O‘zbekiston | 15:18 / 26.01.2021
36505
6 daqiqa o‘qiladi

–18 daraja sovuq, qamishli devor va zog‘ora non - Qoraqalpoq ovulida bir tun

Kun.uz ijodiy guruhi «Qishloqda bir tun» loyihasining navbatdagi sonini O‘zbekistonning eng chekka g‘arbiy tumanlaridan birida olishga qaror qildi. Shu maqsadda Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumani, Qizilketgen QFY, Qizilo‘zak ovuliga safar qildik.

Saksovulzorlar, to‘qayzorlar oralab borarkanmiz, so‘rab-so‘rab Makkani topibdi, deganlaridek, biz ham so‘ray-so‘ray Qizilo‘zak ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qilib keluvchi onaxon – Juzimgul momo Alimbetovaning uylariga kun asrdan oqqanda yetib keldik.

Odatga ko‘ra, xayrli duodan so‘ng, hol-ahvol so‘rab, qishning sovuq kunlarini qanday o‘tkazayotganlariga qiziqamiz.

Ovulga gaz quvurlari 1993 yilda tortilgan va bir vaqtlar unda zangori olov oqqan, ammo tabiiy gaz berilmayotganiga 10 yillar bo‘lgan.

«Gaz ballonlari bir oydan o‘tganda, bir yarim oyda bir yetkaziladi», – deydi Juzimgul momo.

74 yoshni qoralab qolgan momo 4 o‘g‘il, 3 qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Qizlarini uzatib, o‘g‘illarini uylantirgan. Sobiq ittifoq davrida Oktabr sovxozida sholi yetishtirilgan.

Momoning 4 o‘g‘li ham fermerlar qo‘lida ishchi. Bir qizidan 1-guruh nogiron qiz nevarasi bor.

«Televizorda ko‘ramiz, bayramlarda nogironlarning holidan borib xabar olishadi. Yaqinda nogironlar kuni ham bo‘ldi. Ammo bizning bu yerlarda xabar olishmaydi-da. Nogironning o‘zi bilmasa ham qarab turganning ko‘ngli ko‘tarilib qoladi-da. Hech bo‘lmasa, tuman markaziy shifoxonasidan shifokor yiliga bir marta kelib, xabar olib ketsa ham mayli edi. Aksincha, shifokor o‘zini olib keling, deydi. Lekin ovuldagi patronaj shifokor kelib turadi», – deydi Juzimgul momo.

«1999 yilda turmush o‘rtog‘im vafot etdi, 7 farzandni uyli-joyli qilish tashvishi meni qaritib qo‘ydi. Allohning inoyati bilan ishladim, ter to‘kdim, hammasidan qutuldim. Katta o‘g‘limning ikki farzandi qolgandi. Ularni ham uyli-joyli qildim. Ularning ikki nafardan farzandlari bor. 26 nevara va 7 chevaram bor», – deydi momo.

75 xo‘jalik yashaydigan ovulda boshlang‘ich maktab bor. Ovul bolalari 5-sinfdan boshlab 7 km uzoqlikdagi boshqa maktabga qatnay boshlaydi. Maktabga borish uchun ertalab soat 7da yo‘lga chiqiladi. Qaysi bir o‘quvchi piyoda, boshqasi velosipedda, yana kimdir eshakda maktabga qatnaydi.

Yo‘lning o‘ziga borib-kelish uchun 3 soatdan ortiq vaqt ketadi. Ayniqsa, biz bo‘lgan kunlarimizda havo harorati ertalab –17-18 daraja sovuq bo‘lgani inobatga olinsa, yosh bolalarning quyosh chiqmasdanoq yo‘lga tushishlarini tasavvur qiling-a?

Ovuldagilarning tirikchilik manbayi – sholichilik va chorvachilik.

Ayollarning ham o‘z yumushlari va oila iqtisodiga hissa qo‘shish uchun ishlari bor. Momoning aytishicha, qishning iliqroq kunlarida o‘g‘illar to‘qayzorlardan qamish o‘rib keltirishadi, xonadon ayollari ularni to‘qishadi. Albatta, qahraton qish vaqtida to‘qishni ham to‘xtatishga to‘g‘ri keladi.

«Ayozli kunlarda sovuqqa chidamaymiz, chiy to‘qishni to‘xtatamiz, uning o‘rniga quroq (matolarning kesik parchalarini ulash orqali o‘ziga xos naqshli ko‘rpachalar va yostiqlar tikish) quraymiz. Qachonlardir hayotda asqatib qolar deb, tevarak-atrofdagi qo‘shnilardagi qizlarga ham bilganlarimni o‘rgataman, hunarning zarari yo‘q-ku, jilla qursa, xo‘jalikka qo‘shimcha daromad bo‘ladi, – deydi Juzimgul momo.

Chiy – qamishdan to‘qilib, har biri 6 metrdan bo‘ladi. 3tasi bir to‘plam hisoblanadi va 400 ming so‘mga sotiladi. Uning uchun Nukusdan, Buxoro va boshqa shaharlardan ko‘proq tadbirkorlar kelib olib ketishadi. Jyekendan bo‘yra to‘qiladi.

Siz zog‘ora nondan tatib ko‘rganmisiz? Yo‘q esa, bir tatib ko‘ring. Juda sermaza va foydali taomlardan biri. Momo bizning borishimizga tayyorlagan zog‘ora nondan tatib ko‘rdik.

Uning tayyorlanishiga qiziqamiz. Juzimgul momoning aytishicha, jo‘xori dastlab qaynatib olinib, so‘ngra suziladi hamda 3ga 1 nisbatda bug‘doy uni qo‘shilib, xamir qoriladi va tandirda pishirib olinadi.

Umrimizning yana bir tuni ortda qoldi. Ufqda kunimizning yangi quyoshi ko‘rina boshladi. Havo juda sovuq bo‘lganigami, quyosh ham erinib bosh ko‘targandek tuyuldi. Axir, tashqarida –18 daraja. Lekin, mezbonlarning ta'kidlashicha, xonalarning issiq bo‘lishiga devorlar orasiga qamishdan to‘qilgan shiylar qo‘yilgani sababdir. Aynan shiy to‘siqlar xona harorati bir maromda bo‘lishini ta'minladi. Bunga o‘zimiz ham amin bo‘ldik, chunki xona devorlari unchalik ham qalin ko‘rinmasa-da, ertalabgacha xona issiqqina edi.

Yangi kun. Atrofni tomosha qilish, to‘qayzorlarni oralash istagi qanchalik kuchli bo‘lmasin, mezbonlarni mehmonga taklif qilgan holda, yana kelish niyati bilan xayrlashamiz. Hamma o‘z ishiga sho‘ng‘ishi kerak.

Chimboy tumani, uning poyonsiz to‘qayzorlarga ega tabiati bilan tanishar ekanmiz, tumanni jiddiy bir reja asosida O‘zbekistonning ekstremal turizm markaziga aylantirilsa, yanada ajoyib bo‘lar edi, degan fikrlar ham o‘tdi.

Nukus tomon qaytish yo‘limizda maktabga yo‘l olgan o‘quvchilarga ham duch keldik. Biri piyoda, ikkisi eshakda maktabga ketmoqda edi.

Tolib Rahmatov, Kun.uz.

Kun.uz'ning «Qishloqda bir tun» ruknidagi boshqa videomaqolalar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘tishingiz mumkin.

Mavzuga oid