18:04 / 29.05.2023
16525

Rossiya hukumati amerikalik senatorni rusofobiyada ayblab, qidiruvga berdi. Aslida nima bo‘lgan?

Rossiya propagandasi Zelenskiy ofisi e’lon qilgan videoni qizg‘in muhokama qildi. Unda senator Grem go‘yoki rossiyalik askarlar o‘limini Amerika pullarining muvaffaqiyatli sarflanishi deb atagan. Ammo aslida u bunday gap gapirmagan.

Foto: ZUMA PRESS/TASS

Rossiya IVV amerikalik senator Lindsi Gremni qidiruvga berdi. Bunga siyosatchi go‘yoki rossiyaliklarning Ukrainadagi urushda halok bo‘lishini Amerika pullarining muvaffaqiyatli sarflanishi deb baholagani aytilgan video sabab bo‘lgan. Reuters agentligi aniqlashicha, aslida u bunday gap aytmagan.

26 may kuni respublikachi senator Lindsi Grem Kiyevga keldi va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Shundan so‘ng Zelenskiyning ofisi uchrashuvdan videoyozuv e’lon qildi, undan senator rossiyaliklar urushda o‘layotgani va bu «amerikaliklar pul sarflagan eng yaxshi ish» hisoblanishini aytgani haqida xulosaga kelish mumkin.

Bu videoyozuv Rossiyada qizg‘in reaksiya keltirib chiqardi. Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Gremni «qari ahmoq» deb atadi va «uning sevimli Amerikasi nafaqat oddiy odamlarni o‘ldirishga, balki senatorlarni o‘ldirishga ham muntazam ravishda harom pullarni sarflab kelgani»ni qo‘shimcha qilgan.

«Mamlakatga bunday senatorlardan ortiq sharmandalikni tasavvur qilish qiyin», deya bunga munosabat bildirgan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

O‘z navbatida, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova «AQShning investitsiyalaridan biri Ikkinchi jahon urushi va Xolokostga olib kelgani», endi esa «Amerikaning milliardlab dollarlari neonatsist Kiyev rejimining to‘ymas jig‘ildoniga to‘kilayotgani»ni ta’kidlagan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin «amerikalik senatorning rusofob bayonotlari fakti bo‘yicha» jinoiy ish ochishga topshiriq bergan.

Dushanba kuni tongda IIV bazasida Linds Gremning kartochkasi paydo bo‘ldi, undan senator jinoiy modda bo‘yicha qidiruvga berilganini anglash mumkin.

Ammo yakshanba kuni kechqurun Reuters agentligi muloqotning Zelenskiyning ofisi tomonidan taqdim etilgan to‘liq videoyozuvini o‘rganib chiqqani va «rossiyaliklar o‘lmoqda» va «biz pul sarflayotgan eng yaxshi narsa» iboralari ketma-ket kelmaganini aniqlagani haqida xabar bergandi.

Keyinroq to‘liq video ham tarqaldi va unda suhbat shunday kechadi:

Grem: Bizda ham shunday paytlar bo‘lgan, oxirigacha kurashganmiz, ozod bo‘lish yoki o‘lishni tanlaganmiz.

Zelenskiy: Endi esa siz ozodsiz. Va biz ham [ozod] bo‘lamiz.

Grem: Rossiyaliklar esa o‘lishmoqda.

Zelenskiy: Ha, ammo ular bizning hududimizga kelishdi. Biz ularning hududida jang qilayotganimiz yo‘q.

Gremning o‘sha iborasi (amerikaliklarning pullari eng yaxshi sarflanishi haqidagi), Rossiya propagandasi tomonidan «ruslar o‘limi uchun investitsiya» sifatida taqdim etilgan so‘zlardan alohida aytilgan va videoda butunlay boshqa joyda keladi.

Senatorning «eng yaxshi investitsiya» haqidagi so‘zlari aslida videomontajdagi kabi «ruslar o‘layotgani» haqidagi so‘zlaridan keyin emas, oldin aytilgan.

Uning «bu bizning eng yaxshi investitsiyamiz» degan so‘zlari esa, ruslar o‘limiga taalluqli emas, balki harbiy yordam hajmi haqida edi.

Gremning o‘zi agentlikka ma’lum qilishicha, Zelenskiy bilan uchrashuvda Ukraina ham AQSh kabi «erkin yashash yoki o‘lim» prinsipi bo‘yicha yashashini va «Ukrainani rossiyalik harbiy jinoyatchilardan ozod etishga yordam berish AQSh uchun yaxshi investitsiyaga aylangani»ni aytgan.

Shuningdek, Grem «odatdagidek, Rossiya propaganda mashinasining bug‘i tugab borayotgani»ni ta’kidlagan va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga alohida murojaat qilgan.

«Janob Medvedev, agar rossiyaliklar Ukrainada o‘lishi to‘xtashini istasangiz, qo‘shinlarni olib chiqing. Bosqinni to‘xtating. Harbiy jinoyatlarni to‘xtating. Ammo haqiqat shuki, sizga ham, Putinga ham rossiyalik askarlarning joni qadrsiz», degan u.

Rossiya hukumati amerikalik senatorni qanday yo‘l bilan qidirishi va qo‘lga olmoqchi ekani noma’lum. Gremning o‘zi Rossiyaga kela olmaydi, chunki unga nisbatan personal sanksiyalar qo‘llangan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top