Jahon | 13:35 / 04.06.2024
13270
9 daqiqa o‘qiladi

BMT ekspertlarining chaqirig‘i, tinchlik sammitiga bormaydigan Bayden va Erondagi saylovda qatnashadigan nomzodlar - kun dayjesti

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

BMT ekspertlari barcha mamlakatlarni Falastinni davlat sifatida tan olishga chaqirdi. Bunday yo‘l tutish Falastin xalqi huquqlari, shu jumladan, ularning ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi kurashi bo‘yicha muhim huquqlarining tan olinishi ekani ta’kidlandi.

«Bu Falastin va butun Yaqin Sharqda barqaror tinchlik o‘rnatishning dastlabki shartidir, bu G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Rafahga harbiy yurishlarni to‘xtatishdan boshlanishi kerak», degan ekspertlar.

Bu Ispaniya, Irlandiya va Norvegiyaning Falastinni tan olganidan deyarli bir hafta o‘tib sodir bo‘lmoqda. Bu uch davlatning qarori 8 oylik urush sababli tobora yakkalanib borayotgan Isroilning g‘azabini qo‘zg‘agan edi.

Ekspertlarga ko‘ra, «Ikki xalq uchun ikki davlat» yechimi ham Falastin, ham Isroil uchun tinchlik va xavfsizlikka olib boruvchi xalqaro miqyosda kelishilgan yagona yo‘l bo‘lib qolmoqda, shuningdek, bu bir necha avloddan buyon davom etayotgan zo‘ravonlik va nafratni to‘xtatish yo‘lidir.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi BMT ekspertlari bayonotiga izoh berish so‘roviga darhol javob bermagan. Isroil bir necha bor Falastin davlatini tan olish harakatlarini qoralab, bu orqali HAMAS qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlab keladi.

G‘azodagi tinchlik kelishuvi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azodagi harbiy harakatlarni 42 kunga to‘xtatishga tayyorligini aytdi. U garovdagilarni ozod qilish uchun shunday qadamga tayyorligini ma’lum qildi, biroq urush to‘xtamasligini ta’kidladi.

«Isroil garovga olinganlarni qaytarish uchun harbiy harakatlarni 42 kunga to‘xtatishi mumkin. Ammo biz urushni to‘xtata olmaymiz. Eronliklar va barcha dushmanlarimiz taslim bo‘lamizmi yoki yo‘qmi, ko‘rmoqchi bo‘lib bizga qarab turibdi», degan Netanyahu.

The Times of Israel nashriga ko‘ra, Netanyahu bu so‘zlarini AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha taklif qilingan rejani izohlayotgan paytida aytgan. Isroil bosh vaziriga ko‘ra, Amerika prezidentining rejasida «bo‘shliqlar» bor.

«Bayden taqdim etgan reja to‘liq emas edi. Garovga olinganlarni qaytarish uchun urush to‘xtaydi, keyin esa qolganini muhokama qilamiz. AQSh prezidenti ommaga taqdim etmagan boshqa tafsilotlar ham bor», deb qo‘shimcha qildi bosh vazir.

AQSh prezidenti Jo Bayden 31 may kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha uch bosqichli rejani taqdim etdi. HAMAS rejani ijobiy kutib oldi. Shu bilan birga, Isroil hukumatining ikki o‘ta o‘ng ultramillatchi a’zosi – moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar Netanyahu kelishuvga rozi bo‘lsa, iste’foga chiqish va hukmron koalitsiyani parchalash bilan tahdid qilgan.

Netanhu barcha garovga olinganlarni ozod qilmasdan, HAMAS harbiy va siyosiy imkoniyatlarini yo‘q qilmasdan turib, doimiy sulh bo‘lmasligini ta’kidlagan. Muxolifat yetakchisi Yair Lapid esa Baydenning rejasini qo‘llab-quvvatlagan.

Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti

15 iyun kuni Shveytsariyaning Lyutsern shahrida bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitida AQSh prezidenti Jo Bayden ishtirok etmaydi, uning o‘rniga vitse-prezident Kamala Harris hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi Jyeyk Sallivan hamrohlik qiladi.

Baydenning nega bormasligi rasmiy xabarda ma’lum qilinmagan.

«Vitse-prezident Oq uy ma’muriyatining Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi hamda BMT Nizomi tamoyillariga asoslangan adolatli va mustahkam tinchlikka erishish yo‘lidagi Ukraina sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ta’kidlaydi», deyiladi xabarda.

Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralarga bag‘ishlangan sammit 15-16 iyun kunlari Shveytsariyada bo‘lib o‘tadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar uchrashuvda boshqa masalalar qatori yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, «birga bir» formulasi asosida harbiy asirlarni almashish masalalarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Sammitda 160 davlat ishtirok etadi, Rossiya unda qatnashish uchun taklifnoma olmagan.

Avvalroq, Zelenskiy prezident Baydenning sammitda ishtirok etmaslik qarorini tanqid qilgan edi.

«Menimcha, bu juda kuchli qaror emas. Bayden sammitda ishtirok etishi kerak. Bu, shuningdek, AQSh reaksiyasini kutib turgan boshqa liderlar uchun muhim. Uning qatnashmasligini faqat Putin olqishlaydi, hatto tik turib olqishlaydi», degan edi u.

Bloomberg nashriga ko‘ra, sammit kunlari Baydenning Kaliforniyadagi saylovoldi kampaniyasi tadbirlariga to‘g‘ri kelgani uchun ham u sammitni o‘tkazib yuboradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa mazkur sammitdan ko‘zlangan maqsad turli mamlakatlardan «olomonni» yig‘ish, so‘ngra qabul qilingan rezolyutsiyalarni kollektiv qaror, deya e’lon qilish, shuningdek, Rossiyaga «ultimatum» qo‘yish ekanligini aytgan edi. «Voqealar rivoji bunday bo‘lmaydi», dedi u.

Darvoqe, Ukraina prezidenti Xitoyni Rossiyani qo‘llash uchun sammitni barbod qilishga urinayotganlikda ayblaganidan so‘ng, rasmiy Pekin bunga javob qaytargan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi spikeri Mao Ning Xitoy “hech qachon Rossiya-Ukraina urushi oloviga puflamagani va moy sepmagani”ni ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya-Ukraina mojarosidagi tinchlik choralarini qo‘llashga qaratilgan barcha sa’y-harakatlar tan olinishi kerak.

Askarlarning ayollari oyoqqa qalqdi

Rossiya poytaxti Moskva shahrida harbiy safarbarlikka olib ketilgan askarlarning rafiqalari Mudofaa vazirligi oldida norozilik aksiyasiga yig‘ilishdi. Ular “qayiqni chayqatayotganlikda” ayblandi.

Ukraina bilan urushda qatnashayotgan askarlarning yaqinlari Mudofaa vazirligi oldiga turli transparantlar bilan to‘planib, erlarini uyga qaytarish va yangi mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan ko‘rishishni talab qilishgan.

Bunga javoban, vazirlikdan bir harbiy chiqib, ularga “siyosiy axborot”dan saboq bera boshlagan va aksiya ishtirokchilarini “qayiqni chayqatayotganlikda” ayblagan.

«Siz buni muxolif telegram kanallar suratga olib tarqatishi, “Mana bu yerda kimlar qayiqni chayqatmoqda”, deb yozishlari uchun ataylab qilyapsizlarmi? Bunday harakatlardan so‘ng odam o‘zini Rossiya fuqarosiman deb atamasligi kerak”, — degan harbiy.

Alaloqibat aksiya ishtirokchilari bo‘lgan ayollarni Mudofaa vazirligi binosiga kiritishmagan. Ayollar esa “o‘z erlari uchun tinimsiz kurashishda davom etishlari”ni bildirishgan.

Rossiyada urushga safarbar qilingan erkaklarning ayollari ilk marta 2023 yilning noyabrida norozilik aksiyasiga chiqishgan edi. O‘shandan beri ular Moskvada va boshqa shaharlarda turli aksiyalar o‘tkazib kelishadi, ammo ular birorta yirik mitingni birgalikda o‘tkaza olishmagan.

Erondagi saylovlar

Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning kutilmaganda vertolyot aviahalokatida vafot etganidan so‘ng mamlakatda shoshilinch tarzda navbatdan tashqari o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida ishtirok etadigan nomzodlarni ro‘yxatga olish yakunlandi.

Eron saylov komissiyasi vakili Muhammad Islomiyga ko‘ra, saylovlarida ishtirok etish uchun 22 nomzod ro‘yxatdan o‘tdi.

“Saylov komissiyasi tomonidan 86 nafar nomzodning arizasi ko‘rib chiqilib, ulardan 22 nafari ro‘yxatga olindi”, — degan Islomiy. Unga ko‘ra, ro‘yxatga olinlarning 21 nafari erkak va bir nafari ayol kishi.

Shunisi e’tiborliki, Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadiynajod ham yana prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surgan.

Sobiq prezident nomzodlarni saylovga ro‘yxatga olishning so‘nggi kunida xalq oldida ko‘rinish bergan. Davlat telekanallari ham Ahmadiynajodning boshqa nomzodlar qatorida turganini ko‘rsatgan.

Ahmadiynajod 2005–2013 yillar oralig‘ida ikki muddat Eron prezidentligiga saylangan. 2013 yildan keyingi muddatda esa siyosiy rahbarlik lavozimlarida ishlamagan.

Mavzuga oid