04:00 / 15.08.2021
63251

Afg‘oniston: Mozori Sharifning qulashi. Endi Kobul qurshovda qoldi

Shanba oqshomida «Tolibon» Afg‘oniston shimolidagi yirik shahar Mozori Sharifni ham egalladi. Bu vaqtda AQSh harbiylari diplomatik missiyalar xodimlarini evakuatsiya qilish uchun Kobulga qaytmoqda.

Rasmiy hukumat toliblarni to‘xtatish uchun nima ish qildi?
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bir necha kun oldin Mozori Sharifga kelib, mahalliy qo‘mondonlar bilan kuchlarni birlashtirish va toliblarga qarshi hujum boshlash masalasini muhokama qilgandi.

Shanba kuni G‘ani millatga qisqa murojaat qildi va hukumat oqsoqollar va siyosiy yetakchilar, mamlakatdagi turli jamoalar vakillari, shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan maslahatlashuv olib borayotgani haqida ma'lum qilgandi.

«Sizning prezidentingiz sifatida, men kelgusida beqarorlik, zo‘ravonlik va xalqimning majburan ko‘chirilishi holatlarining oldini olishga harakat qilmoqdaman», deya qo‘shimcha qilgandi u.

G‘ani odamlarni urushga giriftor qilishga yo‘l qo‘ymaslikni va'da qilib, shaharlarni «Tolibon»dan himoya qilishga urinayotgan xavfsizlik kuchlariga minnatdorlik bildirgandi.

Avvalroq G‘ani o‘z murojaatida iste'fo haqida e'lon qilishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, «Tolibon» G‘ani o‘z postida qolar ekan, tinchlik muzokaralariga kirishishdan bosh tortishini ma'lum qilgan.

Barcha katta shaharlar toliblar qo‘lida

Shanba kuni davomida «Tolibon» sharqdagi Paktika va Kunar viloyatlari markazlari Sharan va Asadobod shaharlarini egallagani xabar qilingandi.

Toliblar blitskrig orqali mamlakatning barcha yirik shaharlarini egalladi va endi Kobulga tahdid solmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda toliblar ushbu shaharlarda o‘zlarining oq bayroqlarini ko‘targani aks etgan tasvirlar tarqalgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Nangarhor viloyati markazi Jalolobod ham taslim bo‘lgan.

Shuningdek, Maydon Vardak viloyati markazi, Kobuldan 40 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Maydonshahr uchun janglar ketmoqda.

Mahalliy jurnalistlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiylari juma kuni toliblar qo‘liga o‘tgan Qandahor shahridagi xalqaro aeroportga zarbalar yo‘llagan.

Juma kuni jangarilar Kobuldan 80 km masofada joylashgan Logar viloyati markazi Puli-Alamni ham egallashgandi.

Ayni vaqtga kelib Afg‘onistondagi 34 viloyatdan 20dan ortig‘ining markazi, barcha yirik shaharlar toliblar nazoratida. Endilikda hukumat qo‘lida qolgan yagona yirik shahar - poytaxt Kobuldir.

Mamlakatning asosiy shaharlarini birin-ketgan zabt etgan toliblar endi butun kuchni Kobulga yo‘naltirishi mumkin. Kobul atrofida janglar boshlanib ketgan, ayrim postlar toliblarga boy berilgan, shahar elektr ta'minotidan to‘liq uzilgan.

Kobulda ayni vaqtda urush ketayotgan hududlardan qochib kelgan yuz minglab qochqinlar to‘plangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Tolibon» harakati tarafdorlari hukumat qo‘shinlari tashlab qochgan ko‘p sonli harbiy o‘ljalarning suratlarini tarqatmoqda - tashlab ketilgan bazalarda ko‘plab zirhli texnikalar, og‘ir qurollar, vertolyotlar va hatto dronlar qo‘lga kiritilgan. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Kobuldagi hukumat uchun urushgan askarlar yoki qurol va texnikalarni tashlab qochmoqda, yoki harbiy bo‘linmalar to‘liq tarkibda toliblarga taslim bo‘lmoqda.

Xususan, toliblar tomonga o‘tganlar orasida uchuvchilar ham bo‘lib, endilikda harakat havo qo‘shinlariga ham ega bo‘lishi mumkin.

Mozori Sharif qanday quladi? Do‘stum va Nur qayerda?

Balx viloyati ma'muriy markazi Mozori Sharifga hujum kun oxiriga borib mudofaa kuchlari shimolga, O‘zbekiston chegarasiga chekinishi va shahar qo‘lga olinishi bilan yakunlandi. Shu bilan, Afg‘oniston shimoli to‘liq toliblar qo‘liga o‘tdi.

Mahalliy rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri bo‘lmish (Kobul, Qandahor va Hirotdan keyin) Mozori Sharif deyarli jangsiz topshirilgan.

Balx viloyatidan bo‘lgan deputat Associated Press muxbiri bilan suhbatda birinchi bo‘lib hukumat armiyasi taslim bo‘lgani, shundan keyin hukumatni qo‘llab-quvvatlagan kuchlar va boshqa guruhlar chekinishga majbur bo‘lgani haqida aytgan.

Termiz shahridan 100 km masofada joylashgan bu shahar yirik iqtisodiy markazlardan biri hisoblanadi. Toliblar bu shaharga so‘nggi bor 1990-yillarda kirishgandi.

Xabarlarga ko‘ra, etnik o‘zbeklar yetakchisi, marshal Abdulrashid Do‘stum va etnik tojiklar yetakchisi, Balx viloyatining sobiq gubernatori Ato Muhammad Nur ayni vaqtda Balxdan tashqarida, ular aynan qayerdagi hozircha aniq emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda jangarilar marshal Do‘stumning bo‘sh qoldirilgan uyida sayr qilayotgani aks etgan.

Shu hafta davomida Ashraf G‘ani bilan muzokaralardan keyin Do‘stum «toliblar bir necha marta shimolga kelishgani va har safar qopqonga tushishgani, endi ular bu qopqondan chiqib ketishi mushkul bo‘lishi» haqida gapirgandi.

Ato Muhammad Nur ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mag‘lubiyatda hukumat kuchlarini ayblab, ular qurollar va texnikalarni toliblarga topshirishganini aytgan.

«Qadrli vatandoshlar. Kuchli qarshilik qilganimizga qaramay, hukumat va afg‘on milliy xavfsizlik kuchlari qurollari, texnikalari «Tolibon»ga topshirildi. Bu yerda sotqinlarcha va qo‘rqochlarcha fitna uyushtirildi. Ular meni va marshal Do‘stumni qo‘lga olish uchun fitna uyushtirishdi, lekin biz omon qoldik.

Hozir men, marshal Do‘stum, balxlik deputatlar, Balx mahalliy kengashi rahbari xavfsiz joydamiz. Hali aytib beradigan gaplar ko‘p, bu voqealar haqida vaqti kelib aytib beraman. O‘z zamini uchun mardonavor jang qilganlarning barchasiga rahmat. Bizning yo‘limiz bu bilan tugamaydi», degan u.

ToloNews telekanali xabar berishicha, Ato Muhammad Nur va Abdulrashid Do‘stum vertolyotda O‘zbekistonga uchib ketgan.

Avvalroq, Mozori Sharif qo‘ldan ketgani haqidagi xabarlar ortidan chekinayotgan afg‘on xavfsizlik kuchlari Amudaryo bo‘yiga, O‘zbekiston chegarasiga yetib kelgani ma'lum bo‘lgandi.

Afg‘onistonning Hayraton va O‘zbekistonning Termiz shaharlarini bog‘lab turuvchi «Do‘stlik» avtomobil va temir yo‘l ko‘prigida olingan kadrlarda afg‘on harbiylari chegara ochilishini kutib turgani aks etgan.

Mozori Sharifda yashovchilardan biri BBC muxbiri bilan suhbatda toliblarning shaharga kirishidan xavotirlarini bayon etgan.

«Ular uylarimizga kirishadi, afsuski, biz hech narsa qila olmaymiz. Biz juda qo‘rquvdamiz. Bolalarim juda qo‘rqmoqda, rafiqam yig‘lamoqda. Ertaga biz bilan nima bo‘lishini bilmaymiz», degan u.

«To‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid yo‘q»

«Tolibon»ning g‘alabali yurishi amerikalik harbiylar mamlakatdan butunlay chiqib ketishi bilan parallel ravishda kechmoqda: AQSh prezidenti Jo Bayden may oyi boshida qo‘shinlarni olib chiqish jarayoni 11 sentyabrga qadar yakunlanishini ma'lum qilgandi. Ammo toliblarning juda tez ilgarilashi oqibatida AQSh shu kunlarda Kobulga 3 ming askarini qaytardi, harbiylar elchixona personali va amerikaliklar bilan hamkorlik qilgan minglab afg‘onlarni xavfsiz tarzda evakuatsiya qilishni ta'minlaydi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Bayden Afg‘onistondagi fuqarolar evakuatsiyasini amalga oshirish uchun yuboriladigan askarlar sonini 5 ming nafarga oshirgan.

Evakuatsiya uchun harbiylarini Kobulga faqat AQSh emas, Britaniya ham yuborgan / PA MEDIA

Evakuatsiya jarayoni tezlashtirilgani va diplomatik missiyalardagi maxfiy ma'lumotlar yo‘q qilinayotganiga qaramay, Jo Bayden ma'muriyatidagilar Afg‘onistonda hokimiyat toliblar tomonidan egallanishi muqarrar deb hisoblamayapti.

«Ayni vaqtda Kobul uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf yo‘q», degan juma kuni Pentagon rasmiysi Jon Kirbi. Holbuki, bir necha kun muqaddam Amerika harbiy amaldorlaridan biri, hozirgi voqealar rivojida Kobul yaqin bir oy ichida bosib olinishi mumkinligini bildirgandi.

Ko‘plab Yevropa davlatlari, shu jumladan Britaniya, Germaniya, Daniya va Ispaniya ham ushbu mamlakatdagi elchixonalari xodimlari olib ketilishini ma'lum qildi. Diplomatik missiyalar yoki to‘liq yopilmoqda yoki xodimlar soni minimumgacha qisqartirilmoqda. Buyuk Britaniya mamlakatni tark etayotgan fuqarolari xavfsizligini ta'minlash uchun 600 nafar harbiy xizmatchisini yuborgan.

Shu kunlarda BMT bosh kotibi Afg‘onistondagi vaziyat nazoratdan chiqib ketayotganini ma'lum qilgan, tashkilot qo‘shni davlatlarni tinch aholiga mansub bo‘lgan afg‘on qochqinlari uchun ochishga chaqirgandi.

«Faqat so‘nggi bir oyning o‘zida tinch aholi orasida mingdan ortiq kishi tasodifiy hujumlar oqibatida halok bo‘lgan yoki yaralangan, ayniqsa, Hilmand, Qandahor va Hirot viloyatlarida talafot ko‘p bo‘lgan», degan Antoniu Guterrish.

U toliblarning hujumi ayniqsa jurnalistlar va ayollarga katta xavf tug‘dirayotganini ma'lum qilgan. «Tolibon»ning 1990-yillardagi boshqaruvi davrida ayollar shafqatsiz zulm ostida yashashgan: ular barcha joyda burqada bo‘lishi majburiy edi, 10 yoshdan oshgan qizlar maktabda o‘qishi taqiqlangandi.

Harbiy ekspertlar Afg‘onistonda hukumat kuchlarining uzil-kesil mag‘lubiyati mamlakatni xalqaro terrorizmning yangi bazasiga aylantirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, ularning hisoblashicha, bu yerdan boshqa mamlakatlarga, xususan, Yevropaga terrorchilik hujumlari tayyorlanishi mumkin. Agar ziddiyat natijasida mamlakat bir necha qismga parchalanib ketsa, buning ehtimoli yanada ortadi.

Afg‘onistondagi urush: asosiy faktlar

  • 2001 yilda, «Tolibon»ning o‘sha vaqtdagi yaqin ittifoqchisi Usama bin Lodin yetakchiligidagi «Al-Qoida» tomonidan amalga oshirilgan 11 sentabr teraktidan keyin AQSh rahbarligidagi harbiy kuchlar Afg‘onistonga kirib, qisqa muddat ichida toliblarning hokimiyatini ag‘darishgandi.
  • Keyingi 20 yillikda okkupatsiya va harbiy operatsiyalar davom etdi. AQSh va uning ittifoqchilari afg‘on xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashdi, ammo toliblarning hujumlari tinmadi.
  • Yakunda AQSh toliblar bilan kelishuv tuzdi: «Tolibon» xalqaro terrorchilar bilan hamkorlik qilmaslik va ularga o‘z hududidan baza sifatida foydalanish uchun sharoit yaratmasligi evaziga amerikaliklar mamlakatdan ketadigan bo‘ldi. Ammo toliblar va afg‘on hukumati o‘rtasida muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Amerika askarlari esa baribir Afg‘onistonni shu yildayoq tark etadigan bo‘lgach, toliblar keng ko‘lamli yurishlarni boshladi va mamlakatning katta qismini egallab oldi.

Kobuldagi qochqinlar
So‘nggi najot sifatida Kobulga kelgan ko‘plab qochqinlar ayni vaqtda ko‘chalarda yashab, uxlamoqda. «Bolalarni qutqaring» (Save the Children) tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, hozirda Kobulda toliblar egallab olgan hududlardan ota-onalari bilan qochib kelgan 72 ming bola bor.

Yuz minglab afg‘onlar «Tolibon»dan qochib Kobulga kelishgan, ammo jangarilar poytaxt ostonasida / GETTY IMAGES

«Bizda chaqalog‘im uchun non va dori-darmon sotib olishga pul yo‘q. Uyimiz va barcha narsalarimiz yonib ketdi, shu tufayli Kobulga keldik va xudodan yordam so‘rab o‘tinmoqdamiz», degan BBC bilan suhbatda Qunduzdan qochib kelgan 35 yoshli ko‘cha savdogari.

Ta'lim tashkilotining ijrochi direktori, afg‘on qizlariga ta'lim berish bilan shug‘ullangan Pashtana Durroniy ham Kobulga kelgan. U ayni vaqtda o‘z hayoti uchun tashvishda.

«Men bilan ishlagan qizlar qochib yashirinishdi. Men talabalarim qayerdaligini bilmayman, ularning hayoti uchun xavotirdaman. Toliblar ularni ne ko‘yga solishini bilmayman», degan u BBC uchun bergan intervyusida.

«Bu yerdan yana qayerga qochish mumkin?»
BBC’ning Kobuldagi korrespondenti Yogita Lima:

Kobulda ayni vaqtda toliblar egallagan turli hududlardan kelgan 70 mingdan ortiq bolalar bor / EPA

Odamlar barchasi bir soat ichida o‘zgarib ketishini tasavvur ham qila olishmagandi. Payshanba kunining o‘zida besh viloyat markazi toliblar qo‘liga o‘tdi.

Kobulga minglab kishilar kelmoqda, ularning soni kun sayin ortmoqda. Ular faqat eng zarur narsalarni o‘zi bilan olgan holda qochishgan. Bular tinchlik davrida o‘z uyiga va ishiga, do‘konlar va fermalariga ega bo‘lgan odamlar - endi ular o‘lib ketmaslik uchun barchasini tashlab ketishga majbur bo‘lishgan.

Ularning ayrimlari Kobulga yetib olish uchun kunlab yo‘l bosishgan. Hozirda mamlakat bo‘ylab harakatlanish ham juda xavfli - ular toliblarning nazorat-o‘tkazuv punktlarini va urush ketayotgan hududlarni chetlab o‘tib yetib kelishgan.

Ammo ular qayerga ham qochardi?

Ular hukumat ularni taqdir izmiga tashlab qo‘yganidan norozi. Rasmiylar ularni masjidlarga joylashtirish va yordam ko‘rsatishga va'da bergan. Ammo joylar va oziq-ovqat barchaga ham yetmaydi.

Bu odamlar o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilayotgan AQSh va Buyuk Britaniya afg‘onlarni o‘z holiga tashlab ketayotganidan g‘azabda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top