O‘zbekiston | 19:05 / 27.01.2021
18795
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligini ta'minlashga oid yangi vazifalarni belgilab berdi

O‘zbekistonda 18–30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani aytildi. Turli tuzilmalar mas'ullariga yoshlar bo‘yicha vazifalar taqsimlab berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligini ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalasida videoselektor o‘tkazdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Bu – aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi.

Mamlakatda 2021 yil Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e'lon qilingan.

Qayd etilishicha, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha tizim joriy etiladi.

Shavkat Mirziyoyev bu ishlar ikkita muhim yo‘nalishda tashkil qilinishi zarurligini ko‘rsatdi. Birinchisi – yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligini ta'minlash; ikkinchisi – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda 18–30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz. Bu masalalarni tizimli hal etish maqsadida Respublika ishchi guruhi joylarda o‘g‘il-qizlarning takliflarini «mahallabay» o‘rganmoqda.

Aniqlanishicha, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta'minlash, ular uchun kredit ajratish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida ko‘plab muammolar bor.

Aksariyat madaniyat markazlari, istirohat bog‘lari va sport komplekslarining moddiy-texnik bazasi qoniqarsiz, to‘garaklar nomiga ishlayapti.

Yig‘ilishda bu muammolarni manzilli hal etish uchun har bir tuman va shahar kesimidagi ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Unga ko‘ra:

  • hokimning iqtisodiyot, investitsiyalar va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari – bandlik masalalariga;
  • soliq idorasi, savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbarlari – yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga;
  • hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga;
  • tuman prokurori, ichki ishlar va mudofaa bo‘limi boshliqlari – uyushmagan yoshlar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga mas'ul bo‘ladi.

2021 yilda 500 ming nafar yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish zarurligi ta'kidlandi.

Tuman va shaharlarda an'anaviy yoki masofaviy o‘quv kurslarini ko‘paytirish, ishsiz yoshlarni ushbu tizim orqali kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitib, bandligini ta'minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Ishga marhamat» monomarkazlari hamda kasb-hunar kollejlarini asbob-uskuna bilan ta'minlash, kasb standartlarini ishlab chiqish va o‘qituvchilar malakasini oshirish vazifalari belgilandi.

«Yoshlar: 1+1» dasturi doirasida o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish zarurligi aytildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Mavzuga oid