00:12 / 15.08.2021
57574

Mozori-Sharif ham “Tolibon” qo‘liga o‘tdi

“Tolibon” harakati 14 avgust kuni Termizdan 58 km janubdagi Mozori-Sharif shahrini egalladi. Afg‘oniston shimoli amalda to‘liq toliblar nazoratiga o‘tdi.

Termiz yaqinidagi Hayraton ko‘prigi

Balx viloyati markazi Mozori-Sharif shahri nazorati yo‘qotilganini hukumat rasmiylari ham tasdiqlagan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Afg‘oniston armiyasining bir guruh kuchlari Amudaryo ustidan o‘tuvchi, Termiz shahri yaqinidagi Hayraton ko‘prigida O‘zbekistonga kirish ilinjida to‘plangani haqida xabarlar bor.

Endilikda mamlakatdagi yirik shaharlardan faqatgina poytaxt Kobul rasmiy hukumat qo‘lida qolmoqda.

Washington Post xabariga ko‘ra, AQSh o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishni to‘liq yakunlamagunga qadar “Tolibon”dan Kobulga hujum qilmaslikni so‘ragan. Yakshanba kuniga qadar 3 ming nafar amerika askari evakuatsiya jarayoni xavfsizligini ta'minlash uchun Kobulga yetib kelishi rejalashtirilgan.

CNN'ning qayd etishicha, so‘nggi 10 kunda 34ta viloyat markazining 20ga yaqini toliblar nazoratiga o‘tdi.

“Al-Arabiya” telekanali toliblar Mozori-Sharifni amalda jangsiz qo‘lga kiritganini xabar qildi. Boshqa hududlarda bo‘lgani kabi hukumat qo‘shinlari o‘z pozitsiyalari va ma'lum miqdordagi qurollarini tashlab ketishgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top