Jahon | 23:17 / 31.05.2024
8134
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy o‘z pandalarini AQShga qaytaradi

Xitoy pandalarni xorijiy mamlakatlarga ijaraga berib, munosabatlarni yaxshilashda «panda diplomatiyasi»dan foydalanishni davom ettirishga qaror qildi. 

Foto: Getty Images

AQSh poytaxtidagi Smitson milliy hayvonot bog‘i 29 may kuni Xitoydan ikki ulkan panda - 2 yoshli erkak Bao Li va 2 yoshli urg‘ochi Tsin Bao kelishini ma’lum qildi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi. 

Bao Li 2013 yilda ushbu hayvonot bog‘ida tug‘ilgan urg‘ochi panda Bao Baoning o‘g‘li hamda o‘tgan yili hayvonot bog‘ini tark etgan Mey Syan va Tyan Tyan juftligi nabirasidir. 

Qayd qilinishicha, AQSh va barcha pandalarning egasi bo‘lgan Xitoy o‘rtasidagi bugungi tarang munosabatlar sharoitida bu yangilik kutilmagan bo‘ldi. 29 may kuni ertalab hayvonot bog‘ida qilgan chiqishida Xitoyning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Siye Feng ikki davlat o‘rtasida munosabatlar yaxshi bo‘lishi kerakligini aytdi. 

Nashrning ta’kidlashicha, endi yangi davr boshlanmoqda va hayvonot bog‘iga keladigan tomoshabinlarning yangi avlodi uchun pandamaniya hayajonini his qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, yana yangi pandachalar dunyoga kelishi umidi ham paydo bo‘lmoqda. 

«Men hozir juda xursandman, buni ifodalash juda qiyin», dedi hayvonot bog‘i direktori Brendi Smit xonim. «Ushbu dastur ulkan pandalar uchun juda muhim. Biz yo‘qolib borayotgan turni saqlab qolish uchun ishlayapmiz», dedi u. 

Yangi pandalar 2034 yilning aprelida tugaydigan 10 yillik ijara asosida keltiriladi. Bu davrda hayvonot bog‘i Xitoyning yovvoyi tabiat va tabiatni muhofaza qilish assotsiatsiyasiga yiliga 1 million dollar to‘laydi. 

Dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli, ammo Pekin 1984 yildan beri hayvonlarni xorijiy mamlakatlarga ijaraga berib, munosabatlarni yaxshilashda «panda diplomatiyasi»dan foydalanmoqda. 

Mey Syan va Tyan Tyan ismli pandalar Vashington hayvonot bog‘iga 2000 yilda Xitoy yovvoyi tabiat assotsiatsiyasi bilan kelishuv doirasida kelgan edi. Juftlik tadqiqot va naslchilik dasturi uchun o‘n yil qolishi kerak edi, ammo Xitoy bilan shartnoma bir necha bor uzaytirildi. 2020 yilda juftlik bola ko‘rdi. O‘sha yili hayvonot bog‘i uch bosh pandani 2023 yil oxirigacha saqlab qolish uchun shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng, ular Xitoyga qaytarilishi kerak edi. 

Biroq, 2024 yil fevralida Xitoy yovvoyi hayvonlarni himoya qilish assotsiatsiyasi Vashington milliy hayvonot bog‘i bilan pandalarni qaytarish bo‘yicha muzokara o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Pandalarning qaytishi haqidagi ushbu xabar muzokaralarning muvafaqiyatli yakunlanganidan dalolat bermoqda.

Mavzuga oid