Jahon | 11:40 / 18.06.2024
39572
18 daqiqa o‘qiladi

Liviyaning 42 yillik diktatori. Muammar Qazzofiy nima uchun o‘ldirilgandi?

Bundan 13 yil oldin, yaqin o‘tmishning eng yorqin va ziddiyatli siyosatchilaridan biri Muammar Qazzofiy NATO aralashuvi bilan qudratdan ketkazilgan va g‘azabnok olomon tomonidan kaltaklab o‘ldirilgandi. Kun.uz ekssentrik rahbarning hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

Bolalik yillari

Muammar 1940 yillarda, o‘sha vaqtda Tripolitaniya deb atalgan Italiya mustamlakasidagi qishloqlarning birida (hozirgi Liviya hududi), arablarning badaviylar qabilasiga mansub oilada dunyoga kelgan. Otasi chorvachilik bilan shug‘ullangan. 9 yoshida maktabga qatnashni boshlagan, oilasining ko‘chmanchi hayot kechirishi sababli maktabni bir necha bor o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

1959 yilda Bengazi shahridagi universitetning tarix fakultetiga o‘qishga kirgan, shu yerda marksizm g‘oyalari bilan tanishgan. O‘qishni tamomlagach, 1964 yildan harbiy kollejda tahsil ola boshlaydi. Keyinroq Britaniyaga o‘qishga yuborilgan va u yerda tank texnikasini o‘rgangan. Armiyadagi xizmat chog‘ida spirtli ichimliklar ichmasligi va ko‘ngilxushliklarda ishtirok etmasligi bilan ajralib turgan. Mamlakatdagi inqilobga qadar muhandislik qo‘shinlarida xizmat qiladi.

Bo‘lajak siyosatchi maktab yillaridayoq isyonkor kayfiyatda bo‘lgan. Yoshligida Misrning o‘sha vaqtlardagi prezidenti Jamol Abdulnosirga havas qilgan, Liviya qiroli Idris hokimiyatidan norozi yoshlarning maxfiy guruhiga asos solgan. Muammar talabalik yillarida “Erkin ofitserlar ittifoqchi-sotsialistlari” tashkilotini tuzadi. Bunda u Jamol Abdulnosirning hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida tuzgan “Erkin ofitserlar” tashkilotidan ilhomlangandi.

Siyosiy faoliyatining boshlanishi

Liviya Birinchi jahon urushigacha Usmoniylar imperiyasi tarkibida edi, shundan keyin 1943 yilgacha Italiyaning mustamlakasi bo‘lgan, Ikkinchi jahon urushida Italiya yengilgach, Fransiya va Buyuk Britaniya boshqaruviga o‘tgan. 1951 yilda mustaqillik e’lon qilinadi va mamlakatda shoh Idrisning monarxiyasi qaror topadi.

Qirol Idris al-Sanussiy. Foto: AP Photo

Bu paytda Liviyada iqtisodiy ahvol tang bo‘lib, aholining katta qismi qashshoqlikda yashardi. Ammo, 1959 yilda Liviya hududidan katta neft konlari topiladi, bu esa mamlakatning moliyaviy ahvolini yaxshilashda muhim rol o‘ynadi. Shunday bo‘lsa-da, “qora oltin” sotishdan tushgan mablag‘lar monarx va uning atrofidagilar manfaati uchun ishlatila boshlanadi.

Mustaqillik e’lon qilingan bo‘lishiga qaramay, mamlakatni idora qilish ham bilvosita inglizlarning ta’siri va ishtirokida amalga oshirilardi, hattoki Liviya qurolli kuchlari ingliz harbiylari tomonidan tayyorlangan. Bu Qazzofiyni qattiq g‘azablantiradi. U inqilobiy harbiy tashkilot tuzadi va 1964 yildan monarxiyaga qarshi to‘ntarishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.

1967 yilda arab davlatlari Isroilga qarshi 6 kunlik urushda yengilgach, arab dunyosida Isroilning homiysi bo‘lgan G‘arb davlatlariga nisbatan salbiy kayfiyat ortib ketadi. Xususan, aholining 90 foizdan ortig‘ini arablar tashkil etuvchi Liviyada ham aholi shoh Idrisning rejimini G‘arbga moyil bo‘lgani uchun Isroilga ham xayrixoh deb hisoblaydi, natijada yirik shaharlarda G‘arbga qarshi namoyishlar boshlanadi. 1969 yilga borib, inqilob ro‘y beradi va harbiylar mamlakatdagi barcha yirik shaharlarda nazoratni o‘z qo‘liga oladi. Natijada Liviyada monarxiya tugatilib, hokimiyat Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi qo‘liga o‘tadi. Mamlakat nomi Liviya Arab Respublikasi deb o‘zgartiriladi. Muammar Qazzofiy polkovnik unvonini oladi va qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni lavozimini egallaydi. 1970 yilda esa Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi raisligiga saylanadi. Shu bilan birga, u Liviya bosh vaziri va mudofaa vaziri lavozimlarini ham egallaydi.

Muammar Qazzofiy

1977 yil 3 mart kunidan boshlab Liviya Arab Respublikasi Liviya Xalq Arab Jamaxiriyasi nomi bilan ataladigan bo‘ldi. Qazzofiy esa 1 sentabr inqilobining rahbari deb e’lon qilindi. Shu tariqa, u 42 yil davomida davlatning yagona rahbari bo‘lib qoldi.

Qazzofiyning ichki siyosati

1969–1971 yillarda Qazzofiy hukumati xorijiy banklar va xorijliklarga tegishli bo‘lgan yer mulklarini milliylashtiradi. Xususan, 1971 yilda Britaniyaning British Petroleum neft kompaniyasi aktivlari, ikki yildan so‘ng esa Amerika Bunker Hunt Oil kompaniyasi milliylashtirilgan. Mamlakat hududidan boshqa davlatlar harbiy bazalari chiqarib yuboriladi.

Qazzofiy davrida qonunchilik islomiy shariat qoidalariga moslashtirila boshlanadi. Yil hisobi hijriy taqvimga o‘tkaziladi, oylar nomi ham almashtiriladi. Qimor va alkogolli ichimliklar butunlay taqiqlanadi. Amaldorlar va harbiylar o‘rtasidagi korrupsiyaga qarshi faol kurashilib, ularning bir qanchasi qamoqqa olinadi.

Mamlakatda majburiy maktab ta’limi muddati 6 yildan 9 yilgacha oshirildi, bepul oliy ta’lim joriy etildi. Qazzofiy hokimiyat tepasiga kelgunga qadar, aholining savodlilik darajasi 27 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, oradan 10 yil o‘tib ko‘plab kutubxonalar va ta’lim muassasalari tashkil etilishi ortidan bu ko‘rsatkich 51 foizgacha yetadi.

Bir necha yil ichida minglab odamlar ish bilan ta’minlanadi. Neft sotishdan tushgan mablag‘ning katta qismi uy-joy qurilishini moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Xususan, 1970–1980 yillarda 180 mingdan ortiq xonadon qurildi, bu esa ilgari yerto‘la va chodirlarda yashab kelgan uysizlarning qariyb 80 foizini uy-joy bilan ta’minlash imkonini beradi.

Qazzofiy populist siyosatchi bo‘lishiga qaramay, u Liviyani haqiqatan modernizatsiya qildi va cho‘ldan iborat qoloq mamlakatni Afrikadagi iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatlardan biriga aylantirdi. 1979 yilga kelib Liviya aholi jon boshiga daromad bo‘yicha Buyuk Britaniya, Italiya va Yaponiyani ortda qoldiradi. 2001–2005 yillarda Liviya inflatsiya darajasining pastligi bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiritilgan.

Bundan tashqari, Qazzofiy demografik siyosatga ham katta e’tibor beradi. U hukmronlik qilgan 42 yil davomida Liviya aholisi 3 barobar oshdi, bolalar o‘limi 9 barobar kamayadi. Ayollarga o‘zi va yangi tug‘ilgan chaqalog‘i uchun katta miqdorda ijtimoiy nafaqa to‘langan.

Iqtisodiy o‘sish natijasida Liviya Afrika davlatlaridagi minglab ishsizlar uchun so‘nggi umid maskaniga aylangan. Mamlakatda hattoki Yevropadan ham kelgan mehnat migrantlari bo‘lgan.

Shu bilan birga, Qazzofiy o‘z rejimining barcha raqiblariga nisbatan o‘ta beshafqatligi bilan ajralib turardi. U fitnalar va davlat to‘ntarishiga har qanday urinishlarga qarshi qattiq kurashgan, bunday harakatlar xorijlik kuchlar tomonidan moliyalashtirilishiga ishonchi komil edi. Mamlakatda siyosiy partiyalar va muxolif guruhlar taqiqlanadi. Ish tashlashlar va namoyishlar qonunchilik bilan man etiladi, OAV ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. 1969 yildan 1994 yilgacha bo‘lgan davrda Qazzofiy rejimiga qarshi chiqqan 343 liviyalik halok bo‘lgani rasman tasdiqlangan.

Qazzofiyning farzandlari ko‘p edi, ota ularning ayrimlariga yuqori lavozimlarni bergan. Masalan, beshinchi o‘g‘il Mu’tasim Billa Qazzofiy – milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi hisoblangan.

Muammar Qazzofiyning rafiqasi Sofiya Qazzofiy badaviylar chodirida bolalari bilan. 1986 yil 12 yanvar. REUTERS/Kate Dourian

Muammar juda ekssentrik yetakchi sifatida ham ajralib turgan. U badaviylarga xos kiyingan va chodirda yashagan, hatto xorijiy safarlarda ham chodirini olib yurgan, milliy kiyimda bo‘lgan, shu orqali xalqqa yaqinligini ko‘z-ko‘z qilishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, u tez-tez harbiy formada ko‘rinish bergan.

Belgiya politsiyasi badaviycha chodirni qo‘riqlamoqda. O‘shanda Qazzofiy ikki kunlik tashrif bilan Bryusselga kelgandi. 2004 yil 27 aprel. REUTERS/Francois Lenoir

Qazzofiyning tashqi siyosati

Qazzofiy hokimiyatga kelgan paytlari uning tashqi siyosatdagi maqsadlari oddiy edi: barcha arab xalqlarini birlashtirish va Isroilni yo‘q qilish. Shu maqsadda 1969 yilning 27 dekabr kuni Liviya poytaxtida Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir, Sudan bosh vaziri Jafar Nimeyri va Qazzofiyning uchrashuvi o‘tkazilib, uch davlatni birlashtirishni nazarda tutuvchi “Tripoli xartiyasi” imzolanadi.

Jamol Abdul Nosir va Qazzofiy. Foto: Getty Images

Keyingi yil 8 noyabrda Misr, Sudan va Liviyani o‘z ichiga oluvchi Arab Respublikalari Federatsiyasi tashkil etilishi haqidagi “Qohira deklaratsiyasi” qabul qilinadi. Muammar Tunisga ikki mamlakatni birlashtirishni taklif qiladi, ammo prezident Habib Burg‘iba buni rad etadi.

Vaqt o‘tgan sayin Qazzofiyning arab davlatlarini birlashtirish siyosati sarobga aylana boshladi. Misr prezidentligiga kelgan Anvar Sadatning Isroil bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yishi ikki o‘rtadagi munosabatlarni buzdi. Dastlab Misr, undan keyin Sudan va Tunis Liviyani o‘zlarning ichki ishlariga aralashishda aybladi. 1977 yilga kelib Liviya va Misr o‘rtasida qisqa muddatli urush ham kelib chiqadi.

Tripolidagi Arab sammiti sessiyasi. Qazzofiy jurnalistlar savollariga javob beryabdi. Foto: AP Photo

G‘arb davlatlari, birinchi navbatda AQSh bilan munosabatlar keskinlasha boshlaydi. 1979 yilda Ugandaga harbiy yordam yuborilishi sababli AQSh Liviyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritadi. Qo‘shma Shtatlarda Qazzofiyni “Yaqin Sharqning quturgan iti” va “uchinchi jahon urushini qo‘zg‘atadigan manyak” deya atay boshlashadi. Liviyada esa Amerika “shayton davlat” va “yovuzlik manbai” deya ta’riflanadi. Ikki o‘rtadagi sovuq munosabatlar Reygen prezidentligi davrida cho‘qqisiga chiqadi. Mamlakat iqtisodiyotini zaiflashtirish maqsadida Liviya neftiga embargo qo‘yiladi.

Qazzofiy turli terrorchi tashkilotlarga homiylik qilgani, siyosiy maqsadlarda raqiblarni o‘ldirish va o‘g‘irlash bilan shug‘ullangani iddao qilinadi. AQSh Liviya rejimini kamida 45 mamlakatning ichki ishlariga aralashishda ayblagan.

Masalan, 1986 yilda G‘arbiy Berlindagi amerikalik harbiylar orasida mashhur bo‘lgan diskotekada portlash sodir etilgan. Natijada uch kishi halok bo‘lib, 200dan ortiq kishi yaralangan. Portlash Liviya maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilganiga oid belgilar aniqlanadi. AQSh Qazzofiyni jismonan yo‘q qilish maqsadida 1986 yilning 15 aprelida Liviya poytaxti Tripoli shahrini bombardimon qiladi, ammo o‘z maqsadiga erisha olmaydi.

1986 yilgi portlashdan keyin Qazzofiy qarorgohining ichki ko‘rinishi. O‘shanda Reygan Tripolini G‘arbiy Berlindagi tungi klubda amalga oshirilgan portlash uchun ayblagandi - portlashda ikki nafar amerikalik askar halok bo‘lgan. Surat 1999 yil 2 dekabrda olingan. REUTERS/File

1988 yilda yana bir qonli terakt yuz beradi. Londondan Nyu-Yorkka parvoz qilgan Boeing 747 rusumli yo‘lovchi samolyot Shotlandiyadagi Lokerbi shaharchasi osmonida portlatilishi oqibatida 270 kishi halok bo‘lgan. Bu portlashda ham Qazzofiyga aloqador odamlarning qo‘li borligi iddao qilinadi. Natijada 1992 yilda BMT Liviyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan, bu neft eksportini taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Buning natijasida bir necha yil ichida Liviyaning yoqilg‘i sotishdan tushgan daromadi 3 barobardan ko‘proqqa kamayib ketadi.

1986 yilgi portlashdan keyin Qazzofiy qarorgohining ichki ko‘rinishi. O‘shanda Reygan Tripolini G‘arbiy Berlindagi tungi klubda amalga oshirilgan portlash uchun ayblagandi - portlashda ikki nafar amerikalik askar halok bo‘lgan. Surat 1999 yil 2 dekabrda olingan. REUTERS/File

Sanksiyalar va taqiqlar Qazzofiy hukumatini xalqaro hamjamiyat bilan murosa qilishga majbur qildi. U 1999 yilda Lokerbidagi portlashda ayblangan ikki nafar liviyalikni xalqaro sudga topshiradi. Ulardan biri aybdor deb topilgan.

Qazzofiy BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi chiqishi chog‘ida tanaffus qilmoqda, orqa fonda 64-sessiyaga prezidentlik qilgan liviyalik Ali Abdul Salom Treki. Nyu-York, 2009 yil 23 sentabr. REUTERS/Mike Segar

2001 yil sentabr voqealaridan so‘ng Liviya terrorizmga qarshi kurashda Qo‘shma Shtatlar bilan faol hamkorlik qila boshlaydi. Yadroviy qurollarni yo‘q qilish dasturlarida ishtirok etadi. Qurollanish dasturi to‘xtatiladi. G‘arb esa xalqaro cheklovni bekor qiladi.

Muammar Qazzofiy amerikaliklarning mamlakatdagi bazasi evakuatsiya qilinganining 40 yilligiga bag‘ishlangan marosimda chiqish qilmoqda, Tripoli, 2010 yil, 12 iyun. REUTERS/Ismail Zetouny

Qazzofiyning qiynab o‘ldirilishi

2010-2011 yillarda qator arab mamlakatlarida mavjud tuzumga qarshi keng masshtabli norozilik namoyishlari kuzatiladi. Bu “Arab bahori” nomini oladi. Arab dunyosiga yoyilgan bu inqilobiy harakatlar natijasida Tunisda Ben Ali, Misrdagi Husni Muborak hokimiyati qulatiladi. Suriyada qonli urush boshlandi. Ushbu harakatlar Liviyani ham chetlab o‘tmaydi. Mamlakatda ishsizlik va qashshoqlik darajasi nihoyatda oshib ketgandi. Chunki uzoq yillik yopiqlik siyosati natijasida ko‘plab chet el neft kompaniyalari mamlakatdan chiqib ketgan, eksportdan keladigan tushumlar qisqarib ketadi. Bunday sharoitda ommaviy noroziliklarning portlashi vaqt masalasiga aylandi.

2011 yil 15 fevralida Bengazida bundan 15 yil oldin o‘ldirilgan mahbuslarning qarindoshlari to‘planadi, ular advokat va huquq faoli Fathi Tarbelning ozod etilishini talab qilishadi. Tarbel ozod etiladi, ammo namoyishchilar bundan qanoatlanmay, xavfsizlik kuchlariga hujum qiladi. Qo‘shni Tunisdagi voqealardan ilhomlangan liviyaliklar mamlakatni 42 yildan buyon uzluksiz ravishda boshqarib kelgan diktatorga qarshi oyoqqa turadi. Bir necha kun ichida mamlakatning sharqiy qismi namoyishchilar nazoratiga o‘tadi. Endi muxolifatchilar polkovnik Qazzofiyning iste’fosini so‘ray boshlashadi.

2011 yil martida BMT Liviyada xalqaro kuchlar tomonidan harbiy amaliyot o‘tkazilishini ma’qullaydi, undan maqsad, birinchi navbatda tinch aholini himoya qilish bo‘lishi kerak edi. NATO kuchlarining mamlakatga kirishi va Qazzofiyga sodiq kuchlarga qarshi kurash olib borishi diktatorning pozitsiyasini sezilarli darajada zaiflashtiradi.

Sentyabr oyida ko‘plab jinoyatlarda ayblangan Qazzofiy Interpol qidiruviga beriladi. Bu vaqtda Liviya hududida shiddatli harbiy harakatlar davom etayotgandi. Poytaxt Tripoli taslim bo‘lishi arafasida Qazzofiy Liviya shimolida joylashgan, poytaxtdan 450 kilometr masofadagi Sirt shahriga qochadi. Bu yerda u NATO havo kuchlarining zarbalari tufayli o‘z atrofidagi odamlardan ayriladi. Isyonchilar qurshovida qolgan diktator kanalizatsiya quvuri orqali qochishga urinadi, ammo asir olinadi va shu yerdayoq shafqatsiz ravishda samosud qilib, o‘ldiriladi.

Qazzofiyga qarshi kurashda ishtirok etgan jangchi OAV vakillariga Sirtda qo‘lga kiritgan o‘ljasi - Muammar Qazzofiyning tilla to‘pponchasini ko‘rsatmoqda, 2011 yil 20 oktyabr. REUTERS/Thaier al-Sudani
Qazzofiyning muxoliflaridan biri u Sirtda qo‘lga olinishidan oldin yashiringan quvurni ko‘rsatmoqda. REUTERS/Thaier al-Sudani

Uning tanasi Tripolidagi savdo markazida, sabzavot solinadigan muzlatkichda hamma ko‘rishi uchun bir necha kunga qoldiriladi. Keyinroq u va o‘g‘lining jasadi Liviya cho‘llariga ko‘mib yuboriladi. Shu tariqa Qazzofiyning 42 yillik hukmronligi tugaydi.

Odamlar Muammar Qazzofiyning Misratdagi uyda turgan jasadi fonida suratga tushishmoqda. 2011 yil 20 oktyabr. REUTERS/Thaier al-Sudani

Qazzofiydan keyingi Liviya

Iroq va Afg‘oniston ssenariysi Liviyada ham takrorlandi. Qazzofiy diktaturasining qulashi mamlakat uchun tinchlik va farovonlik olib kelmadi. NATO davlatlari qo‘llovidagi inqilob xorijlik yollanma jangchilar ishtirokidagi fuqarolik urushiga aylanib ketdi. NATO zarbalari oqibatida minglab liviyalik tinch aholi qurbon bo‘lgan. Bundan tashqari, sobiq Jamahariyaning barcha qurolli texnikalari yo‘q qilindi va ko‘plab askarlari urushda halok bo‘ladi. Qo‘shhokimiyatchilik vujudga kelib, boshboshdoqlik kuchaydi.

Hozir ham mamlakat ikkiga ajralgan holatida qolmoqda. Bengazi va Misr bilan chegaradagi sharqiy hududlar – general Xalifa Haftar hokimiyati ostida. Poytaxt Tripoli va Tunis hamda Jazoir bilan chegara tomondagi g‘arbiy hududlarni turli kuchlar, jumladan BMT tomonidan tan olingan milliy birlik hukumati nazorat qiladi. Bugungi kunda mamlakatda hal qilinmagan behisob muammolar bor. Inqilobdan keyin bir necha qurolli guruhlar paydo bo‘ldi va ular saylovlar natijalarini tan olmaydi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Qazzofiy hokimiyatga kelgach, mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy hayot tubdan yaxshilandi. Ammo uning qaysarligi ortidan qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yomonlashib, Liviya xalqaro maydonda ajralib qoldi. Mamlakatda uning mutlaq hokimiyati o‘rnatildi, hammasi yaxshi bo‘lgan paytlarda hokimiyatdan ketmadi va oxirida fojiali tarzda o‘lim topdi. U 40 yildan oshiq boshqaruvi davrida juda ozchilik qo‘lida to‘plangan hokimiyatni vujudga keltirdi. Natijada vafotidan 13 yil o‘tib ham demokratiya, siyosiy barqarorlik va tashqi kuchlar ta’siridan mustaqil bo‘lish Liviya uchun erishilgan maqsad emas, amalga oshishi qiyin bo‘lgan orzu bo‘lib qolyapti.

Doston Ahrorov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi: Shohruzbek Abdurayimov

Mavzuga oid