Mbappe guruh bosqichining qolgan o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi. Bu Fransiyaga muammo tug‘diradimi?
Fransuz hujumchisining jarohati haqida hozirgacha nimalar ma’lum?
Kilian Mbappe faoliyatidagi ikkinchi Yevropa chempionatiga tashrif buyurdi, ammo fransuz forvardi hozircha ushbu turnirda o‘zini ko‘rsata olmayapti. Jahon chempionatlarida 14 o‘yinda 12 gol urganiga qaramay, Kilian qit’a birinchiligida hali birorta gol ura olmagan. Bu safargi Yevro ham Mbappe uchun ko‘ngildagidek boshlanmadi: u Avstriya bilan o‘yinda yaxshi ishtirok etdi (1:0) va o‘yindagi yagona gol uning uzatmasidan keyin urildi, ammo uning o‘zi yana gol urolmadi. Qolaversa, o‘yin oxirida yoqimsiz tarzda jarohat oldi — uning burni sindi. Endi uning turnirdagi ishtiroki savol ostida qolmoqda.
Kilian 89-daqiqada raqib jarima maydoni ichida ikkinchi qavatdagi to‘p uchun kurash vaqtida jarohatlandi: u burchakdan uzatilgan to‘pga zarba berishga uringanida himoyachi Kevin Danso bilan to‘qnashdi. Baxtsiz tasodif — bu vaziyatda avstriyalik futbolchi fol ishlatmagan, hujumchining o‘zi yuzi bilan uning yelkasiga borib urilgandi. Uning burni singanini darhol payqash mumkin edi: Mbappening burni pachoq bo‘lgan va undan qon oqa boshlagandi. 90-daqiqada uning o‘rniga Olive Jiru maydonga tushirildi.
Fransuz futbolchisi darhol Dyusseldorfdagi shifoxonaga olib ketilgan. Endi Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Dide Deshamning turnir uchun rejalari o‘zgarib ketishi mumkin. Mbappe o‘yinlarda maxsus himoya niqobi taqqan holda o‘ynashga tayyorligi ham aytilmoqda. Fransuzlarning RMC Sport nashriga ko‘ra, u Niderlandiyaga qarshi ikki kun o‘tib o‘tkaziladigan o‘yinni, shuningdek, agar «uchranglilar» ikkinchi turdan keyin pley-off yo‘llanmasini hal qilishsa, guruh bosqichida Polshaga qarshi kechadigan oxirgi turni ham o‘tkazib yuboradi. «Real» hujumchisi 1/8 finalda maydonga qaytishi mumkin.
«Yaqin kunlar ichida u shoshilinch jarrohlik amaliyotisiz davolanish kursini o‘taydi. Fransiya milliy jamoasining 10-raqami egasi davolanishga ketadigan ma’lum davrdan keyin maydonga qaytishi uchun maxsus niqob tayyorlanadi», — deyilgan Fransiya futbol federatsiyasi tarqatgan press-relizda.
Hozircha Kilian bunday jarohat bilan hatto himoya niqobida ham qanday o‘ynashi haqida aniq gap aytib bo‘lmaydi. Sinish jarohati o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi — shish tufayli uning nafas olishi qiyinlashadi.
«Bunday holatlarda himoya niqobi bilan o‘ynash mumkin. Ammo burun atrofidagi shish nafas olishni qiyinlashtirishini ham hisobga olish kerak. Yuqori darajadagi sportchilar og‘iz bilan ham, burun bilan ham nafas olishadi. Sinish holatida shilliq qavatlarda suv to‘planib, nafas olishni qiyinlashtiradi. Shish 10-15 kunda yo‘qolishi mumkin, uyog‘i futbolchining shaxsiy qaroriga bog‘liq. U tavakkalchilik qilishi va shishni kortikosteroidlar bilan kamaytirishi ham mumkin, ammo bu futbolchining ko‘rsatkichlariga ta’sir qilishi aniq», deb hisoblaydi plastik jarroh Mishel Benoylid.
Le Figaro ma’lumotiga ko‘ra, vaziyat kutilganidan jiddiyroq. Xabar qilishlaricha, Mbappe 15 kungacha o‘ynay olmaydi, bu esa u Yevro-2024 guruh bosqichini to‘liq o‘tkazib yuborishini anglatadi. Katta ehtimol bilan, bu milliy jamoa uchun u qadar katta muammo tug‘dirmaydi — «Uchranglilar» tarkibi shundayki, ular Kiliansiz ham pley-offga chiqishi shart. Ammo hal qiluvchi o‘yinlar uchun jamoa yetakchisi yaxshi formada bo‘lishi talab etiladi.
Mbappe ko‘nglini tushirmayapti va tvitterdagi folloverlaridan o‘ziga qanday niqobni tavsiya qilishlarini so‘rashdi. «Real» matbuot xizmati esa bu tvitga javoban Kilian «Cherepashki-Nindzya toshbaqalar» multfilmidagi Mikelanjyeloning fotosini jo‘natdi.
Fransuzlar Yevro-2024 guruh bosqichida 21 iyun kuni Niderlandiya, 25 iyun kuni Polsha bilan o‘ynaydi. Kilian o‘rniga asosiy tarkibda, katta ehtimol bilan jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar Olive Jiru (57 gol) o‘ynaydi. Mbappe tez orada uni bu borada quvib o‘tishi mumkin, ayniqsa Yevroda ham gol ura boshlasa — u hozircha milliy jamoa safida 47 golga mualliflik qilgan.
Mavzuga oid
14:26 / 17.10.2024
Mbappe jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda
10:26 / 02.09.2024
Mbappe «Real»da ilk gollarini urdi, «Liverpul» «MYu»ni yakson etdi
10:24 / 30.08.2024
«Real» mavsum startida ikkinchi bor ochko yo‘qotdi
21:05 / 26.07.2024