Yangiyo‘lda tadbirkorning «gaz zapravka»sini buzishga uringanlar kim? Hokimlik haqiqatni yashirishga urinyapti
Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li (M-39)ning Yangiyo‘l tumanidan o‘tgan qismida AGTKS va avtoservis qurilishi deyarli yakuniga yetib qolgan. Ammo mahalliy rahbarlar bu bino-inshootlarni buzishga ko‘rsatma bergan ko‘rinadi. Buzishga uringan maxsus texnika haydovchisi buyruqni ichki ishlar xodimidan olganini aytgan.
Yangiyo‘l tuman hokimining 2019 yil oktyabr oyidagi qaroriga asosan, tumandagi Mirzo Ulug‘bek massividan o‘tgan Toshkent-Termiz (M-39) avtomobil yo‘li yoqasidan 40 sotix yer maydoni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi va texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun «Real Golden Max» MChJga biriktirilib, loyihalashtirishga ruxsat beriladi.
Tadbirkorning aytishicha, bu yer dastlab MChJ ta'sischilaridan birining nomiga «gaz zapravka» qurish uchun ajratilgan. Keyinchalik (2019 yil) tuman hokimining qarori bilan «Real Golden Max» MChJga biriktirib berilgan.
«Bizga ajratilgan hududda hujjatlarga mos ravishda qurilish ishlarini olib boryapmiz. Joriy yil 12 mart kuni kechga yaqin bir guruh shaxslar kelib, o‘zlarini tuman prokuraturasi xodimlari deb tanishtirgan holda, hech qanday hujjat taqdim qilmasdan, o‘zboshimchalik bilan bino-inshootlarni buzishga harakat qilishdi.
Gap shundaki, 2020 yil 6 yanvar kuni tuman prokuraturasi va tuman hokimligi o‘zaro kelishib, yerni bizdan olib qo‘yishdi.
Shundan so‘ng, hokimning qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘rab, ma'muriy sudga ariza kiritdik. Chinoz tuman ma'muriy sudining 2020 yil 12 avgustdagi hal qiluv qarori bilan arizamiz qanoatlantirildi va hokimning yerni olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori to‘liq haqiqiy emas, deb topildi.
Ammo, shunga qaramay, biror bir huquqiy asoslar bo‘lmay turib, yerimizni tortib olish va bino-inshootlarni buzib tashlashga urinishlar davom etmoqda», – deydi MChJ rahbari Rustam Uldanov.
Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Hokimlik bir necha bor buzishga odam yo‘llagan. Hatto kechasi o‘z texnikasi bilan buzishga kelgan haydovchi bilan suhbatlar videoga yozib olingan. Ulardan birida maxsus texnika haydovchisi buzish uchun buyruqni ichki ishlar organi xodimidan olganini aytadi.
Hokim o‘rinbosari: «Hech qanday buzilish bo‘lmagan»
Ayni masala yuzasidan izoh olish maqsadida Yangiyo‘l tuman hokimligiga bordik. Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Majid Qayumov «hokim o‘rinbosarlari yig‘ilishiga ketayotgani sababli» savollarimizga javob bera olmasligini ma'lum qildi. Shunga qaramay, o‘zimizni qiziqtirgan bir nechta savollar berishga ulgurdik.
«Bu obektda hech qanday buzilish ishlari bo‘lmagan. Prokuratura «gaz zapravka» hujjatlarini o‘rganish uchun olgan. Hozirda hujjatlar o‘rganilyapti», degan javob oldik Majid Qayumovdan.
Yig‘ilish, majlis, selektor…
Biz Yangiyo‘l tuman hokimligiga 13 mart kuni bordik. Hokim o‘rinbosari yig‘ilishga ketgani sababli holat bo‘yicha izohni hokimning o‘zidan so‘ramoqchi bo‘ldik. Afsuski, o‘sha kuni hokim yoshlar masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani ma'lum qilindi. «Yig‘ilish» uzoq cho‘zildi, kun kech bo‘lib qolgani sababli hokim qabuliga kira olmadik.
15 mart, dushanba kuni hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Majid Qayumovga qo‘ng‘iroq qilib, to‘liqroq izoh so‘ramoqchi bo‘ldik. Bu gal esa «men selektordaman» degan javobni eshitdik.
Yig‘ilish, majlis, selektor... Qiziq, bu ahvolda hokim va uning o‘rinbosarlari qachon o‘z vazifalarini bajaradi, yoki ularning vazifalari yig‘ilishlarda o‘tirishdan iboratmi?
Hokimlikning haqiqatga mos kelmayotgan izohi
Shundan so‘ng Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Hamza Jumayev yordamida Yangiyo‘l tuman hokimligi bilan bog‘lanishga erishdik.
«REAL GOLDEN MAX» MChJga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorga tegishli hujjatlarda kamchiliklar bo‘lgani uchun qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha bir necha bor ogohlantirish xati berilgan. Biroq tadbirkorga hech qanday to‘sqinlik qilinmagan.
Tadbirkordan hudud hozirda sug‘oriladigan yer maydonida turgani (hozirgi kunda bug‘doy sepilgan) aytilib, hujjatlarni to‘liq qilib qonuniylashtirish so‘ralgan. Yuqoridagilarni inobatga olib, hujjatlari to‘liq yig‘ilgandan so‘ng qo‘shimcha ma'lumot beriladi», – dedi tuman hokimligi mas'ul xodimi.
Hokimlik «gaz zapravka» sug‘oriladigan yerga qurilganini aytyapti. Ammo bu ma'lumot haqiqatga mos kelmaydi. Chunki O‘zbekiston yer tuzish ilmiy-loyihalash instituti Toshkent viloyati bo‘linmasining tadbirkor tomonidan tahririyatga taqdim etilgan xatida tuman hokimining qarori bilan tadbirkorga ajratilgan 40 sotix hudud bo‘z yerlar ekani ko‘rsatilgan.
Og‘zaki buyruqlar qachongacha yozma qonunlardan ustun bo‘ladi?
Mansabdorlar bergan og‘zaki buyruqlarning yozma qonunlardan ustunligi – rivojlanishimizga asosiy g‘ovlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ayniqsa, bu kabi holatlar so‘nggi vaqtlarda mahalliy hokimliklarning tadbirkorlar mulkiga panja solishida avj oldi. Quyida tadbirkor va uning mulkiga nisbatan bunday ibtidoiy munosabat o‘zgarmas ekan, prezident boshlagan islohotlar amalga oshishi dargumon.
Tadbirkorlar va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga mas'ul davlat organlarini masalaga befarq bo‘lmaslikka chaqirib qolamiz.
Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Otaxon Yusupov
Mavzuga oid
16:19 / 24.12.2024
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
13:53 / 28.11.2024
Yangiyo‘lda bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirgan shaxs umrbod ozodlikdan mahrum qilindi
20:35 / 07.11.2024