Jamiyat | 10:40 / 24.02.2021
38231
7 daqiqa o‘qiladi

Egalik huquqini tiklashga to‘siq, ota-bobolardan qolgan uy va oshirilgan soliq stavkasi: Aholini qiynayotgan yana bir muammo

So‘nggi vaqtlarda uy-joy, yer-mulk sohasida yechimini kechiktirib bo‘lmaydigan bir necha muammo yetilib kelmoqda. O‘z vaqtida bartaraf etilsa, juda ko‘plarning noroziligi oldi olinishi mumkin. Allaqachon turli hududlardan bu boradagi murojaatlar yo‘llanmoqda.

Yer-mulk bilan bog‘liq har qanday nizo va muammoli holatda birinchi navbatda egalik huquqi rasmiylashtirilgani — davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani so‘raladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bugun viloyatlardagi istagan tumanda aholining qariyb yarmida o‘zi yashayotgan uyda hali ham egalik huquqi yo‘q.

Hozirgi qonun-qoidalar shunday tuzilganki, oddiy, qishloqda yashovchi fuqaro uchun uy-joyini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, egalik huquqi rasmiylashtirish deyarli imkonsiz ahvolga kelib qoldi.

Sodda qilib tushuntiramiz: deylik, ma'lum fuqaroga uy-joy uchun yeri 1998 yilda tuman hokimining qarori bilan ajratilgan. 2000-2002 yillarda qurib bitkazilgan va yashab kelmoqda. Aholining teng yarmida bo‘lgani kabi unda ham egalik huquqi yo‘q. Endi esa egalik huquqi mavjud bo‘lmagan fuqarolar amaldagi Soliq kodeksining 437-moddasiga ko‘ra uch baravar ko‘p miqdorda yer solig‘i to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. O‘z-o‘zidan fuqaroning endi o‘z uyiga egalik huquqi rasmiylashtirib, mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish harakati tezlashadi.

Hamma muammo mana shu joyda boshlanmoqda, fuqaro o‘zi yashab kelgan uy-joyga egalik huquqini olishida bir qator mantiqqa zid bo‘lgan to‘siqlar mavjud. Shuning uchun ham u endi soliqni katta ehtimol bilan uch baravar to‘lashga majbur.

Birinchi to‘siq shuki, fuqaro yashayotgan uyiga egalik huquqini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilarkan, undan uy-joy loyiha hujjatlari talab qilinadi. Tasavvur qilyapsizmi? Qurib bo‘lingan uy-joy uchun!

Yana bir aniqlab olamiz: Loyiha bu — bino qurilishidan oldin qilinadigan eng dastlabki hujjatlardan biri. DXM qanday qilib 30 yil oldin qurilgan, shuncha yildan beri fuqaro yashab kelayotgan uyning loyihasini so‘rayapti? Chunki qoida shunaqa.

Egalik huquqini tiklash Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qarori asosida amalga oshiriladi. Qarorda esa egalik huquqini tiklash uchun loyiha ham taqdim etilishi belgilab qo‘yilgan. Allaqachon qurib bitkazilgan uyni ro‘yxatga olishga qurilish loyihasining talab etilishi mantiqqa zid bo‘lib turibdi.

Ana shu tarzda fuqaro o‘z uyini hujjatlashtirishda dastlabki qadamni ham qo‘ya olmayapti. Qoidalarki shunday bo‘lgach, fuqaro qanday qilishi kerak? Darvoqe, fuqaroning muammosini his qilib unga yordam bermoqchi mas'ul bo‘lgan soha vakili esa bu holatda o‘z-o‘zidan qoidabuzarga aylanib qoladi.

Qonun-qoidalar mana shu alfozda bo‘lgani holda egalik huquqi bo‘lmagan uylar uchun uch baravar miqdorda soliq solinishi hademay aholining noroziligiga olib kelishi tayin.

Mutasaddilar mazkur holatga tushib qolgan fuqarolarga masalaga yechim topish uchun sudga murojaat etishni maslahat beradi. Ammo aholining 40 foizida bu muammo bo‘lib turganda sud yechim emas. Umuman, nizoli holatlarda sudga murojaat etishni tushunish mumkin. Ammo bu yerda gap qoidalar va tizimning islohotga muhtojligi haqida bormoqda.

Xo‘sh, bu muammodan rahbariyat, soha mas'ullari bexabarmi? Xabardor. Shuning uchun ham 2020 yil 15 oktyabrda davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu muammo ham alohida tilga olingandi. Mazkur yig‘ilishda davlat rahbari mutasaddilarga «2021 yilning 1 martiga qadar egalik huquqi rasmiylashtirilmagan ko‘chmas mulk obektlari muammolarini hal etish choralarini ko‘rsin», deb aniq vazifa qo‘ygan. 1 martga ham bir necha kun qoldi. Afsuski, hali ham muammo muammoligicha turibdi. Agar yaqin kunlarda bu bo‘yicha aniq chora-tadbirlar e'lon qilinsa, ayni muddao.

Ammo mazkur yig‘ilish bayonida aytilgan muammoni bartaraf etish uchun tegishli qonunchilikka ham o‘zgartirishlar kiritish kerak-da. Chunki egalik huquqi berish tartibini mahalliy hokimliklar yoki tegishli idoralar mustaqil emas, aynan hukumat darajasida, aniq tizim asosida amalga oshirishi talab etiladi.

Sodda qilib aytganda, egalik huquqini tiklash uchun uy egasidan birgina loyiha so‘ralishi shuncha muammoni keltirib chiqarmoqda. Holbuki, loyiha endi quriladigan uylar uchun kerak. Yechim esa aslida ancha oddiy — uy-joyga egalik huquqini tiklashda bu amaliyot isloh qilinishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining biz nazarda tutgan 370-sonli qarori 2018 yilda qabul qilingan va egalik huquqi olish uchun loyiha so‘rash amaliyoti shu yildan boshlandi. Endi ana shu qaror asosida undan oldin qurilgan uylar uchun ham loyiha so‘ralmoqda. Axir, fuqarolar bu qaror chiqishini undan oldingi o‘n yillar davomida bilmagan-ku?! Demak, uy-joylarga egalik huquqi berishda 2018 yilgacha qurilgan uylardan loyiha so‘rash mantiqqa zid.

Yoxud soha mutaxassislari muammodan kelib chiqib o‘z takliflarini bildirishlari shart. Darvoqe, davlat rahbari yuqorida aytilganidek, bu bo‘yicha muddat ham belgilab bergan.

Yana bir masala. Uy-joylarga egalik huquqini olishdagi muammo faqatgina bu bilan tugamaydi. Aksariyat fuqarolar ota-bobosidan qolgan kattaroq hajmdagi, deylik, 15-20 sotix maydondagi uy-joylarda yashab keladi. Ularning ham aksariyatida egalik huquqi yo‘q. Ana endi, egalik huquqi bo‘lmagan yerlar uchun soliq stavkasi uch baravar bo‘lgach, ular ham bu hujjatni rasmiylashtirishlari kerak. Bunday vaziyatda, qoidaga ko‘ra, yer ajratish qarorini topib kelish kerak. To‘g‘ri, sobiq SSSR davridagi kolxoz qarorlari ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos hisoblanadi. Muammo va fuqarolar uchun mushkullik shundaki, o‘tgan asrning ikkinchi yarmiga oid bu kabi hujjatlarni topish deyarli imkonsiz ish.

Shunday bo‘lgach, bu toifadagi fuqarolar ham o‘z uy-joylarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Demak, bu bo‘yicha ham qonunchilik islohotga muhtoj.

Hal etish mumkin bo‘lgan bu muammolar aholimizning qariyb yarmini erta yoki indin bezovta qiladi. Eng qizig‘i, soha mutasaddilari ham buning yechimi oson ekanidan xabardor. Ammo, hozircha mas'ullar tartibni o‘zgartirish shart ekanini aytib tashabbus ko‘rsatishdan o‘zlarini tortmoqdalar.

Muammo esa kun sayin bo‘y cho‘zib bormoqda.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri. 

Mavzuga oid