O‘zbekiston | 11:22 / 10.02.2020
2672
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat mulki obektlarining hisobini yuritish tartibi takomillashtiriladi

Davlat mulki obektlarining hisobini yuritish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obektlarining hisobini yuritish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

Davlat mulki obektlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekistonning chet elda joylashgan davlat aktivlarini boshqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

davlat mulklarini, shu jumladan chet elda joylashgan davlat mulklarini balansda saqlovchilarining mansabdor shaxslari davlat mulki to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘z vaqtida, to‘liq va ishonchli taqdim etilishi hamda davlat mulklariga zarar yetkazilganligi, noqonuniy begonalashtirilganligi uchun shaxsan javob beradilar;

davlat ko‘chmas mulk obektlarini garovga berish, shuningdek ularni xo‘jalik jamiyatlari ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi;

davlat korxonalari va muassasalariga tegishli avtomototransport vositalarini sotish faqat “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida auksion savdolari orqali amalga oshiriladi;

Agentlik chet elda joylashgan, O‘zbekiston qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat mulki sifatida e'tirof etilgan davlat aktivlarining reyestrini yuritadi.

Agentlik Adliya vazirligi bilan birgalikda:

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boshqarmalarining davlat mulki, shuningdek, chet elda joylashgan davlat mulki to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etish haqidagi taqdimnomalarini bajarmaganlik, shuningdek, taqdim etish majburiy bo‘lgan davlat mulklari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etmaganlik uchun davlat korxonalari va muassasalari mansabdor shaxslariga, shuningdek, davlat mulkidan foydalanib kelayotgan mulk shaklidan qat'iy nazar tashkilot rahbarlariga javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

foydalanilmayotgan davlat ko‘chmas mulklaridan samarali foydalanish bo‘yicha namunaviy “Yo‘l-xaritasi” shaklini ishlab chiqib, tasdiqlaydi;

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda elektron tizimlari o‘rtasida davlat ko‘chmas mulklari hisobini yuritish va ular to‘g‘risidagi onlayn ma'lumotlar almashinuvini hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Davlat statistika qo‘mitasi, “Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi” davlat korxonasi bilan birgalikda davlat korxonalari, muassasalari, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud yuridik shaxslar hamda ustav kapitalida  davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni doimiy yangilab borish bo‘yicha onlayn ma'lumotlar almashinuvini ta'minlaydi.

Agentlik, Davlat xizmatlari agentligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1 dekabrga qadar ishchi guruh tuzgan holda davlat ishtirokidagi tashkilotlarini xatlovdan o‘tkazilishini tashkil qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik, idoralar va ularning tizim tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda o‘zlariga biriktirilgan barcha davlat mulki obektlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Agentlikning property.davaktiv.uz axborot tizimiga kiritilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid

E`lonlar