biriktirish bo‘yicha 34 ta bandda aybladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yil avgustidan 2017 yil dekabrigacha Tramp «e’lon qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik va saylov istiqbollariga foyda keltirish maqsadida o‘zi haqidagi salbiy ma’lumotlarni aniqlash va «sotib olish» yo‘li bilan 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga ta’sir ko‘rsatish uchun boshqalar bilan sxemani tashkil qilgan». Shu bilan birga, Tramp «biznes yozuvlariga o‘nlab noto‘g‘ri yozuvlar kiritish» orqali bu harakatlarini yashirishga uringan. 

Sud jarayoni qanday yakunlanishidan qat’i nazar, Donald Tramp prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin. AQSh Konstitutsiyasida davlat rahbari lavozimiga nomzod uchun faqat uchta talab mavjud: u kamida 35 yoshda bo‘lishi, AQShda tug‘ilgan va u yerda kamida 14 yil yashagan bo‘lishi kerak. 

Mavzuga oid