Sport | 19:42 / 27.01.2021
25673
3 daqiqa o‘qiladi

«Eldor yaqin orada boshqa klubda o‘ynaydi». FootWeek’ning Dubayda tayyorlangan sonida «Match» TV sharhlovchilari va Abramov bilan eksklyuziv intervyu

 Dubayga safar qilgan Kun.uz va Tribuna.uz muxbirlari FootWeek loyihasining navbatdagi maxsus sonini amirliklarda suratga olishdi. Ko‘rsatuv muallifi Bobur Akmalov «Paxtakor»ning «Zenit»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan stadionda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov, «Zenit» bosh murabbiyi Sergey Semak va «Match» sharhlovchilari bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

Vadim Abramov «Bunyodkor»ni tark etgani va milliy jamoada o‘ylantirayotgan muammolar haqida

«Paxtakor»ning «Zenit»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan stadionda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramovning tashrifi kutilmagan hol bo‘ldi. Chunki bir necha kun oldin Karlenovich «Bunyodkor»ning Toshkentdagi yig‘inida ko‘rinish bergandi. Fursatdan foydalanib, Vadim Abramovni savollarga tutdik.

Vadim Karlenovich suhbat davomida Dubayga kelishidan ko‘zlangan asosiy maqsad, «Paxtakor» jamoasining milliy jamoaga ta'siri, himoya chizig‘idagi muammolar, Dragan Cheranning O‘zbekiston milliy jamoasiga taklif etilishi, «Bunyodkor»dagi maosh kamligi sababli futbolchilarning jamoani tark etayotgani hamda o‘zi ham klubni tark etgani haqida gapirdi. Suhbatni to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shuningdek, «Paxtakor»ning «Zenit»ga qarshi o‘yini haqida piterliklar bosh murabbiyi Sergey Semakning fikrlari ham joy olgan.

«Eldor yaqin orada boshqa klubda o‘ynaydi». Rossiyalik taniqli insayder Nobel Arustamyan va «Match» TV sharhlovchilari Genich hamda Gutsayt bilan suhbat

«Paxtakor» - «Zenit» (0:3) o‘rtasidagi uchrashuvda rossiyalik taniqli insayder va «Match TV» sharhlovchisi Nobel Arustamyanni uchratishni kutmagan edik. Italyan futboli mutaxassisi bo‘lgan Arustamyan bilan suhbatimiz beixtiyor Eldor Shomurodov haqidagi savol bilan boshlanishi tabiiy edi.

Nobel suhbat davomida «Yuventus» Shomurodovni chindan ham kuzatayotgani va Turin klubi uni sotib olish uchun qanday yo‘ldan yurishi mumkinligini tushuntirib berdi. Taniqli insayderning fikricha, Shomurodov yarim emas, bir yildayoq katta ehtimol bilan boshqa klubda bo‘ladi. Qiziqarli savol-javoblar bilan o‘tgan suhbatni yutubdagi kanalimizda to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shuningdek, rossiyalik sharhlovchilar Konstantin Genich va Roman Gutsayt ham «Paxtakor» jamoasi, o‘zbekistonlik legionerlar – Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinov haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Bularning barchasini FootWeek’ning Dubayda tayyorlangan eksklyuziv sonida tomosha qiling. Qiziqarli intervyulardagi insayd va ma'lumotlar sizni befarq qoldirmasligiga ishonamiz.

Mavzuga oid