O‘zbekiston | 08:32 / 28.06.2021
2739
4 daqiqa o‘qiladi

Madaniy meros agentligi nimalar bilan shug‘ullanishi aniqlashtirildi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatda Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligining asosiy vazifalari belgilandi. Agentlik moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Quyidagilar agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi:

  • sohaga oid NHHlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari;
  • moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari.

Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarining davlat reyestri Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Moddiy madaniy meros obektiga yetkazilayotgan zarar haqidagi holat bo‘yicha xabardor bo‘lgan paytdan boshlab davlat nazoratining dastlabki natijalari 24 soat ichida agentlik rasmiy sayti orqali jamoatchilikka ma'lum qilinishi shart.

Moddiy madaniy meros obektlari va muzeylar sohasidagi davlat xizmatlari 2023 yil 1 yanvardan boshlab elektron shaklda ko‘rsatiladi. Bunda davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali yoki arizachining o‘zi bevosita agentlikning tegishli tuzilmasiga murojaat qilish tartibi joriy etiladi.

Agentlik mas'ul xodimlari va FHSh asosida jalb etilgan mutaxassislar, ekspertlar tomonidan tegishli ko‘chmas mulk va ko‘char ashyolar shaxsan ekspertizadan o‘tkaziladi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod qo‘yish orqali beriladi.

Moddiy madaniy meros obektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish obektlari ro‘yxati prezidentning PF–6199-son farmoni bilan tuzilgan Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida DXSh hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadi.

Ro‘yxatga kiritilgan namoyish obektlariga kirish-chiqish joylarida 2021 yil 1 oktyabrga qadar elektron turniketlar yoki tashrif buyuruvchilarni avtomatik hisobga olishga mo‘ljallangan boshqa moslamalar «Raqamlashtirish va avtomatlashtirish markazi» DUK tomonidan o‘rnatilishi hamda ular tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilinishi shart.

2022 yil 1 yanvardan boshlab namoyish obektlari ro‘yxatiga kiritilgan namoyish obektlarida chiptalar savdosini tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish NKM va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish deb baholanadi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • agentlikning tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparati tuzilmasi;
  • 2021-2022 yillarda moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;

quyidagilarning:

  • 2021-2022 yillarda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish, ularning raqamlashtirilgan pasporti va katalogini ishlab chiqishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • 2021-2023 yillarda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarining qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash va raqamlashtirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • 2021-2023 yillarda davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish maqsadli ko‘rsatkichlari.

Mavzuga oid