14:32 / 25.05.2021
56150

1 iyundan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2021 yil 1 iyundan O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida, qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi

Prezident farmoniga asosan pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida:

  • pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;
  • uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
  • ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
  • pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
  • pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
  • fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish hamda mas’ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.

Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga olti oy davomida ijara xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Prezident farmoniga binoan tajriba tariqasida Toshkent shahrida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan hamda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun mahalliy budjet mablag‘laridan olti oy davomida oylik ijara to‘lovining 50 foizi miqdorida, biroq BHMning ikki yarim baravari (612,5 ming so‘m)dan oshmagan holda oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi joriy qilinadi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga ijara xarajatlarining 30 foizi qoplab beriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha bo‘lgan miqdori «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Soliq to‘lashda intizomli bo‘lgan tadbirkorlarga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi

Prezident qaroriga asosan:

  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

Bundan tashqari, infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yo‘llarga tutash bo‘lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat va xizmat ko‘rsatish obektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali ajratishga ruxsat beriladi.

Bir sutkada o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan fuqarolarga 3 ming so‘mdan pul to‘lash boshlanadi

Aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida yaratilgan «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi 2021 yil 1 iyundan boshlab to‘liq ishga tushiriladi va to‘lovlar belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqini nodavlat tashkilotlarga o‘tkazish boshlanadi

Hukumat qaroriga binoan Ichki ishlar vazirligi 2021 yil 1 iyundan boshlab:

  • haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari xizmat ko‘rsatish hududlarida DYHXXning nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini tadbirkorlik sub’yektlarining tegishli litsenziyasi amal qilish sanasidan e’tiboran to‘xtatadi;
  • haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari hamda davlat xizmatlari markazlari bilan o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishini tashkil etish choralarini ko‘radi;
  • tadbirkorlik sub’yektlarida haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘tkaziladigan nazariy va amaliy imtihonlar jarayoni ustidan DYHXX vakilining bevosita yoki onlayn nazoratini ta’minlaydi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi

Prezident farmoniga asosan:

  • fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
  • notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali olinadi;
  • tadbirkorlik sub’yekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;
  • davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan mablag‘lar Agentlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan regress tartibida undirib olinadi;
  • davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.

Shuningdek, yuqoridagi farmon bilan davlat tashkilotlarida aholidan va tadbirkorlik sub’yektlaridan bir qator hujjatlarni so‘rash amaliyoti bekor qilinadi.

Ayrim xorijiy tashkilotlarning tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadi

Prezident farmoni bilan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq ayrim xorijiy tashkilotlarning tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadi.

Aholi salomatligini ta’minlash doirasida bolalarga ayrim ozuqa va preparatlar bepul beriladi

Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 iyundan boshlab:

  • 6 — 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
  • 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar «A» vitamini bilan;
  • 2 — 10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlanadi.

Davlat tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash xususiy sektorga o‘tkaziladi

Prezident qaroriga binoan 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o‘tkaziladi. Bunda:

  • mazkur talab davlat organlari va tashkilotlarining tegishli funksiyalarni xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan tahlillari, samaradorligini o‘rganish natijalari va aniq hisob-kitoblari asosida Moliya vazirligining salbiy xulosasi mavjud bo‘lgan holatlarda tatbiq qilinmaydi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarni o‘zi muassis bo‘lgan davlat korxonalariga yuklash taqiqlanadi.

Urug‘lik sholiga muvofiqlik sertifikatini berish yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishiga ruxsat beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 iyundan boshlab urug‘lik sholiga muvofiqlik sertifikatini berish, belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.

Top