Jamiyat | 19:19 / 02.05.2020
27962
4 daqiqa o‘qiladi

«Barchamiz bir oiladek bo‘lib qoldik» - Karantin hududidan reportaj

Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga koronavirusga chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 29 kishi karantinga joylashtirildi. Kun.uz muxbiri shifoxonada bo‘lib, izolyatsiyadagi fuqarolarning yashash sharoiti va tibbiyot xodimlarining ish faoliyati bilan tanishdi.

Karantinga olinganlarning 9 nafari ayollar, qolgan 20 nafari erkaklardir. Ular orasida 9 nafar bolalar ham bor.

Sayyora Ibragimova

Tibbiyot guruhi rahbari, infeksionist Sayyora Ibragimova karantinga olingan fuqarolarning tibbiy nazorati qanday tashkil etilgani haqida ma'lumot berdi.

«3 apreldagi shoshilinch xabarnomaga muvofiq, Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga koronavirusga chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 29 nafar fuqaro karantinga joylashtirildi. Ularga 8 kishilik tibbiyot xodimlari guruhi biriktirildi.

Karantinning ilk sutkasidan boshlab ulardan namuna-tahlillari oldik. Barchasi manfiy chiqdi. Kuni kecha yana namuna-tahlillari olingandan keyin ham shu natija qayd qilindi. Mana, bugun karantinning oxirgi kuni (videoreportaj 16 aprel kuni yozib olingan). Ularga uylariga ketishlari uchun javob beramiz», deydi Sayyora Ibragimova.

Karantin hududida odatda kun fuqarolarning tana haroratini o‘lchash, uni qayd qilish daftariga yozib qo‘yishdan boshlanadi. So‘ng ularga tozalik va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishlari bo‘yicha tavsiya beriladi.

Tushlik soat 13:00da. Taomlar tibbiyot birlashmasi oshxonasida tayyorlanib, karantin hududiga yetkazib beriladi. Tibbiyot xodimlari avval karantinga olinganlarga ovqat tarqatib, so‘ng o‘zlari ovqatlanishadi.

Sayyora Ibragimovaning aytishicha, bu yerda shifokor, hamshira, farroshlar – hech kim ishdan qochmaydi, hamma bir-biriga yordam beradi. Buni tushlik tarqatilayotgan manzarani ko‘rib ham guvoh bo‘lishingiz mumkin. Tibbiyot guruhidagilar, ya'ni bosh shifokordan tortib farroshgacha – hamma tushlikni palatalarga tarqatishga kirishib ketishdi. Kimdir ovqatni kosalarga suzsa, yana kimdir choy damlayapti. Hammaga issiq ovqat tarqatilgachgina shifokorlar o‘zlari tamaddiga o‘tirishadi.

Aktam O‘sarov

Epidemiolog Aktam O‘sarovning aytishicha, ovqatdan bo‘shagan idishlar 15 daqiqa davomida qaynatiladi va qayta ishlatishga tayyor qilib qo‘yiladi.

U karantin hududida sanitariya qoidalari amal qilinishiga mas'ul etib tayinlangan. U fuqarolarning kunlik va haftalik tana haroratini monitoring qilib boradi, shuningdek, hududda tibbiyot xodimlari navbatchilik ro‘yxatini tuzib kerakli ko‘rsatmalar beradi.

Karantinning eng muhim talablaridan biri – tozalikdir. Shunday ekan, hudud tozaligiga biriktirilgan tibbiyot xodimlari zimmasiga katta mas'uliyat yuklanadi. Sevara opa karantin hududini toza saqlashga harakat qilmoqda. Uning ish vaqti ertalab soat 5:00dan boshlanadi.

Alimardon Erdonov

Alimardon Erdonov shifokor yordamchisi bo‘lib xizmat qilmoqda. Maxsus kostyumni kun bo‘yi kiyib yurish qiyinmasmi, degan savolimizga: «Albatta, oson emas, ammo fuqarolar va o‘zimizning salomatligimiz uchun sabr qilishimiz kerak», deya javob berdi.

Alimardon akaning holatini juda yaxshi tushundik, chunki o‘zimimiz ham maxsus kostyum kiyib olgandik. Unda nafas olish, harakatlanish noqulay, lekin shunga qaramay ular 14 kundan beri shu tartibda ishlashyapti.

Shu vaqt mobaynida tibbiyot guruhidagilar uylariga ketmasdan tun-u kun ishda qolishyapti. Yaqinlari bilan esa faqatgina virtual muloqot qilish imkoniyati bor, xolos.

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi.
Tasvirchi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid