O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 1,6 milliard dollarlik hujjatlar to‘plami imzolandi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi arafasida Bishkekda o‘tkazilgan forumda 1,6 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi 50 dan ortiq hujjatlar imzolandi. Jumladan 300 mln dollarlik investitsiya kelishuvlari va 1,3 mlrd dollarlik savdo shartnomalari.
26 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi arafasida Bishkek shahrida «Qirg‘iziston – O‘zbekiston» biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi xabariga ko‘ra, unda ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy ma’muriyatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forum ochilishida chiqish qilgan spikerlar ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yillikda 7 barobarga oshib, 2022 yilda 1,2 milliard dollarni tashkil etganini qayd etishgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotlari yaqin kelajakda 2 milliard dollarlik marradan oshish uchun yetarli salohiyatga egaligi ma’lum qilindi. Bunga, boshqa choralar bilan bir qatorda, sement, ko‘mir, rangli metalllar, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlari, kimyoviy o‘g‘itlar, maishiy va savdo uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish evaziga erishish mumkinligi ta’kidlandi.
«Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berildi. 2016 yilga nisbatan qo‘shma korxonalar soni 8 barobarga oshib, 320 taga yetdi. Avtomobil va tijorat texnika vositalarini ishlab chiqarish, qo‘shma to‘qimachilik korxonalarini ishga tushirish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishildi», deyiladi vazirlik xabarida.
Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirishi tamoyili asosida temir, kaolin, travertin, bazalt konlarini o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham har ikki iqtisodiyotning raqobatdosh ustunliklaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bunda intensiv bog‘lar va zamonaviy issiqxonalarni rivojlantirish, birgalikda kartoshka, makkajo‘xori va go‘sht yetishtirish, qo‘shma chorvachilik komplekslarini yaratish nazarda tutilmoqda.
Forum davomida hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor berildi. O‘zbekistonning chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari kengashi tashkil etilishi, shuningdek, Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida qardoshlik munosabatlari o‘rnatilgani tufayli keyingi 3 yil ichida bu hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshgan. O‘zaro ishbilarmonlik missiyalari, ko‘rgazma va forumlar o‘tkazish, ikki mamlakat hududlarining turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
O‘tgan yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tarixiy uch tomonlama bitim imzolangani ta’kidlandi. Mazkur strategik loyiha ro‘yobga chiqarilishini faollashtirish transport va logistika sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida tilga olindi. Bu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida an’anaviy tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va yuk tashish hajmlarini oshirish imkonini beradi.
Tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat tadbirkorlarining doimiy hamkorligi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Uning yordamida ishbilarmon doiralar vakillari savdo shartnomalarini tuzishlari, tayyor sanoat kooperatsiyasi loyihalari va biznes hamkorlar tanlashlari mumkin bo‘ladi.
Forum yakunlari bo‘yicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 50 dan ortiq muhim kelishuvlar imzolandi.
Asosiy hujjatlar:
- Agrosanoat kompleksi sohasida hamkorlik bo‘yicha ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirlari tomonidan imzolangan Yo‘l xaritasi»;
- Jalolobod viloyatida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
- Teri ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, Norin viloyatida kartoshka yetishtirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sinfini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv;
- Kartoshka yetishtirish bo‘yicha agrosinf va chorvachilik kompleksini yaratish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
- «Qirg‘iziston Respublikasida karbid va kalsiy ishlab chiqarish majmuasini qurish» investitsiya loyihasi doirasida qo‘shma hamkorlik to‘g‘risidagi bitim. Shartnoma summasi 20 million dollarni tashkil etadi;
- Qirg‘iziston Respublikasining makkajo‘xori donini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha kelishuv. Shartnoma summasi 100 million dollarni tashkil etadi;
- Qirg‘iziston Respublikasida elektr energiyasini hisobga olish va qurilmalarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi;
- Bazalt toshini qayta ishlash zavodini ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum;
- O‘zbekiston kompaniyalari mahsulotlarini Qirg‘iziston Respublikasida sotish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
- Qirg‘izistondan O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma.
300,3 mln dollarlik investitsiya shartnomalari, 1,15 mlrd dollarlik eksport shartnomalari va 223 mln dollarlik import shartnomalari imzolangan.
Mavzuga oid
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
21:34 / 05.11.2024
Qirg‘izistonlik ayollar 10 nafargacha farzand ko‘rishga chaqirildi
19:40 / 05.11.2024
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi 3 ta chegara bojxona postlarida transport harakati vaqtincha to‘xtatiladi
18:09 / 05.11.2024