O‘zbekiston | 21:13 / 27.01.2021
5557
4 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda 500 mingdan ortiq yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish vazifasi qo‘yildi

Yoshlarni kasbga o‘rgatish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 93 mln dollar, Jahon bankidan 8 mln dollar kredit olinadi. BMTning 3 mln dollarlik granti ham yoshlarni o‘qitish va bandligini ta'minlashga sarflanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni yoshlar bandligi mavzusida selektor o‘tkazdi.

«2021 yilda 500 ming nafar yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish zarur. Respublika ishchi guruhi oldiga qo‘yilgan muammolarning 60 foizi tadbirkorlik faoliyati va kasb-hunarga o‘qitish bilan bog‘liq.

Misol uchun, G‘uzor tumani Pachkamar mahallasida istiqomat qiluvchi Adham Qurbonov (25 yosh) idish yuvish vositasi (gel) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, 15 nafar tengdoshini doimiy ish bilan ta'minlash istagini bildirgan.

Yoki, Ishtixon tumani Beshkapa mahallasida yashovchi Xayriniso Sulaymonova (21 yosh) tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan sex ochib, 10 nafar yosh xotin-qizlarni doimiy daromad bilan ta'minlamoqchi.

Mana qanday yoshlarimiz bor», – deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbariga ko‘ra, o‘tgan yili o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha 300ga yaqin davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlari reyestri shakllantirilgan. Lekin bu juda kam.

«Ayniqsa Xorazmda atigi 5ta, Qoraqalpog‘istonda 6ta, Jizzaxda 7ta, Samarqandda 9 ta nodavlat ta'lim tashkiloti reyestrga kiritilgan bo‘lib, deyarli barchasi viloyat markazida joylashgan.

Shu bois viloyat hokimlari Adham Ikramov, Nozim Husanov va Alisher Sa'dullayev bilan birga, bir oy muddatda aholisi 150 mingdan 200 minggacha bo‘lgan 46 ta tumanda kamida 3 tadan, aholisi undan ko‘p 64 ta tumanda esa kamida 5 tadan ana shunday o‘quv kurslarini tashkil etadi.

Bunda, Bozorov – 60 ta, J.O‘roqov (Samarqand viloyat hokimining 1-o‘rinbosari) Abdurahmonov, Z.Mirzayev, Abdurazzoqov – 50 tadan, Bobolov, Xolmatov – 35 tadan, Ortiqxo‘jayev – 30 ta, Zaripov, Ermanov – 25 tadan, Kamalov, Soliyev – 20 tadan, Tursunov – 8 ta o‘quv kurslarini tashkil etishga shaxsan mas'ul bo‘ladi.

Shuningdek, viloyat hokimlari qolgan 96 ta tuman va shaharda ehtiyojdan kelib chiqib, ta'lim tashkilotlari bilan birga an'anaviy yoki masofaviy o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yishi zarur», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanovga «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi bilan birga, ikki oyda talab yuqori bo‘lgan 15 ta kasb-hunar o‘rgatadigan onlayn platformani ishga tushirib, 2021 yilda kamida 20 ming nafar yoshlarni o‘qitish topshirildi.

Bu maqsadlar uchun esa jamg‘armaga 20 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

«Nozim Xusanov viloyat hokimlari bilan birga, 2021 yilda 70 ming nafar yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 40 ta kasb-hunarga o‘qitadi.

Bu ishlarni tashkil etish uchun Nozim Xusanov va Shuhrat Vafoyev 1 martga qadar Osiyo taraqqiyot bankining 93 million dollar kreditini jalb etib, mablag‘larni o‘zlashtirishni boshlasin», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, 2021 yilda shu maqsadlar yo‘lida Jahon bankining 8 million dollar krediti hamda BMT Taraqqiyot dasturi doirasida 3 million dollarlik grantlarni yoshlarni o‘qitish va bandligini ta'minlashga yo‘naltirish zarur.

Mavzuga oid